Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasida “Jadidlar: milliy o‘zlik, istiqlol va davlatchilik g‘oyalari” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Mavzu yuzasidan Jizzax davlat pedagogika universiteti tuzilmasidagi “Qatag‘on qurbonlari” muzeyi direktori Baxtigul Ergasheva ma’ruza qildi. Notiq o‘z so‘zida mustaqillik yillarida xalqimizning ijtimoiy-falsafiy, adabiy-badiiy tafakkuri tarixida alohida mavqega ega bo‘lgan jadidchilikni o‘rganishga katta ahamiyat berilgani, ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy, milliy istiqlol g‘oyalarini tadqiq qilishga oid ilmiy izlanishlar olib borilayotgani aytildi.


Tadbirda, jadidchilik faoliyati to‘g‘risida namoyish etilgan hujjatli film namoyish etildi va ishtirokchilar mavzu yuzasidan bergan savollariga javob oldi.
***
Jizzax viloyati transportda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi xodimlarining Jizzax davlat pedagogika universiteti tuzilmasidagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyiga sayohati uyushtirildi. Tadbirda mustabid tuzum davrida qurbon bo‘lgan, insoniylik sha’ni, qadr-qimmati toptalgan vatandoshlarimiz, jumladan, jizzaxlik qatag‘on qurbonlari nomma-nom aytildi. Ularning ma’rifatparvarlik ishlari haqida muzey xodimlari tomonidan atroflicha ma’lumot berildi.


Bundan tashqari, jadidchilik harakati paydo bo‘lish sabablari, ular inson huquqlari, milliy, diniy erkinliklar kafolatlangan, huquqiy-demokratik milliy davlatchilikning nazariy asoslarini yaratish yo‘lidagi harakatlari, istiqlol yillarida xalqimiz ozodligi va Vatanimiz ravnaqi yo‘lida jon fido qilgan ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, ularning faoliyati va merosini yangicha tafakkur asosida o‘rganish hamda targ‘ib etish borasidagi ishlar xususida so‘z bordi.
***

Jizzax viloyatining Paxtakor tumanidagi barcha mahallalarda “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” shiori ostida “Mahallada duv-duv gap” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari, davra suhbatlari bo‘lib o‘tmoqda. 2023 yilning 22 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan uchrashuvda, davlatimiz rahbarining “Ma’naviyat boshqa sohalardan oldinda yurishi, yangi kuchga, yangi harakatga aylanishi kerak” nomli ma’ruzasining mazmun-mohiyatini keng targ‘ib etish maqsadida “Jadidlar: milliy o‘zlik, istiqlol va davlatchilik g‘oyalari” hamda “Ilm-fan, ta’lim-tarbiya va ma’naviyat biz uchun ustuvor masaladir” mavzularida tumanning “Bog‘ishamol”, “Mingchinor” va “Nurli Pangat” MFYlari hududida aholi o‘rtasida davra suhbatlari tashkil etildi.
***
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 32 yilligi hamda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bo‘yicha “Barkamol avlod” respublika bolalar maktabining ishlab chiqilgan chora-tadbirlariga ko‘ra, o‘quvchi-yoshlarni keng jalb etgan holda “Vatan-muqaddas, uni himoya qilish – sharafli burch!” shiori ostida belgilangan rejaga muvofiq viloyat “Barkamol avlod” bolalar maktabi tomonidan Sharof Rashidov tumanidagi “n” harbiy qismga sayohat uyushtirildi.


Unda tarbiyaviy-mafkuraviy ishlar bo‘yicha komandir o‘rinbosari, mayor Ermamat Turdiboyev harbiy qismning shart-sharoitlari haqida atroflicha ma’lumot berdi. “Vatanparvar” to‘garaklari a’zolari bo‘lgan 200 nafardan ziyod o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.
***


Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 31 martdagi “Xotin-qizlarni muammolarini o‘rganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Forish tumanidagi barcha 25 ta mahalla fuqarolar yig‘inida “Ayollar daftari”ning 5-bosqichini shaklantirish uchun xatlov o‘tkazilmoqda. Ayni paytda, Forish tuman hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Elnora Ummatova boshchiligida mahallalardagi xotin-qizlar faollari xonadonma-xonadon yurib, xatlov ishlarini olib bormoqda.
***
Jizzax shahrida ham belgilangan jadval asosida barcha mahalla fuqarolar yig‘ini qatori Hamid Olimjon nomli hamda “Madaniyat” MFYlarida ham “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy madaniy targ‘ibot tadbirlari bo‘lib o‘tdi.

Ushbu “Mahallada duv-duv gap!” tadbiri doirasida tashkil etilgan ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirida so‘z olganlar so‘ngi yillarda yurtimizda Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, shu bilan birga, taraqqiyot yo‘lidagi bu islohotlarga barcha birdek daxldor bo‘lishi lozimligi to‘g‘risida atroflicha so‘z yuritdi.
A.Qayumov, O‘zA.