Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Zomin tumanida Jizzax viloyati hokimligi, viloyat turizm boshqarmasi hamda Qirg‘iz Respublikasi turizm qo‘mitasi vakillari o‘rtasida hamkorlik uchrashuvlari o‘tkazildi.
“Hello Zamin” turkompaniyasi, “Baxmal ekoturizm” mas’uliyati cheklangan jamiyati hamda Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi “Qirg‘iz dengiz qirg‘og‘i” davlat korxonasi marketing va joylashtirish bo‘limi, “Issiqko’l Avrora” va “Jirg’alan” sanatoriyalari bilan o‘zaro tibbiyot turizmida xorijiy sayyohlarni jalb etish bo‘yicha memorandumlar imzolandi.
***
“G‘allaoroltumangaz” gaz ta’minoti korxonasida 2024-2025 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, “G‘allaoroltumangaz” gaz ta’minoti xodimlari tomonidan aholini kuz-qish mavsumida belgilangan bosimdagi tabiiy gaz bilan ta’minlashda uzluksizlikka erishish maqsadida hududdagi tabiiy gaz tarmoqlari va gaz taqsimlash punktlari birma-bir ko‘zdan kechirilib, zarur joylarda quvurlar almashtirilib, gaz sizib chiqishi mavjud bo‘lgan joylar zudlik bilan payvandlanmoqda.
Ushbu jarayonda aniqlangan kamchiliklar korxonadagi ta’mirlash brigadalariga biriktirilgan maxsus texnika vositalari va malakali mutaxassislar tomonidan bosqichma-bosqich bartaraf etib borilmoqda.
***
Mamlakatimizning har bir hududidagi kabi Jizzax shahrida ham fuqarolarning sog‘lom hayot tarzini shakllantirish, to‘g‘ri ovqatlanishga o‘rgatish, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishiga alohida e’tibor qaratilayapti.
Jizzax shahridagi “O‘rda” ekobog‘ida har kuni 5 ming qadam piyoda yuruvchi va tongi badan tarbiya mashg‘ulotlarida ishtirok etuvchilar soni ortib bormoqda.
Ekobog‘da Jizzax shahar hokimligi xodimlari, sport, sog‘likni saqlash bo‘limlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari hamkorligida “Salomatlik uchun 5000 qadam”, “Assalom tong!” to‘g‘ri nafas olish mashqlari hamda sog‘lom turmush tarzi targ‘iboti muntazam o‘tkazib borilmoqda.
***
Jizzax viloyati bojxona boshqarmasi mas’ullari don va un mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Javhar flour trade” MCHJda bo‘lib, “Bojxona hududida qayta ishlash” rejimidan qanday foydalanilayotganligi o‘rganildi.
Ayni paytda korxonada 50 dan ortiq fuqaro mehnat qilmoqda. Mazkur MCHJ tomonidan 2024 yilning o‘tgan davri mobaynida qiymati 577 ming 400 AQSH dollariga teng bo‘lgan bug‘doy mahsuloti “Bojxona hududida qayta ishlash” rejimiga joylashtirilgan va buning samarasida qiymati 152 ming 300 AQSH dollariga teng un mahsulotlari eksport qilingan.
“Javhar flour trade” MCHJ rahbari va mas’ullari bilan bo‘lgan suhbat davomida korxonaning eksport salohiyatini yanada oshirish, qayta ishlab chiqarish ko‘lamini kengaytirish va bu orqali “Bojxona hududida qayta ishlash” rejimining imtiyozlari yuzasidan batafsil tushunchalar berildi.
[gallery-19597]
***
Kuz-qish mavsumida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida Baxmal tumanidagi “Oqtosh” MFY hududida istiqomat qiluvchi aholi o‘rtasida profilaktika targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.
Ushbu tadbirlarni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad havo harorati sovishi bilan turli isitish tizimlaridan foydalanganda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yong‘inlar kelib chiqishining oldini olishdan iborat ekanligi ta’kidlandi.
Profilaktik tadbirlar davomida aholiga isitish tizimlaridan foydalanish chog‘ida yong‘in xavfsizligiga qat’iy rioya etilishi zarurligi ta’kidlanib, nostandart, qo‘lbola isitish vositalari olib qo‘yildi.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri