Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Jizzaxda viloyat prokuraturasi tomonidan davlatimiz rahbarining joriy yil 4 apreldagi “Yoqilg‘i-energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish va behuda sarflanishining oldini olish hamda energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorining ijrosi muntazam ravishda nazorat qilib borilmoqda.
Jizzax shahar prokurori M.Mamatov shahar elektr ta’minoti korxonasi mac’ullari bilan birgalikda “Jizzax” va “Markaz” nimstansiyalarini joyiga chiqqan holda o‘rgandi. Shahar elektr ta’minoti korxonasining mas’ullariga idoralararo ishchi guruhining vazifalari, energiya balansini ishlab chiqish, ko‘rsatkichlarni bajarish, energiya resurslarini tejash dasturlari ijrosini ta’minlash, energiya samaradorligini oshirish, resurslardan noqonuniy foydalanish holatlarini fosh etish hamda iqtisod qilish bo‘yicha ishlarni yanada kuchaytirish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
***
Jizzax viloyat adliya boshqarmasi tomonidan Do‘stlik tumanining mahalla fuqarolar yig‘inlarida belgilangan jadval asosida huquqiy targ‘ibot tadbirlari muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
Tumanning “Navruz” MFYdagi huquqiy targ‘ibot tadbirida Prezidentimizning joriy yil 3 yanvardagi “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining mazmun-mohiyati “mahalla yettiligi” va ishtirokchilarga hamda maktab o‘quvchilariga tushuntirildi.
Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar va jinoyatchilikning oldini olish, ularning oqibatlari hamda qilmish uchun jazoning muqarrarligi o‘quvchilarga tushuntirilib, infografikalar tarqatildi.
Bundan tashqari, ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan fuqarolar qonunchilikda belgilangan imtiyozlardan xabardor qilindi. Shu bilan bir qatorda tadbir ishtirokchilariga energiya tejamkorligi va ulardan foydalanish samaradorligi hamda imtiyozlar haqida ma’lumotlar berildi.
***
Jizzax shahridagi Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Jizzax viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda seminar-trening tashkil etildi.
Mazkur tadbir “Namunali professional ta’lim muassasasi” va “Namunali oliy ta’lim muassasasi” loyihalari doirasida o‘tkazilib, unda viloyatdagi oliy va professional ta’lim muassasalari direktorlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari ishtirok etdi.
Seminar davomida ta’lim muassasalarida ma’naviyat sektorini tashkil etish, ushbu yo‘nalishdagi ishlarni samarali yo‘lga qo‘yish, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish bo‘yicha tajriba almashildi va kelgusidagi rejalar belgilab olindi.
***
Baxmal tumanida bahor oylarida bog‘ va tok qator oralaridan samarali foydalanishni tashkil etish mavzusida amaliy seminar uyushtirildi.
Qishloq xo‘jaligi xodimlari va fermerlar ishtirok etgan ushbu tadbir tumandagi “Tongotar” SIU hududidagi “To‘lqin Ziyodulllayev” bog‘dorchilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaligida tashkil etildi.
Unda bog‘ va tok qator oralariga dukkakli va boshqa turdagi ekinlarni ekish, ushbu ekin maydonlarida amalga oshirilishi talab etilgan agrotexnik tadbirlar hamda tomchilatib sug‘orish tizimini joriy etish kabi masalalar yuzasidan ishtirokchilarga atroflicha tushuncha va tavsiyalar berildi. Jarayonlar amaliyotda namoyish etildi.
Tadbir so‘nggida seminar qatnashchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javoblar oldi.
[gallery-22735]
***
Arnasoyda “Ayollar –milliy qadriyatlar davomchisi” tanlovining tuman bosqichi o‘tkazildi. Xalq demokratik partiyasi tuman kengashi, oila va xotin-qizlar, madaniyat va yoshlar ishlari bo‘limlari hamda “Oqila ayollar” harakati hamkorligida tashkil etilgan tadbirda milliy qadriyatlarni yosh avlodga singdirishda xotin-qizlar rolini oshirish, islohotlar mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish, shukronalik kayfiyatini ko‘tarish, umuminsoniy qadriyatlarni targ‘ib qilish maqsad qilindi.
Tanlovning tuman bosqichiga chiqqan 8 ta mahalla jamoasi 3 ta shart asosida bellashdi. Bunda Vatanga muhabbat, onaning millat tarbiyasidagi o‘rni, marosim, urf-odat va xalq o‘yinlari mavzulariga asosiy e’tibor qaratildi. Unda mahallalardan tashrif buyurgan turli millat vakillari tomonidan milliy qadriyatlar tarannum etildi.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri