Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Jizzax viloyati hokimining o‘rinbosari Akmal Savurboyev boshchiligidagi ishchi guruh Zomin tuman yoshlarini otaliqqa olgan mas’ullar ishtirokida muloqot o‘tkazdi. Unda ta’lim sifatini oshirish, yoshlar bandligini ta’minlash, ularni kasb-hunarga o‘qitish, turli ko‘rik-tanlov va musobaqalar tashkil etish, faol yoshlarni rag‘batlantirish kabi masalalar ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, bu borada yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tahlil qilindi va kamchiliklarni bartaraf qilish yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriq berildi. Tadbirda tuman hokimi Alisher Abdug‘aniyev, viloyat IIB boshlig‘i o‘rinbosari Rahmatulla Bo‘riyev amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar haqida o‘z fikrlarini bayon qildi.



***
Sharof Rashidov tumanida viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Abduvali Mustanov, Markaziy bankning viloyat bosh boshqarmasi boshlig‘i Salohiddin Botirov, tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Ma’ruf Ergashev hamda tijorat banklari mas’ullari ishtirokida tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda, tadbirkorlar o‘z faoliyatlarini kengaytirish va yangi ish o‘rinlar yaratish maqsadida tijorat banklari tomonidan imtiyozli kredit hujjatlarini rasmiylashtirishda yuzaga kelayotgan muammolar haqida to‘xtaldi. Uchrashuvda tadbirkorlar tomonidan 27 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, jami murojaatlar o‘rganilib, kredit mablag‘lari ajratilishi ma’lum qilindi.



***
Zarbdor tuman prokurori, tuman hokimining birinchi o‘rinbosari, Yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, O‘zbekiston Mahallalar uyushmasi tuman bo‘limi, sektor a’zolari, mahalladagi yettilik bilan o‘quv-seminar yig‘ilishi o‘tkazdi. Tumanni ishsizlikdan holi hududga aylantirish, xususan, har bir mahallada o‘nta mikroloyihalarni amalga oshirish, aholi bandligini ta’minlash, yoshlarni ish bilan band qilish va yer ajratish, yerdan samarali foydalanish, eksportbop mahsulot yetishtirish bo‘yicha mutasaddilar zimmasiga vazifalar yuklatildi.

***
Jizzax viloyatida maxsus shtab tashkil etilib, uning faoliyati doirasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan, O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi Jizzax viloyat boshqarmasi mutaxassisi, shtab kotibi Abdusattor Bobobekov viloyat hokimligi Axborot xizmati “Media markazi”da o‘tkazilgan brifingda jurnalistlarga batafsil axborot berdi.

***
Do‘stlik tuman adliya bo‘limi tomonidan “Bolalar va yoshlarning huquqlarini himoya qilish” huquqiy aksiyasi doirasida tumanning umumta’lim maktablaridagi uy ta’limi asosida tahsil olayotgan o‘quvchi yoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Ularga ta’lim muassasalari tomonidan dars soatlarining belgilanishi va o‘qituvchilarning dars o‘tishi, o‘quv qurollari bilan ta’minlanganligi o‘rganilib, o‘quvchi yoshlarning muammo va takliflari eshitildi. Yoshlarning bildirgan takliflari bo‘yicha tegishli soha vakillariga ko‘rsatma berildi.



***
O‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazining umumta’lim muassasalarida joriy yilning 6-22-may kunlari “Pozitivlik – davr talabi” mavzusidagi psixologik salomatlik oyligini o‘tkazish yuzasidan Arnasoy tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ushbu oylik doirasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, kun davomida boshlang‘ich hamda yuqori sinf o‘quvchilari ishtirokida stressning oldini olish va xush kayfiyat bag‘ishlash maqsadida turli xil trening mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda. Bu o‘z navbatida o‘quvchilarning o‘zlashtirish va davomatiga ijobiy ta’sir etmoqda.



A.Qayumov, O‘zA.