Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
O‘zbekiston Milliy universiteti Jizzax filialida saylovoldi targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Tadbirda Saylov kodeksiga kiritilgan so‘nggi o‘zgartish va yangiliklar, Markaziy saylov komissiyasining qarorlari bilan qo‘yiladigan talablar, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovining o‘ziga xos xususiyatlari to‘g‘risida talabalarga atroflicha ma’lumotlar berildi.
[gallery-19328]
Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javoblar oldi.
***
Forish tumanida keyingi yillarda turizm sohasini izchil rivojlantirish, yangi turizm ob’ektlarini ishga tushirish borasida xayrli ishlar amalga oshirilmoqda.
Tumandagi “Do‘stlik”, “O‘xum”, “Sayyod”, “Uchquloch” mahalla fuqarolar yig‘inlarida mehmonxonalar, turizm va xizmat ko‘rsatish maskanlari, turistik davolash- sog‘lomlashtirish majmuasi, xostel hamda oilaviy mehmon uylari bunyod etildi.
O‘tgan 2023 yilda umumiy qiymati 5 milliard 787 million so‘m, shundan 1 millliard 787 million so‘m o‘z mablag‘lari, 4 milliard so‘m bank kredit mablag‘lari hisobidan 2 ta investitsiya loyihasi amalga oshirildi.
***
“Turizm qo‘mitasi tizimida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish yuzasidan chora tadbirlar dasturi” ijrosini ta’minlash maqsadida Zomin turizm va servis kollejida 50 nafardan ortiq bitiruvchi yosh ishtirokida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi o‘tkazildi.
Ushbu uchrashuvda Jizzax viloyati turizm boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Azizbek Egamberdiyev hamda Turizm va servis kolleji direktori Go‘zal Hayitqulovalar viloyatda, jumladan, Zomin tumanida turizm sohasini rivojlantirishda bir qator ishlar amalga oshirilayotgani, yangi turizm ob’ektlari barpo etilib, yangi ish o‘rinlari yaratilayotgani va ushbu ish o‘rinlariga aynan mazkur kollej bitiruvchilari joylashishi uchun katta imkoniyatlar mavjudligi xususida gapirib berdi.
“Rahbar va yoshlar” uchrashuvida kollej o‘quvchilari tomonidan viloyatda turizm sohasini yanada rivojlantirish yuzasidan bir qator takliflar bildirildi va ular o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldi.
***
O‘smat shaharchasida Jizzax viloyati prokurori Baxtiyor Ibrohimov tomonidan Baxmal va G‘allaorol tumanlarida faoliyat yuritib kelayotgan bir guruh tadbirkorlarning muammolarini o‘rganish va o‘z vaqtida hal etish maqsadida uchrashuv tashkil etildi.
Unda 23 nafar tadbirkor tomonidan faoliyatida yuzaga kelgan 21 ta masala bo‘yicha murojaat ko‘tarilib, shundan 8 nafar tadbirkorning murojaatlari joyida o‘z yechimini topgan bo‘lsa, qolgan 13 ta murojaat qo‘shimcha o‘rganish talab etganligi bois, mas’ullarga yo‘naltirilib, har bir murojaat qat’iy nazoratga olindi.
***
G‘allaorol tumani axborot-kutubxona markazida tumandagi eng faol kitobsevar xotin-qizlar ishtirokida “Kitobxon ona” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda yoshlarning kitob o‘qishga qiziqishini yanada oshirish, oilalarda kitobxonlikni keng targ‘ib qilish bo‘yicha ochiq muloqot tashkil etilib, unda onalarga farzandlarining kitobga mehr qo‘yishlari uchun nimalarga e’tibor qaratish lozimligi to‘g‘risida foydali tavsiyalar berildi.
***
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, general-mayor G‘ayrat Qodirov Mirzacho‘l va Arnasoy tumanlarida ijtimoiy soha ob’ektlarining kuz-qish mavsumiga tayyorligi hamda paxta terimida ishtirok etayotgan hasharchilarga yaratilgan sharoitlar va ularning xavfsizligini ta’minlash borasidagi ishlar bilan tanishdi.
Jumladan, viloyat IIB boshlig‘i, 3-sektor rahbari Mirzacho‘l tumani mutasaddilari bilan muloqotda harakat xavfsizligi, yuk tashuvchi avtomashinalar va tirkamali texnikalarda yong‘in xavfsizligi talablariga rioya qilinishi, jamoat tartibini saqlash masalalariga e’tibor qaratdi. Shuningdek, umumta’lim maktablarining kuz-qish mavsumiga tayyorligini o‘rganish chog‘ida isitish qozonxonalari, zarur yoqilg‘i mahsulotlarining saqlanishiga ham jiddiy e’tibor qaratdi.
Arnasoy tumanida ham paxta yig‘im-terimi davrida yo‘l harakati va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, ijtimoiy soha ob’ektlarini mavsumga tayyorlash borasidagi ishlar ko‘zdan kechirilib, yuzaga kelgan muammolarni qisqa muddatda hal etish kerakligi yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
A.Qayumov,
O‘zA muxbiri