Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Do‘stlik tumanida aholi uchun qulay infratuzilmani yaratish, shahar ko‘chalarini zamonaviy va xavfsiz holatga keltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buni shahar markazini “Mevazor” mahallasi bilan bog‘lovchi asosiy transport yo‘li Do‘stlik ko‘chasida olib borilayotgan obodonlashtirish ishlari misolida ham ko‘rish mumkin.
Hozirda ushbu ko‘chaning qariyb 2 kilometrga yaqin qismida asfaltlash ishlari amalga oshirildi. Loyihaga muvofiq, ko‘cha to‘liq 24 soat harakat uchun mo‘ljallangan zamonaviy yo‘lga aylantiriladi. Barcha xizmat ko‘rsatish ob’ektlari 24 soat faoliyat yuritadi. Bu esa shaharning boshqa mahallalari bilan bog‘lanishni yengillashtirish, fuqarolar va avtotransport oqimi harakatini erkinlashtirishda, aholiga har damda xizmat ko‘rsatishda muhim ahamiyat kasb etadi.


***
Zarbdor tumanida “Yo‘l-transport hodisasi va huquqbuzarliklardan xoli hudud” maxsus profilaktik reyd tadbirlari o‘tkazildi. Qo‘pol turdagi qoidabuzarliklar sonini kamaytirish, yo‘l-transport hodisalari, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan reydlar davomida 3 nafar haydovchi mast holda, 36 nafari hujjatsiz avtomobil boshqarayotgani aniqlandi.
Mazkur jarayonda 16 kishidan o‘tkir tig‘li jismlar hujjatlashtirib olingan bo‘lsa, mast holdagi 7 kishi tibbiyot muassasalariga joylashtirildi. Ko‘cha-kuyda bemaqsad yurgan va ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan 81 kishining shaxsiga aniqlik kiritilib, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarining tungi vaqtda qo‘riqlanishi ham o‘rganildi. Shu kuni IIO probatsiya guruhi nazoratida jazo o‘tayotgan shaxslarning belgilangan cheklovlarga amal qilishlari ham tekshirildi.


***
Yangiobod tumani oila va xotin-qizlar bo‘limi hamda xotin-qizlar faollari tomonidan mahallalarda “Dolzarb 90 kun” doirasida “Davraga kel dugonajon” shiori ostida davra suhbati tashkil etildi.
Suhbat jarayonida yurtimizda qizlar uchun barcha sohalarda yaratilayotgan sharoitlar, imkoniyatlar va imtiyozlar haqida, ta’lim, sport, ijodkorlik, zamonaviy kasblarning kirib kelayotgani, innovatsion g‘oyalar, qizlarni oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga jalb etish, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan xotin-qizlarni oliy ta’lim muassasalariga kirishi uchun beriladigan tavsiyanomalar, shuningdek, oila qurishga, ya’ni kelinlikka tayyorlash haqida ham so‘z bordi.


***
Yoz mavsumida suvga cho‘kish bilan bog‘liq noxush holatlarning oldini olish maqsadida Jizzax viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va uning quyi tizimi xodimlari tomonidan profilaktik tadbirlar muntazam ravishda tashkil etilmoqda.
Jumladan, Sharof Rashidov, Mirzacho‘l, Do‘stlik va Paxtakor tuman bo‘limlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan profilaktik tadbirlar davomida aholi, ayniqsa yoshlar va bolalarga ochiq suv havzalarida cho‘milish uchun ruxsat berilgan va berilmagan joylar o‘rtasidagi farq, suvda harakatlanishdagi xavfsizlik qoidalari hamda nazoratsiz hududlarda cho‘milishning oqibatlari to‘g‘risida atroflicha tushuntirishlar berildi. Shu bilan birga, cho‘milish taqiqlangan joylarda ogohlantiruvchi belgilar o‘rnatildi. Shuningdek, suvda noxush holatlar yuzaga kelganida qanday harakat qilish lozimligi haqida amaliy tavsiyalar ham berildi.


***
Bosh prokuror o‘rinbosari S.Samadov tomonidan Jizzax viloyatida qurilish sohasidagi davlat dasturlari, seysmik xavfsizligini ta’minlash hamda boshqa dolzarb topshiriqlar ijrosi o‘rganilmoqda.
Jumladan, mas’ullar Zomin, Baxmal, G‘allaorol va Forish tumanlarida joylashgan qurilish ob’ektlarida bo‘lib, pudrat tashkiloti tomonidan bajarilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlari ko‘zdan kechirilib, kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi.

Bundan tashqari, ob’ektlardagi tashqi obodonlashtirish ishlarini tezlashtirish va ob’ektdagi ishchilar sonini ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilib, ijrosi nazoratga olindi.
Shuningdek, hududlarda ko‘p qavatli uylarni zilzila bardoshligini o‘rganish va aholining seysmik xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan va oldinda bajarilishi lozim bo‘lgan muhim vazifalar belgilab berildi.

A.Qayumov, O‘zA muxbiri