Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Zafarobod tumanida fermer xo‘jaliklari dalalariga to‘qsonbosti ekinlari ekish bo‘yicha tashkil etilgan seminarda tumandagi fermer, dehqon xo‘jaligi rahbarlari, tomorqa yer egalari hamda mahalla fuqarolari ishtirok etdi.

Tadbir ishtirokchilari tumandagi “Shuhratbek Sharipov” fermer xo‘jaligi dalalaridagi to‘qsonbosti ekinlarini ekish va ekilgan piyoz, sarimsoq piyoz hamda boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarini parvarishlash jarayonlari bilan tanishdi.
***
Mirzacho‘l tumani hokimining navbatdagi sayyor qabulida barcha mutasaddi tashkilot rahbarlari ishtirok etdi.

Qabulda fuqarolar uy-joy, subsidiya olish, xonadonini ta’mirlash, kredit, bandlik, moddiy yordam va boshqa 20 dan ortiq masalalar yuzasidan o‘z muammolari bilan murojaat qildi. 8 ta murojaat shu joyning o‘zida bartaraf etilgan bo‘lsa, 3 ta murojaat yuzasidan huquqiy maslahatlar berildi. Qolgan barcha masalani o‘rganish vaqt, ijrosi mablag‘ talab qilganligi sabab nazoratga olindi.
***
Yurtimizning barcha joylarida bo‘lganidek, Jizzax shahrida ham “Xonatlas” festivali o‘tkazildi. “Oqila ayollar harakati” yetakchilari, viloyat axborot -kutubxona markazi hamda shahar Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan tadbir ko‘tarinki kayfiyatda o‘tdi.

Ushbu tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad momolarimizdan avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan milliy madaniyatimiz, qadriyat va urf-odatlarimiz hamda milliy liboslarimizni yoshlarimizga yetkazishdan iboratdir.
***
Aliment to‘lovchi fuqarolar, uyushmagan yoshlar, ishsiz xotin-qizlar uchun Jizzax shahar “Ishga marhamat!” mono-markazida bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi tashkil etildi.

Yarmarka doirasida ishtirok etgan fuqarolarning 31 nafariga o‘zlari tanlagan bo‘sh ish o‘rniga, 7 nafariga kasb-hunarga o‘qishi uchun “Ishga marhamat!” mono-markaziga hamda 2 nafariga haq to‘lanadigan jamoat ishlariga yo‘llanmalar berildi.
***
Sharof Rashidov tuman Oila va xotin-qizlar bo‘limi tomonidan “Ilmli ayol – jamiyat ko‘zgusi” shiori ostida “XXI asr ayoli” deb nomlangan xotin-qizlar festivali bo‘lib o‘tdi.

Unda tuman hokimi Mahmud Xolbo‘tayev so‘zga chiqib, festival ishtirokchilariga minnatdorlik bildirdi. Festivalda tadbirkor, hunarmand, chevar va ijodkor ayollar tomonidan ishlab chiqarilgan, tayyorlangan hunarmandchilik, kashtachilik, zardo‘zlik, to‘quvchilik, rassomchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi namoyish etildi.
A.Qayumov, O‘zA