Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar departamenti tasarrufidagi Zomin milliy tabiat bog‘i ilmiy bo‘lim xodimlari qishgi mavsum munosabati bilan monitoring ishlarini olib bormoqda.
Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar departamenti tasarrufidagi Zomin milliy tabiat bog‘i ilmiy bo‘lim xodimlari qishgi mavsum munosabati bilan monitoring ishlarini olib bormoqda.
Milliy bog‘ hududi bo‘ylab hayvonlarning qishgi migratsiya jarayonlarini o‘rganish maqsadida yangi qo‘shimcha fotoqopqonlar qo‘yib chiqilmoqda.
Shu bilan bir qatorda navbatdagi biotexnik tadbirlar o‘tkazilib, tuman hududidagi Ayiqlisoy, Qorabeldisoydagi qor qalin bo‘lgan joylarga hayvonlarni oziqlantirish uchun ozuqa yemlarni hayvonlarning o‘tish yo‘llariga qo‘yib chiqilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
***
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi Shuhrat Yakubov Jizzax viloyatida aholini va tibbiyot muassasalarini arzon hamda sifatli dorilar, tibbiy buyumlar bilan ta’minlash holatini o‘rgandi.
Dastlab viloyat onkologiya dispanserida bo‘lib, tibbiyot muassasasida aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va aholiga onkologik yordamni yanada sifatli tashkil etishni yo‘lga qo‘yish maqsadida kasallikni erta aniqlash hamda uning profilaktikasi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar holati, onkologiya markazida davolash va diagnostika hamda dori vositalari bilan ta’minlanganlik holati qay darajada ekanligi atroflicha o‘rganildi.
Ushbu jarayon davomida nur apparatlarini qayta zaryadlash muddati yetib kelganligi hamda immunogistoximiya (IGX) tekshiruvi uchun reaktivlarni xarid qilish zarurligi aniqlandi.
***
Zarbdor tumani prokurori Ravshan Masharipov va mutasaddi tashkilot rahbarlari 2-sektor hududidagi umumta’lim maktablarida o‘quvchilarining ota-onalari bilan uchrashib, ta’lim jarayoni, o‘quvchilarning intizomi, ularning ilm olishga bo‘lgan qiziqishini oshirish hamda yoshlar tarbiyasida oilaning o‘rni muhokama qilindi.
Shuningdek, ota-onalarga ijtimoiy tarmoqlardan to‘g‘ri foydalanish, farzandlarini sog‘lom muhitda tarbiyalash va ularning kelajagiga mas’uliyat bilan yondashish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Muloqot davomida ota-onalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi hamda ta’lim sifati va yoshlar tarbiyasini yanada yaxshilash yuzasidan o‘z takliflarini bildirdi.Yosh avlodning porloq kelajagi ularning bugungi ta’limi va tarbiyasiga bog‘liq, ekanligi ta’kidlandi.
***
Do‘stlik tumani ichki ishlar bo‘limida probatsiya nazoratidagi mahkumlar bilan o‘tkazilgan profilaktik suhbatda viloyat ichki ishlar boshqarmasi vakillari, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi raisi, prokuratura, soliq mas’ullari ishtirok etdi.
Uchrashuvda mahkumlarga sud hukmlarida belgilangan jazoni tartibli o‘tash, ko‘rsatilgan vaqtlarda yashash manzilida bo‘lish, intizomga qat’iy amal qilish, jinoyat yoki huquqbuzarliklar qilmasdan astoydil tuzalish yo‘liga o‘tish lozimligi ta’kidlandi.
Tadbirda mahkumlarning murojaatlari ham tinglanib, ularning ba’zilariga nisbatan tuman jinoyat ishlari bo‘yicha sudining sayyor sudi ham bo‘lib o‘tdi.
Sud jarayonida ayrim mahkumlar ozodlikni cheklash jazosidan shartli ravishda ozodlikka chiqarilgan bo‘lsa, belgilangan tartib-qoidani buzgan ayrim mahkumlarga nisbatan qamoqqa olish jazosi tayinlandi.
Shuningdek, shu yerning o‘zida mahkumlar uchun tumandagi bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi tashkil etildi.
***
Arnasoy tumanida bahorgi dala ishlarini o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazishni ko‘ngillariga tukkan bobodehqonlar ayni kunlarda mavsumda qatnashuvchi qishloq xo‘jaligi texnikalarini ta’mirlash ishlarini jadallik bilan olib bormoqda.
Ayni damda tumanda 163 dona chopiq traktori, 154 ta kultivator, 35 ta chigit ekish selkasi, 60 dona purkagich, 42 ta mineral o‘g‘it sepgich, 27 dona yer tekislagich, 34 dona chizel va 1230 ta tishli borona – tegishli dislokatsiyalar asosida hududlarga yig‘ilib, ta’mirlash ishlari avji pallada.
“O‘zagroinspeksiya”ning Arnasoy tuman bo‘limi tomonidan bahorgi dala ishlarida qatnashadigan 1500 dan ortiq traktor va qishloq xo‘jaligi texnika vositalarini ta’mirga tortish va ta’mirlash yuzasidan doimiy nazorat tadbirlari o‘tkazilib turganini ham ta’kidlab o‘tish lozim.
***
Jizzax shahrida joriy yilning 1 martidan boshlab fuqarolarga yoshga doir pensiyalar “PROAKTIV” shaklda tayinlanishi joriy qilindi.
Endilikda pensiya yoshiga yetgan fuqarolar pensiya tayinlanishi uchun alohida murojaat qilishi talab etilmaydi.Pensiya jamg‘armasining axborot tizimi orqali avtomatik ravishda yoshga doir pensiyalar tayinlanmoqda.Bu esa, o‘z navbatida, fuqarolarga qo‘shimcha qulayliklar yaratib, pensiya tayinlash jarayoni yanada soddalashtirilganidan dalolat beradi.
A.Qayumov,
O‘zA muxbiri