Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Do‘stlik tumanida qishloq xo‘jaligida suvdan unumli foydalanish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish maqsadida fermer xo‘jaliklari rahbarlari hamda suvchilar ishtirokida “Suvchilar maktabi” o‘quv-kursi o‘tkazildi.
Tadbir Suv xo‘jaligi vazirligi, “Agrobank” aksiyadorlik tijorat banki, Toshkent Irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, tuman hokimligi hamda tuman prokuraturasi hamkorligida tashkil etildi.

Mashg‘ulotlar davomida suv resurslarini shakllanishi, sug‘orish usullari, Turkiya misolida zamonaviy sug‘orish tizimining ahamiyati va suvdan foydalanish madaniyati, ularni joriy qilish, iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash va shu kabi mavzular bo‘yicha nazariy bilimlar berildi.
***
Prezidentning Mirzacho‘l tumanidagi Xalq qabulxonasida o‘tgan navbatdagi aholi qabulida fuqarolar uy-joy, subsidiya olish, kredit, bandlik, davolanish, moddiy yordam va boshqa masalalar yuzasidan yuzaga kelgan muammolari bilan murojaat qildi.

Mazkur masalalar ko‘rib chiqilib, barcha murojaatlar nazoratga olindi va bartaraf etish yuzasidan mutasaddilarga aniq ko‘rsatmalar berildi.
Muddat talab etuvchi murojaatlar ijrosini ta’minlash borasida esa zarur chora-tadbirlar belgilab olindi.
***
Zomin tumani “Lyeadyers” o‘quv markazida yoshlarga mobil ilova hamda uning imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berilmoqda.

Yoshlarga mobil ilovani o‘rgatish, poster(plakat, afisha, banner)larni tarqatish orqali chet tillarini o‘qitish va yuqori darajada o‘zlashtirishlarida ko‘prik vazifasini bajarib berayotganini ta’kidlab o‘tish joiz.
Yoshlar ishlari agentligi Zomin tumani bo‘limi xodimlari tomonidan “Ibrat Acadyemy” loyihasi va uning imkoniyatlari haqida yoshlarga ma’lumot berish jarayonlari davom etmoqda.
***
G‘allaorol tumani hokimi, 1-sektor rahbari Jalolitdin Oqboyev “Nurafshon” mahalla fuqarolar yig‘ini yoshlari bilan o‘tgan uchrashuvda yoshlar tomonidan tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun imtiyozli kreditlar ajratish, subsidiya va ijtimoiy ko‘makka muhtoj bo‘lgan yoshlarga yordam ko‘rsatish masalalari yuzasidan murojaatlar eshitilib, joyida bartaraf etish choralari ko‘rildi.

Tinglangan murojaatlar yuzasidan tuman hokimi soha mutaxassislariga aniq topshiriqlar berib, ularning ijrosini shaxsan nazoratiga olishini ta’kidladi.
***
Sharof Rashidov tumani hokimi Mahmud Xolbo‘tayev bir guruh nuroniylar hamrohligida “Oqtoshota” MFY hududdagi “Yangi O‘zbekiston” massivida bo‘lib, Prezidentimizning 2021 yil 9 dekabrdagi “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan u yerdagi 180 o‘rinli bog‘cha, oilaviy shifokorlar punkti va maktab binolaridagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Ma’lumot o‘rnida, ushbu “Yangi O‘zbekiston” massivida joriy yil yakuniga qadar jami 14 ko‘p qavatli uylar foydalanishga topshirilishi belgilangan.
***
“Ko‘pkurash” harbiy vatanparvarlik sport musobaqasini o‘tkazish yuzasidan hududiy komissiya yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilish – viloyat bosqichi o‘tkazilishi belgilangan Jizzax shahridagi stadionda tashkil etildi. O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi va hamkor tashkilotlar bilan musobaqani namunaviy o‘tkazish, ishtirokchilar uchun zarur sharoitlar yaratish, viloyat bosqichini yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha barcha vazifalar taqsimlab olindi.
A.QAYUMOV, O‘zA