Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Mamlakatimiz Mustaqilligining 33 yilligi oldidan Jizzax viloyatining qishloq va mahallalarida “Kinokarvon” loyihasi ostida o‘zbek milliy kinolari namoyish etilmoqda.
Respublika Ma’naviyat-ma’rifat markazi Do‘stlik tuman bo‘linmasi, “Mahalla” uyushmasi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi tuman bo‘limlari hamkorligida ushbu loyihani belgilangan jadval asosida amalga oshirmoqda.
Jumladan, tumandagi “Bunyodkor” MFY aholisi uchun Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan tayyorlangan “Rakesh” nomli videorolik hamda “Kino vaqti” heshtegi ostida “Ayol qissasi” nomli badiiy film namoyish etildi. Film tomoshabinlarda chuqur taassurot qoldirdi.



***
Arnasoy tuman hokimi Odil Musanov yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish borasida olib borilayotgan ishlarni o‘rganish va mavjud muammolarni bartaraf etishga ko‘maklashish maqsadida uchrashuvlar o‘tkazmoqda.
Uchrashuvda tuman hokimi yangi loyihalarni amalga oshirish samarasida yaratiladigan ish o‘rinlari, yoshlar bandligini ta’minlash, ularda tadbirkorlik ko‘nikmalarini oshirish, ta’lim-tarbiya masalalariga to‘xtalib, bu borada amalga oshirilayotgan ishlar hamda galdagi vazifalar haqida suhbatlashdi.



***
Mirzacho‘l tumanida “Hokim va yoshlar ochiq muloqoti”i doirasida uchrashuv tashkil etildi.
Davra suhbatida tumanning ilg‘or va o‘z ustida ishlaydigan, turli sohalarda yutuqlarga erishgan bir qator yoshlari hamda yaqinda tuman hokimi tashabbusi bilan tashkil etilgan kasbga o‘qitish va til o‘rganish kurslari o‘quvchilari ham ishtirok etdi.
Uchrashuvda tuman hokimi Botirjon Mirzaqulov yoshlar bilan qizg‘in suhbat qurar ekan, ularning kelgusidagi faoliyatiga omad tilab, har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.


***
G‘allaorol tumani hokimi Jaloliddin Oqboyev “Moltob” hamda “Mirzabuloq” MFYlari yoshlari va aholi vakillari bilan uchrashdi. Yoshlar uchun yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar, yoshlar bandligini ta’minlash hamda ularni tadbirkorlikka yo‘naltirish borasida amalga oshirilayotgan rejalar xususida to‘xtaldi.
Ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda aholi va yoshlarning murojaatlari, takliflari tinglandi. Ular tomonidan asosan bandlik, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish, imtiyozli kredit olish, ichki yo‘llarni ta’mirlash hamda boshqa masalalar bo‘yicha muammolarning ijobiy yechimi yuzasidan aniq choralar belgilab olindi.


***
Ayni kunda mamlakatimiz mustaqilligining 33 yilligi oldidan Forish tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘inlarida obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Obodonlashtirish ishlari davomida katta yo‘l chetlari, ariqlar, hovli joylar atroflari tozalanib, turli chiqindilardan tozalanmoqda.



Obodonlashtirish ishlariga tumandagi bir qator korxona, tashkilot, muassasalarning texnikalari ham safarbar etilgan.
A.Qayumov, O‘zA.