Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
“Adolat” SDP yoshlarning huquqiy va siyosiy bilimlari, ongi va madaniyatini yuksaltirish, ularni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va amaldagi boshqa qonun hujjatlariga hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida tashkil etgan “Konstitutsiya bilimdoni” ko‘rik-tanlovining Jizzax viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.


Do‘stlik tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktabning 11-“a” sinf o‘quvchisi Olim Niyozov 1-o‘rinni egalladi va tanlovning Respublika bosqichida Jizzax viloyati sharafini himoya qiladigan bo‘ldi.
***
Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi hamda viloyat prokuraturasi tomonidan G‘allaorol tumanida kriminogen vaziyatni barqaror saqlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish va uning oldini olish, aholi osoyishtaligini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Tuman sektorlari, korxona va tashkilotlar rahbarlari, mahallalar beshligi ishtirokidagi mazkur tadbirda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Akmal Muratov joriy yilning o‘tgan davrida hududda sodir etilgan qonunbuzarliklar haqida axborot berdi.

Shuningdek, bugungi kunda “Xavfsiz mahalla” tamoyili asosida xavfsiz muhitni yaratishga qaratilgan belgilangan vazifalarni tezkor va samarali hal etish choralarini ko‘rish lozimligi qayd etildi. Hududlarda kundalik masalalarni hal etishda “mahallabay”, “xonadonbay” va “fuqarobay” tizimlar bo‘yicha ishlash lozimligi uqtirildi.
***
Mirzacho‘l tumani hokimligida xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, o‘z joniga qasd va suiqasd qilish, erta turmush va erta tug‘ruq holatlari, korrupsiyaga qarshi kurashish, ayollarning bo‘sh vaqtini samarali tashkil etish, ularni turli yot g‘oyalardan himoya qilish masalalari muhokama qilindi.


Yig‘ilishda har bir masala tanqidiy muhokama etilib, kamchilikka yo‘l qo‘ygan mutasaddilar ogohlantirildi. Jamiyatning muhim bo‘g‘ini sanalgan xotin-qizlar o‘rtasida salbiy holatlarning oldini olish bo‘yicha mas’ul davlat idoralari o‘rtasida o‘zaro doimiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
***
Qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha Arnasoy tumani shtabi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida aniqlangan muammo va kamchiliklar tuman hokimligi qoshida tuzilgan maxsus guruh tomonidan bartaraf etilmoqda.


Jumladan, tumandagi “Tinchlik” hamda “Yangi bo‘ston” mahalla fuqarolar yig‘inlarida istiqomat qiluvchi aholi xonadonlariga suyultirilgan maishiy gaz ballonlari yetkazib berildi. Bobur mahallasi hududidagi tibbiyot birlashmasida tabiiy gaz quvurida yuzaga kelgan muammo bartaraf etildi va, shuningdek, “G‘oliblar” MFYdagi tabiiy gazdan foydalanayotgan aholi xonadonlarida tabiiy gazdan xavfsiz foydalanish, is gazidan zaharlanishning oldini olish maqsadida profilaktik tadbirlar o‘tkazildi.
A.Qayumov,
O‘zA muxbiri