Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Yangiobod tumanidagi “Balandchaqir dehqon bozori” MCHJ tomonidan “Daladan dasturxongacha” tamoyili asosida chekka qishloq va mahallalarda arzonlashtirilgan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkalari tashkil etilmoqda.
Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan va Ramazon hayiti oldidan Qo‘shqand va Uchturgon qishloqlarida tashkil etilgan ko‘chma savdo yarmarkasida ham kundalik zarur oziq-ovqat mahsulotlari aholiga maqbul narxlarda yetkazib berildi.
Aholining bayram dasturxoni to‘kin bo‘lishini ta’minlash, narx-navo keskin oshib ketishining oldini olish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida tashkil etilayotgan ushbu ko‘chma yarmarkalarda sifatli va sarxil mevalar, sabzavot va poliz, shuningdek, tuxum, go‘sht, un kabi ko‘plab turdagi oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari xaridorlarga taqdim etilmoqda.
***
“Og‘ir hudud” deya e’tirof etilgan Arnasoy tumanidagi Bobur mahallasida o‘tkazilgan sayyor qabulda O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi vakili Sardor Begmatov, Jizzax viloyat statistika boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari G‘ulom Tangriyev, tuman hokimligi, tumandagi Xalq qabulxonasi mudiri, “mahalla yettiligi”hamda tegishli tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Unda aholi tomonidan 19 dan ortiq oqar suv ta’minoti, soliq, kredit, kadastr, sog‘ligini tiklash uchun moddiy yordam, ish bilan ta’minlash bo‘yicha murojaatlar bo‘ldi. Ana shu murojaatlarning 4 tasiga huquqiy tushuntirishlar berildi, 3 tasi shu yerning o‘zida ijobiy hal qilindi.Qolgan murojaatlar yechimi vaqt talab etgani bois, tegishli soha vakillari zimmasiga yuklatildi. Masalalarni ijobiy hal etish bo‘yicha aniq topshiriqlar berilib, ijrosi nazoratiga olindi.
***
Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 10 martdagi “Davlat qo‘riqxonalari va milliy tabiat bog‘i hududlarini kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Forish tumanidagi “Nurota” davlat qo‘riqxonasining hududi kengaytirilishi ma’lum bo‘ldi.
Qarorga ko‘ra, qo‘riqxona hududi Forish tumanidagi zaxira yerlari hisobidan 1173,1 gektar, Forish davlat o‘rmon xo‘jaligidan 270 gektar, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasiga tegishli Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumani Pangat hududidan 1657,41 gektar, Poyariq tumani hududidan 4265,97 gektar yerlar hisobiga kengaytirilib, umumiy yer maydoni salkam 22 ming 18 gektarga yetkazilishi belgilandi.
Shuningdek, davlat qo‘riqxonasining asosiy maydoniga tutash 17145 gektardan ortiq yer maydoni qo‘riqlanadigan zonalar etib belgilandi. Bu sa’y- harakatlarning barchasi hududdagi mavjud noyob turdagi o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
***
Zomin tuman prokuraturasi tashabbusi bilan tumandagi “sariq” toifadagi Ulug‘bek mahallasida tuman IIB, Milliy gvardiya va boshqa tegishli tashkilotlar ishtirokida Prezidentimizning “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan sodir etilgan jinoyatlarning kelib chiqish sabablari va unga imkon bergan shart-sharoitlar, kriminogen vaziyatga ta’sir qilayotgan omillar atroflicha o‘rganilib, kelgusida mahalla hududida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va manzilli profilaktika ishlarini yo‘lga qo‘yish borasida aniq ko‘rsatma va takliflar berildi.
Shuningdek, tadbir davomida mahallada davlatimiz rahbarining 2023 yil 24 maydagi “Yoqilg‘i-energetika sohasida davlat nazorati mexanizmlarini takomillashtirish va “raqamli energonazorat” tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash yuzasidan ham energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlarini fosh etishda hamkorlikdagi ishlarni jadallashtirib, reyd tadbirlari samaradorligini oshirish borasida tegishli ko‘rsatmalar berildi.
***
Zafarobod tumanida Jizzax viloyat hokimligi, viloyat prokuraturasi va viloyat IIB tomonidan yig‘ilish o‘tkazildi. Majlisda qishloq xo‘jaligi, yer resurlari bilan bog‘liq qonunbuzarliklar va mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasidagi ishlar tahlil qilindi.
Yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklar aniq misollarda ko‘rsatilib, yerdan maqsadli foydalanish zarurligi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, davlatimiz rahbarining joriy yil 3 yanvardagi “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar ham muhokama qilinib, “Yo‘l xarita”sida belgilangan vazifalar o‘z muddatida sifatli ijro etilishini ta’minlash zarurligi qayd etildi.
***
Jizzax viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari Navro‘z umumxalq bayrami va Ramazon hayiti arafasida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, ularga tenglashtirilgan kishilar va mehnat fronti faxriylari holidan xabar oldi.
Viloyat FVB rahbariyati Jizzax vohasida istiqomat qiluvchi 3 nafar 2- jahon urushi mehnat fronti faxriysi xonadonlarida bo‘lib, ular bilan dildan suhbat o‘tkazdi. Ushbu uchrashuvlar davomida faxriylarning ehtiyoj va takliflari o‘rganildi, ularga esdalik sovg‘alari va oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi.
[gallery-22418]
A.Qayumov, O‘zA muxbiri