Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Forish tumanining eng uzoq va chekka “Ilonli” mahalla fuqarolar yig‘inida pillachilikni rivojlantirish, shu hisobidan aholi bandligini ta’minlash borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Shuning uchun ham “Ilonli”da pillachilik sohasining asosiy ozuqa bazasi bo‘lgan tutchilikni rivojlantirishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.
Ayni kunlarda mahalla aholisi tomorqalari chetiga, ariq bo‘ylariga ekish va tut plantatsiyalari yaratish maqsadida aholiga tut ko‘chatlari tarqatilmoqda. Bu bilan uzoq masofadan pilla qurti uchun tut bargi tashishga chek qo‘yilib, ipak qurtlari ozuqasi tez va sifatli tarzda yetkazib berilishi ta’minlanadi.
***
G‘allaorol tumanining mahalla fuqarolar yig‘inlarida keng jamoatchilik vakillari ishtirokida tozalash, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish tadbirlari qizg‘in davom etmoqda.
Jumladan, “O‘zbekiston” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi ariq zovurlar, ko‘cha chetlari turli xil chiqindilardan tozalanib, uylarning tashqi devorlarini oqlash ishlari amalga oshirilmoqda hamda tomorqalar shudgorlanib, yo‘l yoqalari obodonlashtirilayapti.
Tumandagi “Yashnaobod” MFYda esa “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” mezonlarini joriy etish, hudud infratuzilmasini yaxshilash, aholi turmush tarzini, farovonligini oshirish maqsadida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar davom etmoqda.
“Tozaurug‘” MFYda ham keng ko‘lamli ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlariga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Mahallada obodlik yo‘lidagi tadbirlar doirasida daraxtlarga ishlov berilib, tomorqalar shudgorlanmoqda, yo‘l yoqalari obodonlashtirilmoqda.
***
Zomin tumanidagi “Yoshlik” MFYda ham “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” mezonlarini joriy etish, hudud infratuzilmasini yaxshilash, aholi bandligini ta’minlash va og‘ir hudud toifasidan chiqarish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu mahallada obodonlashtirish ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish, aholi xonadonlari, hovli joylar, ko‘chalarni, ijtimoiy soha ob’ektlari atrofini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.
Xonadonlardagi tomorqalarga ko‘chat ekilib, ishlov berilib, shuningdek, devorlar oqlanmoqda.
***
Sharof Rashidov tumani “Nurafshon” MFYda infratuzilmani yanada yaxshilash hamda aholini muntazam oqar suv tizimi bilan ta’minlash maqsadida markaziy Sangzor va Mulkdorlar ko‘chalarida 4,7 kilometr uzunlikdagi oqar suv tarmoqlari yangilanmoqda. Bu kabi xayrli tashabbuslar yurtdoshlarimizning tomorqadan mo‘l hosil olishi, o‘z daromadlariga ega bo‘lishiga va aholi farovonligiga xizmat qiladi.
Tumandagi “Pastki Suloqli” MFYda esa mahalla ahli issiqxonalardan samarali foydalanish borasida barcha bir yoqadan bosh chiqarib, o‘z tomorqalariga ishlov berishga alohida e’tibor qaratayotir.
“Sovungarlik” MFYda esa keng ko‘lamli tozalash va obodonlashtirish tadbirlari olib borilyapti. Mahalla ahli ham bu kabi ezgu sa’y-harakatlarga qo‘shilib, o‘z xonadonlari, uning chor-atrofini ta’mirlash va ko‘kalamzorlashtirish ishlarida faol ishtirok etayotir.
***
Jizzax shahar hokimligi mas’ullari hamda “Kimyogar” MFY raisi birgalikda hududda ijtimoiy ahvoli og‘ir bo‘lgan xonadonlarda bo‘lib, aholi bilan suhbatlar o‘tkazmoqda.
Ramazon oyidagi o‘rganishlar jarayonida oilalarning muammo va ehtiyojlari o‘rganilib, ularga amaliy yordam ko‘rsatish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari muhokama qilinib, mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlar olib borilishi belgilandi.
O‘rganishlar kelgusida ham davom ettirilib, muhtoj oilalarga muntazam yordam ko‘rsatish va ularning turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
[gallery-22189]
***
Yangiobod tumanida Prezidentimizning “Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlash, shuningdek, yangi yer maydonlarini o‘zlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan yoshlarga daromad manbai yaratish maqsadida yer maydonlari ajratish ishlari davom etmoqda.
Yoshlar ishlari hamda Kadastr agentligi tuman bo‘limlari tomonidan mahallalarda yoshlar uchun dehqon xo‘jaligi sifatida ajratilgan yer maydonlari taqsimoti o‘tkazildi.
Shuningdek, yoshlarga yerlardan oqilona foydalanish va imkoniyatdan kelib chiqib yuqori daromadli mahsulotlar yetishtirish borasida tavsiyalar berildi.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri