Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Zarbdor tumanida huquqni muhofaza qiluvchi organlarining Muvofiqlashtiruvchi kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda sektor rahbarlari, barcha huquqni muhofaza qiluvchi idoralar rahbarlari, tuman IIB xodimlari, barcha MFY beshliklari hamda jamoatchilik tashkilotlari ishtirok etdi.

Mazkur kengash yig‘ilishida 2023 yilning 6 oyida jinoyatchilik va huquqbuzarlikning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar tanqidiy muhokama qilindi hamda mas’ul tashkilot rahbarlarining hisobotlari tinglanib, aniq vazifalar belgilandi.
***
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisining buyrug‘iga asosan respublikaning barcha hududlarida qo‘mita hamda O‘zbekiston psixologlar assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda “Mahalla xotin-qizlar faollarining psixologik bilimlarini shakllantirish” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.

Jizzax viloyatining Mirzacho‘l hamda Arnasoy tumanlari mahalla xotin-qizlar faollari “Muomala madaniyati” yuzasidan ma’ruzalarni katta qiziqish bilan tinglashdi.
***
Arnasoyda aholiga ko‘rsatilayotgan tez tibbiy yordam faoliyati va aholiga ko‘rsatilayotgan tez yordam sifati va muammolari bo‘yicha Respublika tez tibbiy yordam markazi Jizzax filiali boshlig‘i K.Soliyev tomonidan sayyor qabul o‘tkazildi.

Mazkur sayyor qabulda “Tez yordam binosini moslashtirilgan binoga ko‘chirish va ichki jihozlar bilan ta’minlash”, “Tez yordam mashinalari uchun yozgi va qishki avto turargoh zarurligi”, “Aholiga ko‘rsatilayotgan tez yordam xizmatini yanada yaxshilash maqsadida qo‘shimcha tez yordam brigadasi va mashinasi bilan ta’minlash” kabi takliflar bildirildi.
O‘tkazilgan sayyor qabulda xodimlarning takliflari inobatga olinib, ko‘tarilgan masalalar ko‘rib chiqilishi va amaliy yordam qilinishi yuzasidan mutasaddi rahbarlarga aniq topshiriqlar berildi.
***
O‘zbekistonda “Volkswagen” va “BYD” avtomobillarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda. Jarayon “Jizzax avtomobil zavodi” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tashkil etiladi.

Shuningdek, 2024 yil aprelidan “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida “BYD” brendi ostida elektromobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.
***
Do‘stlik tumanida “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida huquqbuzarlik hamda jinoyatlarni oldini olish, “Missionerlikning salbiy oqibatlari” va “Diniy ekstremizm va terrorizm – jamiyat taraqqiyotiga tahdid” mavzularida seminar o‘tkazildi.

Seminarda tumandagi diniy vaziyatni sog‘lomlashtirish va ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini yanada mustahkamlash, diniy mutaassiblikning oldini olish hamda tuman xotin-qizlari o‘rtasida sog‘lom muhitni yaratish, yoshlarni diniy ekstremizm va aqidaparastlik ta’sirlariga tushib qolishlarini oldini olish maqsadida “Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzusida tushunchalar berildi.
***
Prezidentimizning 2022 yil 25 oktyabrdagi “2022–2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori qabul qilingandan keyin Forish tumanidagi mahallalar aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash borasida bir qator ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, joriy yilning o‘tgan oylarida 2-sektor hududidagi Musoqul Orolov nomli mahallada 20 kilometr, 3-sektor hududidagi “Egizbuloq” mahallasida 8 kilometr, “Oqtom” mahallasida 6 kilometr, “Oqtepa” mahallasida 4 kilometr, 4-sektor hududidagi “Osmonsoy” mahallasida 2,5 kilometr ichimlik suv tarmoqlari tortildi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA