Arnasoy tumanidagi “Cho‘lquvar” mahalla fuqarolar yig‘inining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Tadbirda tuman hokimi Xurshid Alimardonov, nuroniylar, yoshlar va mahalla faollari ishtirok etdi. Unda yurtimizda mahalla institutini yanada rivojlantirish, amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasi, ulkan bunyodkorlik ishlari haqida so‘z bordi. Olib borilayotgan ezgu ishlar, avvalo, xalqimiz roziligi, inson qadri uchun xizmat qilayotgani, ushbu bino mahalla ahliga Yangi yil bayrami arafasida ajoyib sovg‘a bo‘lgani ta’kidlandi.
***
Qirg‘iziston Respublikasidan bir guruh mehmonlar yurtimizga kelib, qirg‘iz, o‘zbek va boshqa millatlar do‘st-qardosh bo‘lib yashayotgan Do‘stlik tumanining Manas mahallasida bo‘ldi. Ular mahallada aholi turmush farovonligini mustahkamlash yo‘lida amalga oshirilgan ishlar, yaratilgan sharoit va ijtimoiy soha ob’ektlari faoliyati, mahallada yashayotgan o‘zbek, qirg‘iz va boshqa qardosh xalqlarning o‘zaro do‘stona munosabatlari, aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan islohotlar bilan yaqindan tanishdi.
***
Prezidentimiz raisligida joriy yilning 29 noyabr kuni qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan oqilona foydalanish va yo‘qotishlarni kamaytirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi.
Tadbirda bir yil davomida suvni tejash bo‘yicha favqulodda ish tizimiga o‘tilishi ta’kidlandi. Zafarobod tumani “Suv xo‘jaligi” xodimlari hamda fermer xo‘jaliklari tomonidan davlatimiz rahbarining ushbu topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida, ichki ariqlarni betonlashtirish ishlari boshlab yuborildi.
***
G‘allaorol tumani “Xonim qo‘rg‘on” qishloq fuqarolar yig‘ini hududidagi “BARAKA AGRO PRO” mas’uliyati cheklangan jamiyatga qarashli parrandachilik kompleksi o‘z faoliyatini boshladi.
Barcha qulayliklarga ega bo‘lgan ushbu parrandachilik kompleksida yiliga 70 ming dona naslli jo‘ja parvarish qilinadi. Mazkur loyiha doirasi 20 nafar mahalliy yoshlar ishli bo‘ldi.
***
Jizzaxning “So‘g‘diyona-Woman” xotin-qizlar futbol klubi joriy mavsumda ayollar o‘rtasidagi mamlakat chempionati oliy ligasida faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan edi.
Shu munosabat bilan Jizzax futbol akademiyasida jamoa a’zolarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Jizzax viloyati hokimligi, viloyat yoshlar siyosati va sport boshqarmasi, “So‘g‘diyona” professional futbol klubi hamda viloyat futbol assotsiatsiyasi rahbariyati ishtirok etdi.
“So‘g‘diyona-Woman” jamoasiga chempionatning kumush medallari hamda qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
A.Qayumov,
O‘zA.