Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
G‘allaorol tumanining “Mirzabuloq”, “Nurafshon”, “Moltob”, “Lalmikor” hamda “O‘zbekiston” mahalla fuqarolar yig‘inlari aholisi ishtirokida 2024 yil “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”ning targ‘ibotiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rliklar, keyingi yillarda mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risida ma’lumot berildi. “Yangi hayot uchun, yangi O‘zbekiston uchun” shiori ostida o‘tkazilayotgan tadbirlarning eng faol ishtirokchilari tuman Ma’naviyat bo‘limining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
***
Jizzax viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va uning mahalliy bo‘lim xodimlari tomonidan qish mavsumini betalafot o‘tkazish, yong‘inlar, tabiiy va suyultirilgan gaz bilan bog‘liq chaqnash hodisalari, is gazidan zaharlanishning oldini olish maqsadida olib borilayotgan profilaktik tadbirlarda aholining bu boradagi bilim va tushunchalarini boyitishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Soha xodimlari tomonidan Sharof Rashidov tumani aholi yashash xonadonlari, ta’lim muassasalari va boshqa ob’ektlarda ishchi-xizmatchilar va fuqarolar bilan favqulodda vaziyatlar va yong‘inlarni oldini olish hamda yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etish, elektr va gaz qurilmalari hamda maishiy gaz ballonlardan foydalanishga qaratilgan profilaktik tadbirlar o‘tkazildi.
***
O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonuni hamda 2023 yil 11 aprel kuni davlat rahbari tomonidan “Yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish hamda ular bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishida yuklatilgan vazifalar ijrosi yuzasidan, Do‘stlik tuman IIB xodimlari tomonidan bir qator chora-tadbirlar belgilanib, ijrosi alohida nazoratga olingan.


Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish va ularning huquqiy bilimlarini oshirish maqsadida tumandagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida “Vatanparvarlik va huquq” to‘garaklari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, mashg‘ulotlar tuman IIBning rahbar va mas’ullari tomonidan izchillik bilan olib borilmoqda.
***
Viloyat prokuraturasining tashabbusi bilan Zarbdor tumani, “Taraqqiyot” mahallasida “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha” va “Obod mahalla” mezonlarini joriy etish bo‘yicha tasdiqlangan yo‘l xaritasining ijrosi doirasida ishsiz fuqarolar uchun bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi tashkil etildi.

Mehnat yarmarkasida tumandagi yuzga yaqin korxona, tashkilot, tadbirkorlik sub’ektlari hamda fermer xo‘jaliklari o‘zlaridagi mavjud 350 ta bo‘sh va vakant ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi. Unda ishtirok etganlarning 92 nafariga, shundan mahallalarda istiqomat qiluvchi 50 nafar xotin-qizga hamda 42 nafar band bo‘lmagan fuqarolarga tumandagi korxona, tashkilot, tadbirkorlik sub’ektlari hamda fermer xo‘jaliklariga ishga joylashish uchun yo‘llanma berildi.
***
Mirzacho‘l tuman tibbiyot birlashmasida Prezidentimizning 2020 yil 12 noyabr kungi “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish va sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni mazmun-mohiyati, undan kelib chiqadigan vazifalar hamda ijrosi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan seminar o‘tkazildi.


Shuningdek, tuman tibbiyot birlashmasi va xotin-qizlar faollari hamkorligida “Bog‘bon” QFYda “Sog‘lom oila xonasi” tashkil etildi va aholi bilan samimiy suhbat uyushtirildi.
A.Qayumov, O‘zA.