Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Jizzax viloyat prokuraturasi xodimlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 32 yilligiga bag‘ishlab “Konstitutsiya – erkin va farovon hayot garovi!” degan bosh g‘oya asosida hududdagi barcha o‘quv muassasalarida uchrashuvlar uyushtirilmoqda.
Ichki ishlar vazirligi Jizzax akademik litseyida tashkil etilgan tadbirda viloyat prokuraturasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati, unda inson huquq va erkinliklari mutlaqo yangi bosqichga olib chiqilganligi xususida so‘z yuritildi.
[gallery-20560]
Xuddi shunday tadbirlar belgilangan jadval asosida boshqa oliy, o‘rta maxsus va umumta’lim muassasalarida ham bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
***
Zarbdor tumanidagi “Taraqqiyot” MFY aholisi bilan tashkil etilgan huquqiy targ‘ibot tadbirida favqulodda vaziyatlar bo‘limi mutaxassislari tomonidan tabiiy gaz va elektr energiyasidan oqilona foydalanish orqali nafaqat oila daromadini, balki energetika zaxiralarining tejalishiga ham erishish mumkinligi ta’kidlandi.
Shuningdek, soha mutaxassislari ehtiyotsizlik oqibatida qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy hodisalarning oldini olish yuzasidan batafsil tushunchalar berdi.
Yong‘in xavfsizligi bo‘limi xodimlari esa baxtsiz hodisalar ro‘y bergan paytda qanday harakatlanish va nimalarga e’tibor qaratishi lozimligi bo‘yicha tushunchalar berib, fuqarolarning hushyorligi oshirildi.
***
Jizzax shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli umumta’lim maktablari boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ishtirokida “Yo‘l qoidasi – umr foydasi” nomli ochiq dars shaklidagi mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda.
Jumladan, 30-sonli umumta’lim maktabida ham xuddi shunday tadbir tashkil etildi. Ushbu ochiq darslardan ko‘zlangan asosiy maqsad o‘sib kelayotgan yosh avlod ongida yo‘l harakat qoidalari bo‘yicha dastlabki ko‘nikmalarni hosil qilish, o‘quvchi yoshlar bilan bog‘liq noxush yo‘l-transport hodisalari sodir bo‘lishining oldini olish hamda yoshlarimizni madaniyatli harakat ishtirokchisi sifatida tarbiyalashdir.
***
Davlatimiz rahbarining umumta’lim maktablarini bitirayotgan har bir o‘quvchi kamida ikkitadan chet tilini mukammal bilishi kerakligi to‘g‘risidagi tashabbusi ijrosini ta’minlashga Mirzacho‘l tumanida ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Tuman hokimi Botir Mirzaqulov bitiruvchi o‘quvchilarning ota-onalari bilan uchrashib, unda o‘quvchi-yoshlarning xorijiy tillarni o‘rganishiga alohida e’tibor qaratish shartligini, u yoshlarni bu borada har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini, buning uchun barcha shart-sharoit va imkoniyatlar yaratilishini ta’kidladi.
***
Arnasoy tumanidagi “G‘afur G‘ulom” MFY hududida 4,5 gektar maydonni o‘z ichiga olgan jamoat parkini qurish ishlari ikki bosqichda amalga oshirilmoqda.
Tuman hokimi Odil Musanov hamda tuman sektorlari rahbarlari qurilish ishlarini ko‘zdan kechirdi.
Mazkur jamoat parkida aholining madaniy dam olishi uchun amfiteatr, suzish basseyni,sayr qayiqlari, savdo do‘konlari, bolalar uchun batutlar, piyodalar yo‘lakchalari, mehmonxona, avtoturargoh hamda yemakxonalar barpo etilishi ko‘zda tutilgan.
A.Qayumov,
O‘zA muxbiri