Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Jizzax viloyati prokuratura organlari tomonidan yoqilg‘i-energiya resurslaridan samarali foydalanish ustidan davlat nazoratini tashkil etish va muvofiqlashtirish ishlari jadallik bilan davom ettirilib, kunlik nazorat tadbirlari olib borilmoqda.
Jumladan, Baxmal, Paxtakor, Mirzacho‘l, Do‘stlik, Zafarobod va Sharof Rashidov tumanlari prokurorlari tomonidan soha mutaxassislari hamda tumanlar shtab a’zolari birgalikda aholi xonadonlariga quyosh panellari o‘rnatishning afzalliklari, energotejovchi uskunalarni o‘rnatishning samaradorligi masalalari xususida fikr almashilib, mas’ullarga kunlik yo‘riqnomalar berildi.


***
Forish tumani hokimining moliya, iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Shavkat Uzoqov hamda tumandagi boshqa mutasaddi tashkilotlar rahbar va mas’ullari mahallalarda ijtimoiy himoya reyestriga kirgan oilalar bilan “xonadonbay” tizim shaklida suhbatlar o‘tkazib, ularning muammolarini o‘rganmoqda.

O‘rganish davomida aholi bandligini ta’minlash, daromadini oshirish, kasb-hunarga yo‘naltirish, oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilanib, zarur maslahatlar berilmoqda.
Bu kabi ishlar tumandagi barcha 25 ta MFYda amalga oshirilishi belgilangan.
***
Respublikamizdagi har bir “mahalla yettiligi” a’zolari – mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim va soliq inspektori tomonidan amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha har chorak yakuniga ko‘ra fuqarolarga hisobot berib borish tartibi joriy etilgan.

Ana shu tartibiga ko‘ra, Zomin tumanidagi Beruniy va Ulug‘bek mahallalari “mahalla yettilligi” a’zolarining tuman hokimi Alisher Abdug‘aniyev, Prezidentning Zomin tuman Xalq qabulxonasi mudiri va boshqa mutasaddi rahbarlar ishtirokida Dashtobod shaharchasi fuqarolari oldida hisobotlari tinglandi.

Unda yettilikning har bir a’zosi o‘z faoliyatining barcha yo‘nalishlari bo‘yicha batafsil hisob berdi. Uchrashuvda aholi tomonidan xotin-qizlar faolligini oshirish, aholi bandligini ta’minlash, aholining huquqiy bilimi va malakasini oshirish yuzasidan ham fikrlar bildirildi.
***
Jizzax viloyati IIB boshlig‘i Sharof Rashidov tumanining Kuyovboshi mahallasida soha xodimlari uchun barpo etilayotgan turarjoylar qurilishi bilan yaqindan tanishdi.

Jarayonda mas’ullar va quruvchilarga bunyodkorlik ishlarini sifatli amalga oshirish, zarur qulaylikni yuzaga keltirish choralarini ko‘rish lozimligi uqtirildi. Shu bilan birga ko‘chalarni asfaltlash, tabiiy gaz va elektr energiya ta’minotiga oid masalalar muhokama qilinib, mutasaddilarga aniq vazifalar yuklandi.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerak, bu yerda 6 sotix maydonga ega, 3 xonali 104 ta uy qurilmoqda. Mazkur turar joylarni soha xodimlarining kasb bayrami arafasida foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgan.
***
Madaniyat vaziri o‘rinbosari Yusufjon Usmonov xizmat safari bilan Jizzax viloyatida bo‘lib, viloyatdagi madaniyat muassasalari faoliyatini o‘rgandi.
Xizmat safari davomida Yusufjon Usmonov viloyat hokimining o‘rinbosari Sardor Shukurullayev hamrohligida Zarbdor tumanidagi 17-sonli hamda 18-sonli “Oltin vodiy” madaniyat markazlari faoliyati bilan tanishdi.

Viloyat tashkilotlari, madaniyat bo‘limlari mudirlari, bolalar musiqa va san’at maktablari rahbarlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish davomida ijro intizomi holati, ta’mirtalab madaniyat markazlari faoliyati, pullik xizmat ko‘rsatishning ahvoli hamda Madaniyat vazirligi tomonidan madaniyat muassasalariga berilgan musiqa cholg‘ulari hamda avtotransport vositalaridan foydalanish holatlariga alohida to‘xtalib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha mutasaddi rahbarlarga tegishli ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
A.Qayumov, O‘zA