Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Zomin tumanidagi Baxmatchoyi qishlog‘ida “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha” va “Obod mahalla” mezonlarini joriy etish, hudud infratuzilmasini yaxshilash, aholi bandligini ta’minlash va og‘ir hudud toifasidan chiqarish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Qisqa fursatda ichki imkoniyatlardan kelib chiqqan holda Baxmatchoyi qishlog‘ida elektr energiyasi ta’minoti, ichki yo‘llar bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish yuzasidan keng ko‘lamli ishlar bajarildi.
Tuman hokimi A.Abdug‘aniyev bajarilayotgan ishlarni nazorat qilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berdi va ijrosi qat’iy nazoratda bo‘lishini ta’kidladi.
***
“Moziyga sayohat” dasturi doirasida o‘quvchi va talaba yoshlarning qishki ta’til vaqtini mazmunli o‘tkazish hamda ularda Vatanga muhabbat tuyg‘usini yanada o‘stirish, buyuk siymolarni yod etish, shuningdek, ular qoldirgan ulkan madaniy merosni yanada chuqur o‘rganish maqsadida viloyatdagi muzey va muqaddas qadamjolarga sayohatlar uyushtirilmoqda.
Jumladan, Sharof Rashidov tumanidagi 1-sonli politexnikum o‘qituvchi va o‘quvchi-yoshlari Sharof Rashidov hamda Hamid Olimjon va Zulfiya muzeylarida bo‘lib, o‘zbek adabiyotida o‘chmas iz qoldirgan adiblarga taalluqli tarixiy eksponatlar bilan tanishdi.
Qishki ta’til davomida bu kabi xayrli tadbirlar viloyatdagi barcha umumta’lim maktablari hamda oliy o‘quv yurtlari o‘quvchi va talaba-yoshlari bilan ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
***
“G‘allaoroltumangaz” gaz ta’minoti xodimlari tomonidan hududdagi tabiiy gaz tarmoqlari va gaz taqsimlash punktlari birma-bir ko‘zdan kechirib chiqilmoqda.
Ushbu profilaktik tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad – sovuq kunlarda aholi xonadonlari va ijtimoiy-iqtisodiy ob’ektlarda tabiy gaz ta’minotida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda holatlarning oldini olishdir.
O‘rganishlar jarayonida aniqlangan kamchilik va muammolar korxonadagi ta’mirlash brigadalari tomonidan qisqa fursatlarda bartaraf etilmoqda.
***
Yangiobod tuman ichki ishlar bo‘limi jamoat xavfsizligi xizmati probatsiya guruhi hisobida jazo o‘tayotgan mahkum yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazilib, ularning muammolari o‘rganildi.
Muloqot davomida mahkumlarga jazoni o‘tash qoidalari, shartlari va talablariga qat’iy rioya qilishlari, qayta jinoyat va huquqbuzarlik sodir etmasliklari, mabodo yana shunday huquqbuzarlik holatlari takrorlansa, jazo choralari jiddiylashishi mumkinligi tushuntirildi.
Shuningdek, tuman IIB hamda kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi hamkorligida bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi ham tashkil etildi.
***
Jizzax viloyati bojxona boshqarmasi mas’ullari polietilen mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Aziya Plast Kapital” MCHJda bo‘lib, tadbirkorlar faoliyati bilan tanishdi, ularning muammolarini o‘rgandi va bu muammolarni bartaraf etish hamda bugungi kunda bojxona sohasida yaratib berilayotgan qulayliklar yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berdi.
2015 yildan beri faoliyat yuritib kelayotgan ushbu “Aziya Plast Kapital” MCHJda ayni paytda 20 nafardan ortiq mahalliy aholi vakillarining bandligi ta’minlangan. Korxona o‘z mahsulotlarini dastlab mahalliy bozorlarga, bugunga kelib esa Qozog‘iston davlatiga ham eksport qilmoqda.
Shuningdek, bojxona mas’ullari korxonaning 60 foiz elektr-energiyaga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlab beradigan 350 kVt quvvatiga ega bo‘lgan quyosh panellarining ishchi holatini ham o‘rgandi.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri