Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Arnasoy tumani “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” mezonlari joriy etilayotgan “Gulbahor” mahalla fuqarolar yig‘inida Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyevning aholi bilan ommaviy sayyor qabuli o‘tkazildi.
Sayyor qabulda jami 30 nafardan ziyod fuqarodan 35 ta murojaat ko‘rib chiqildi. Mazkur murojaatlarning aksariyati joyida ijobiy hal etilgan bo‘lsa, vaqt va o‘rganish talab etiladiganlari ijrosi bo‘yicha mutasaddi idora va tashkilotlarga tegishli topshiriqlar berildi.



***
Prezidentimiz rahbarligida 2023 yil 20 dekabrda Tarmoq va hududlarda axborot texnologiyalarini rivojlantirish hamda davlat boshqaruvini raqamlashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalar to‘g‘risida o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishi bayoni ijrosini ta’minlash, shuningdek, viloyatda raqamlashtirish ishlarini yanada jadallashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonun ijrosini ta’minlash maqsadida Jizzax IT markazida IT rezidentlari IT xajmi va eksporti hamda xorijiy IT markazlar bilan hamkorlikda ish tashkil etish bo‘yicha seminar bo‘ldi.
Unda shahardagi maktablarning yuqori sinf o‘quvchilari, hozir IT markazlarni bitirgan va faoliyat ko‘rsatib kelayotgan yoshlar ishtirok etdi.



***
Jizzax viloyati IIB JXX JTSB PPXB, YHXB, Milliy gvardiya, FVB va Zarbdor tumani IIB xodimlaridan tuzilgan “Sayyorpatrul” guruhi tomonidan “Xavfsiz hudud” profilaktik tadbiri o‘tkazildi. Tadbirga jalb etilgan xodimlar va jamoat tashkilotlari vakillari uchun yo‘riqnoma o‘tilib, aholi osoyishtaligini saqlash, kriminogen vaziyat barqarorligini ta’minlashga qaratilgan aniq vazifalar belgilandi. Tadbir davomida savdo markazlari, kafe va restoranlar, umumiy ovqatlanish shoxobchalarida tadbirkorlar o‘rtasida targ‘ibotlar qilindi.



***
Psixolog Xurshida Hamdamova barcha umumta’lim maktablari amaliyotchi psixologlariga seminar o‘tkazdi. Seminardan ko‘zlangan maqsad yoshlar o‘rtasida noxush holatlarning oldini olish bo‘yicha yangi metodikalardan foydalanishdir.
Tadbirda psixolog- metodist G.Jonqobulova psixologlarga Respublika Tashxis markazi tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosi to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berdi.
***
Sharof Rashidov tumani Uchtepa mahallasida joylashgan 32-sonli maktab jamoasi “Tashabbusli byudjet” loyihasida g‘olib bo‘ldi. Loyiha qiymati 1 milliard 200 million so‘mni tashkil etadi. Natijada 120 o‘rinli qo‘shimcha boshlang‘ich ta’lim binosi qurildi va to‘liq jihozlanib, foydalanishga topshirildi.
Maskanning tantanali ochilish marosimida tuman hokimligi, “Mahalla”, “Nuroniylar” jamg‘armalari vakillari, o‘qituvchi va o‘quvchilar ishtirok etdi.



A.Qayumov, O‘zA muxbiri