Davlatimiz rahbari 2024 yil 16 dekabrda o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida mahallalarda tadbirkorlik muhitini yaxshilash, kambag‘allikni qisqartirish va tijorat banklarining rolini oshirish bo‘yicha belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Paxtakor tumanida “Loyihalar yarmarkasi” tashkil etildi.
Unda mutaxassislar tomonidan tadbirkorlikni rivojlantirish, bank xizmatlaridan samarali foydalanish, imtiyoz va qo‘llanilayotgan yangiliklar bo‘yicha atroflicha tushuntirishlar berildi.
***
G‘allaorol tumani hokimligida DXX bilan hamkorlikda 2024 yil davomida tumanda yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklar profilaktikasi masalalari muhokama qilinib, sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklar hududlar bo‘yicha tanqidiy-tahliliy ko‘rib chiqilib, mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘yganlarga ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, jinoyat sodir etib, profilaktik hisobga olingan yoshlar va voyaga yetmaganlarning har biri bilan manzilli ishlar olib borilib, ularni sog‘lom turmush tarziga qaytarish, yana qayta jinoyat sodir etishining oldini olish, turli fan va sport to‘garaklariga jalb qilish, bandligini ta’minlash yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
***
Baxmal tuman ichki ishlar bo‘limi Jamoat xavfsizligi xizmati probatsiya guruhi tomonidan nazorat ostidagi shaxslar o‘rtasida qayta jinoyat sodir etilishining oldini olish maqsadida tumandagi barcha sektorlar rahbarlari muntazam ravishda profilaktik suhbatlar olib borishmoqda.
Jumladan, tuman prokuraturasida IIB Jamoat xavfsizligi xizmati probatsiya guruhi nazorati ostida bo‘lgan yoshlar bilan uchrashuv tashkil etildi.
Mazkur uchrashuvda ularni ijtimoiy hayotga moslashtirish, bandligini ta’minlash, o‘zlari qiziqqan kasblari, istaklaridan kelib chiqib tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishlari uchun shart-sharoitlar yaratish borasida tegishli tavsiya va tushunchalar berildi.
***
“Sog‘lom avlod uchun” xayriya fondi Jizzax viloyat filialining tibbiy ijtimoiy yordam ko‘chma brigadasi tomonidan Sharof Rashidov tumanida kam ta’minlangan, ko‘p bolali oilalar, “D” nazoratidagi bemorlar, “Ayollar daftari”dagi xotin-qizlar, keksalar uchun tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
O‘tkazilgan tibbiy ko‘riklar jarayonida shifokorlar tavsiyasiga ko‘ra, 332 o‘lchov birligidagi dori- darmonlar, quritilgan sabzavotli aralashma, ko‘zoynaklar, homilador va emizikli ayollar uchun kompleks prenatal vitaminlar bepul xayriya tarzida tarqatildi. Yotib qolgan bemor va nogironlardan mahalla xotin-qizlar faoli, patronaj hamshiralar ishtirokida manzilli xabar olindi.
***
Do‘stlik tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘i, 4-sektor rahbari Mirzohid Normurodov Bog‘zor mahallasida bo‘lib, mahalla faollari va mutasaddi tashkilotlar rahbarlari bilan hamkorlikda aholining muammolarini tingladi.
Ochiq muloqot tarzida bo‘lib o‘tgan qabulda fuqarolar aholini qiynayotgan ijtimoiy, kommunal va boshqa sohalar bo‘yicha masalalarni ko‘tardi.
O‘rganish natijasida murojaatlarning asosiy qismi joyida ijobiy hal etilgan bo‘lsa, yechimi qo‘shimcha o‘rganish va muddat talab etadigan murojaatlarning bir qismi (40 foizi) bo‘yicha mutasaddi tashkilot rahbarlari bilan birgalikda chora-tadbirlar ishlab chiqilib, ijrosi nazoratga olindi.
[gallery-21325]
A.Qayumov, O‘zA muxbiri