Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
O‘zbekiston Ekologik partiyasi markaziy kengashi tashabbusi bilan Arnasoy kasb-hunar maktabida 2024 yil – Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yiliga bag‘ishlab “Yangi O‘zbekiston – yosh avlod kadrlari” loyihasi ostida yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Arnasoy tuman kengashi raisi Ulug‘bek Qo‘chqorov “Kelajak yosh liderlari Ekopartiyani tanlaydi!” mavzusida ma’ruza qildi hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi bo‘yicha partiya yoshlar qanoti a’zolarining oldida turgan dolzarb vazifalar muhokama qilindi.

***
Prezidentimizning joriy yil 5 fevral kuni ijtimoiy soha vakillari bilan o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida Maktabgacha va maktab ta’limi tizimini isloh qilish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosiga joylarda alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, Arnasoy tuman hokimi A.Ashurov tomonidan umumta’lim maktablarida o‘tkazilgan yig‘ilishlarda maktablarda ta’lim sifatini yaxshilash, kutubxona va sport zallaridagi sharoitlar, sinfxonalarining jihozlanishi, o‘quvchilar davomati va bitiruvchi o‘quvchilarni oliy ta’lim muassasalariga tayyorlash masalalari muhokama etilmoqda.


***
Zafarobod tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktabda o‘quvchi yoshlarning ijtimoiy-ma’naviy bilimlarini yanada mustahkamlash va amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish, yoshlarni vatanimiz tarixiy-ma’naviy merosiga hurmat va sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadida Alisher Navoiy tavalludining 583 yilligi hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 541 yilligi munosabati bilan “Tarix qa’ridagi ikki yulduz” shiori ostida 7-10-sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yinlari bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilarning diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

***
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Sharof Rashidov tumanida “Yangi Nafas” shiori ostida ertalabki badantarbiya mashqlari hamda sog‘lom hayot uchun 5000 qadam marafoni bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirda Sharof Rashidov tuman hokimi M.Xolbo‘tayev boshchiligida tuman aholisi, yoshlar, nuroniylar, faxriylar, korxona va tashkilot xodimlari ishtirok etdi. Shu bilan birga, ishtirokchilar sportning turli yo‘nalishlari bo‘yicha bellashdi. G‘oliblarga tuman hokimining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari topshirildi.

***
Aholining turli qatlami, hususan, yoshlarni etnosport turlariga keng jalb etish, shuningdek, ular orasida o‘zbek milliy xalq o‘yinlarini keng targ‘ib qilish maqsadida G‘allaorol tumanida izchil sa’y-harakatlar olib borilmoqda. Tuman Yoshlik jismoniy tarbiya va sport jamiyati tomonidan umumiy o‘rta ta’lim maktablari jismoniy tarbiya o‘qituvchilari uchun o‘quv-seminar mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi.
Tuman aholisi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularni sport va jismoniy tarbiyaga keng jalb etish hamda sportning milliy va boshqa turlarini ommalashtirish maqsadida tashkil etilgan ushbu o‘quv-seminarda jismoniy tarbiya o‘qituvchilarining oldida turgan vazifalar belgilab olindi.




A.Qayumov, O‘zA muxbiri