Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Paxtakor tumani Oqbuloq mahallasida Sirdaryo – Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi suv xo‘jaligi tashkilotlari tomonidan tashkil qilingan yordamchi xo‘jalikda o‘rdak yetishtirishni yo‘lga qo‘yish maqsadida panjaralar o‘rnatilib, bo‘yoqlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Suv xo‘jaligi vazirining 2024 yil 8 oktyabrdagi yig‘ilish bayoniga ko‘ra suv xo‘jaligi tizimidagi ishchi-xodimlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va ularni tizimli ravishda qo‘shimcha rag‘batlantirish maqsadida yordamchi xo‘jaliklarni tashkil qilish hamda ularga ajratilgan yer maydonlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, suv xo‘jaligi ob’ektlarida bo‘sh maydonlardan unumli foydalanish maqsadida parrandachilik tashkil qilinmoqda.
Bu ishchi-xodimlarning oilalariga qo‘shimcha yordam bo‘ladi.
***
“BMB HOLDING” tizimidagi qishloq xo‘jaligi korxonalari rahbarlari uchun Toshkent davlat agrar universitetining professor-o‘qituvchilari tomonidan “Sabzavot ko‘chatlarini yetishtirish” mavzusida o‘quv-seminar o‘tkazildi.
Maqsad xolding tizimidagi qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashtirilgan korxonalar rahbar va xodimlarining sabzavot ko‘chatlarini yetishtirishdagi yangiliklar va texnologiyalardan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha malakalarini oshirishdir.
Unda sabzavot ekinlari ko‘chatlarini yetishtirishning bugungi holati va istiqbollari, ko‘chat yetishtirishda tuproq aralashmasini tayyorlash va unga bo‘lgan talablar, ko‘chatxonalarni ekishga tayyorlash, mikroiqlimni sozlash, sabzavot va poliz ekinlarini yetishtirish hamda uning agrotexnikasi kabi mavzularda amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi.
***
Jizzax viloyati IIB tomonidan “qizil” toifadagi mahallalarga biriktirilgan viloyat IIB sohaviy xizmatlari rahbarlari, bo‘lim boshliqlari va ularning o‘rinbosarlari, Jizzax shahar IIBdan kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarga biriktirilgan mas’ul rahbarlar uchun seminar tashkil etildi.
Tadbirda viloyat IIB boshlig‘i, general-mayyor G‘ayrat Qodirov mahallalarda xavfsiz muhitni yaratishning tashkiliy-profilaktik asoslarini zamon talablariga moslashtirish, qonunbuzilishlarning asl omillarini o‘z vaqtida aniqlash va kompleks chora-tadbirlarni manzilli yo‘lga qo‘yish orqali jinoyatchilikning barvaqt oldini olish lozimligini ta’kidladi.
Seminar davomida 2024 yil yakuni bilan “qizil” toifaga kiritilgan Jizzax shahrining Mirzo Ulug‘bek mahallasi misolida kriminogen vaziyatni barqaror saqlash uchun mahallaga biriktirilgan mas’ullar tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar bo‘yicha tushuntirish berildi.
***
Jizzax viloyat prokurori o‘rinbosari A.Esirgapov raisligida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida hamda migratsiya masalalarida amalga oshirilgan ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda “Obod mahalla”, “Obod ko‘cha”, “Obod xonadon” mezonlari va “Yashil makon” loyihasini amaliyotga samarali joriy etish yuzasidan tegishli mas’ullarga topshiriqlar berildi hamda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar tanqidiy muhokama qilindi.
Shuningdek, migratsiyadan qaytgan shaxslarning bandligini ta’minlash va ularning tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi belgilangan muddatlarda ayrim tumanlarda oxiriga yetkazilmaganligi tanqidiy muhokama qilinib, mazkur topshiriq ijrosini ta’minlamagan mansabdor shaxslarning javobgarlik masalasini ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
***
[gallery-21683]
Yangiobod tumanining “Xo‘jamushkent” qishloq fuqarolar yig‘ini hududida “Obod mahalla”, “Obod ko‘cha”, “Obod xonadon” mezonlari asosida amalga oshirilayotgan tadbirlar doirasida mahalla aholisi uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
Tibbiy ko‘rik jarroh, urolog, nevropatolog, travmatolog, terapevt, pediatr, ginekolog, ultratovush shifokori, endokrinolog, kardiolog, oftalmolog, otolaringolog, stomatolog, onkolog kabi yo‘nalishlardagi viloyat va tuman tibbiyot muassasalarining malakali shifokorlari tomonidan olib borildi.
Tadbir davomida 1765 nafar fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularning 272 nafariga aniqlangan kasalliklari bo‘yicha yo‘llanmalar berildi.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri