Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Forish tumanining “Osmonsoy” mahalla fuqarolar yig‘inida “mahalla yettiligi” a’zolari tomonidan aholi bandligini ta’minlash va mavjud muammolarni o‘rganish maqsadida xonadonlarga tashrif buyurildi.
Tadbir davomida fuqarolarga oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish, tomorqadan samarali foydalanish, chorvachilik va parrandachilikni rivojlantirish bo‘yicha tushuntirishlar berildi. Shuningdek, ushbu yo‘nalishlardagi imtiyoz va yaratilgan shart-sharoitlar haqida ham ma’lumot taqdim etildi.

O‘rganishlar jarayonida aholining yashash sharoiti va kundalik turmushdagi qiyinchiliklari aniqlanib, ularni manzilli hal etish chora-tadbirlari belgilandi.
***
Zomin tumanining “Qayirma” mahalla fuqarolar yig‘inida Adliya vazirligiga qarashli tashkilotlar va boshqa mutasaddi idoralar ishtirokida sayyor qabul o‘tkazildi.

Qabulda Jizzax viloyati adliya boshqarmasi, tuman adliya bo‘limi, tuman davlat xizmatlari markazi, “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti, shuningdek, tuman elektr ta’minoti korxonasi, gaz ta’minoti bo‘limi, tibbiyot birlashmasi, FHDYO bo‘limi, kadastr agentligining tuman bo‘limi va ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etishdi.

Mahalla aholisi tomonidan bildirilgan murojaatlar o‘rganilib, ayrimlari joyida hal etildi. Qolgan murojaatlar bo‘yicha mutasaddilarga ularning ijrosi yuzasidan topshiriqlar berildi.
***
Paxtakor tumanida “Paxta–2025” mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida tuman rahbarlari tomonidan fermer xo‘jaliklari bilan uchrashuvlar tashkil etildi.

Uchrashuvlarda terim mavsumini to‘g‘ri tashkil etish, mehnat qoidalari va xavfsizlik talablariga amal qilish, shuningdek, belgilangan muddatlarda hosilni yig‘ib olish bo‘yicha tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borildi.

Fermerlar tomonidan bildirilgan muammo va takliflar eshitilib, ularni bartaraf etish yuzasidan tegishli choralar ko‘rildi. Mavsumni uyushqoqlik bilan o‘tkazish uchun barcha sektor rahbarlari va mutasaddi tashkilotlar safarbar etilmoqda.
***
Mirzacho‘l tumanida Jizzax viloyati hokimligi va viloyat prokuraturasi hamkorligida qishloq xo‘jaligi sohasiga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi.


Seminar davomida paxta xomashyosini yetishtirish xarajatlarini muqobil manbalar hisobidan moliyalashtirish, fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va raqamlashtirish, g‘o‘za defoliatsiyasi tadbirlarini samarali tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, yuqori unumli qishloq xo‘jaligi texnikalaridan foydalanish, hokimlik va qishloq xo‘jaligi sub’ektlarining ijro intizomi yuzasidan ham fikr almashildi.
***
Zafarobod tumanidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti xalq qabulxonasida navbatdagi sayyor qabul bo‘lib o‘tdi.

Qabulda tumandagi korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlari ishtirok etdi. Aholi tomonidan ish bilan ta’minlash, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, elektr ta’minotini yaxshilash, soliq qarzdorliklarini bartaraf etish kabi qator masalalar yuzasidan murojaatlar qilindi.
Ba’zi murojaatlar joyida hal etildi. Qolganlari esa tegishli mutasaddilarga yuborilib, ijrosi nazoratga olindi.
A. Qayumov, O‘zA muxbiri