Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Do‘stlik tumani 2-sektoridagi otaliqqa olingan yoshlarni kasbga yo‘naltirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida Jizzax viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari A.O‘razmuhamedov, Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimi B.Ergashev hamda viloyat harbiy prokuraturasi xodimi G‘.Atajonovlar ishtirokida otaliqqa olingan yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda ishtirok etgan barcha yoshlarning muammolari o‘rganilib, ularning masalalariga yechim topish borasida zarur chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Xususan, otaliqqa olingan yoshlarni ish bilan ta’minlash maqsadida tashkil etilgan hunarmandlik ustaxonasi va tikuvchilik sexidagi yoshlar bilan yuzma-yuz suhbat qurildi.
***
Paxtakor tumani “Olmazor” MFY hududidagi 8-sonli umumta’lim maktabi yangi o‘quv yiliga joriy ta’mirdan chiqarilib, foydalanishga topshirildi.

Qurilish-montaj ishlariga buyurtmachi Jizzax viloyati hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati IK” DUK, “Black Lion Stroy” MCHJ pudratchi tashkilot hisoblanadi.
Ta’lim tashkilotining joriy ta’mirlash ishlari shartnoma qiymati 1 milliard 266 million so‘mni tashkil etib, maktabda bugungi kunda dars mashg‘ulotlari davom etmoqda.
***
Zomin tumani “Yoshlar markazi” binosida Jizzax viloyati prokurori, 2-sektor rahbari Baxtiyor Ibrohimov hamda tuman hokimi Alisher Abdug‘aniyev bir guruh yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.

Unda 20 dan ortiq murojaat tinglanib, yoshlar tomonidan ko‘tarilgan murojaat va takliflar hal etilishi yuzasidan tegishli mas’ullarga aniq topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.

Uchrashuv so‘nggida 3 nafar yoshga subsidiya asosida tikuv mashinasi, 1 nafar yoshga haydovchilik guvohnomasi va 9 nafar yoshga to‘lov-kontrakt pullari to‘lab berildi.
***
Yangiobod tumani hokimi Ibrohim Qarshiboyev tumandagi sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishdi.

Tuman rahbari tadbirkorlar va ishchilar bilan suhbatlashib, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar va mehnat sharoitlarini ko‘zdan kechirdi.

Shuningdek, tadbirkorlarning o‘z faoliyatini yanada rivojlantirish borasidagi reja, maqsad va muammolari bilan qiziqib, ularni qo‘llab-quvvatlash va amaliy yordam ko‘rsatish yuzasidan mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi. Shu bilan birga, korxonalarda ishlab chiqarish hajmini yanada oshirish yuzasidan o‘z takliflarini bildirdi.
***
Forish tumani adliya bo‘limi xodimlari joylarda sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatib, aholi o‘rtasida huquqiy targ‘ibot tadbirlarini olib bormoqda.

Tumanning barcha mahalla fuqarolar yig‘inlarida “Adliya kuni” tadbirlari tashkil etilib, aholiga bepul huquqiy maslahat va ko‘maklar berilib, mahalla fuqarolar yig‘inlari mutasaddilariga amaliy yordamlar ko‘rsatilmoqda.

Ana shunday tadbirlarning navbatdagisi tumanning 3-sektor hududidagi “Oqtepa” MFYda tashkil etildi. Tadbir davomida aholiga mamlakatimizda yangi qabul qilinayotgan qonunlar, qonunlarga kiritilayotgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar, Prezidentimiz va hukumatimiz tomonidan qabul qilinayotgan farmon va qarorlar mazmun-mohiyati haqida ham batafsil ma’lumotlar berildi.
A.Qayumov,
O‘zA muxbiri