Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Sharof Rashidov tumani U.Hotamov suv iste’molchilari uyushmasi “Mamatqul bobo” fermer xo‘jaligi dala maydonida viloyat qishloq xo‘jaligi tashkilotlari, fermer xo‘jalik rahbarlari ishtirokida tomchilatib sug‘orish texnologiyalari bo‘yicha ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarda Sirdaryo – Zarafshon ITXB boshlig‘i o‘rinbosari Baxtiyor Rahmatov hamda Jizzax agroxizmatlar markazi ilmiy bo‘lim mutaxassisi Y.Sharipovlar tomonidan tomchilatib sug‘orish texnologiyalarining afzalliklari va samaradorligi mavzusida keng ko‘lamda ma’lumot berildi.

***
Joriy yilning 22 iyul kuni Jizzax shahrida “Ranglar jilosida – Ona diyor” Respublika yosh ijodkorlar ko‘rik-tanlovining Jizzax viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tanlovda G‘allaorol tumani 15-sonli bolalar musiqa va san’at maktabi tasviriy san’at yo‘nalishi o‘quvchisi M.Yunusova birinchi o‘ringa loyiq topilib, ko‘rik-tanlovining respublika final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

***
Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning maroqli dam olishlarini tashkil etish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida G‘allaorol tumanidagi bir qator mahallalar yoshlarining ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand shahriga sayohati tashkil etilmoqda.
Jumladan, Alamli mahallasidagi ijtimoiy daftarlar ro‘yxatiga kiritilgan yoshlar sayohat davomida shaharning diqqatga sazovor joylari, tarixiy obidalari, muqaddas qadamjolari bilan tanishdi. Samarqand shahriga sayohat juda qiziqarli va unutilmas xotiralarga boy bo‘ldi.

***
Zafarobod tumani hokimligi binosida tumandagi 10 ta mahalla fuqarolar yig‘inida faoliyat olib borayotgan “beshlik” vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tuman hokimi O‘.Rahmonov, tuman sektorlari, mutasaddi tashkilotlar rahbarlari, tumandagi MFY “beshlik” vakillari ishtirok etdi.
Unda tumanda xizmat olib borayotgan “beshlik”, ya’ni mahalla raisi, profilaktika inspektori, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faollariga tegishli topshiriqlar berilib, amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan yo‘riqnomalar tarqatildi.

***
Prezidentimizning 2022 yil 26 oktyabrdagi “Respublikada mahalliy aviaqatnovlarni rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida Zomin tumani hududida aeroport qurilishi davom etmoqda.
Ayni paytda uzunligi 1,2 kilometr bo‘lgan uchish-qo‘nish yo‘lagi asos qismini tayyorlash va yo‘l poyini qurish ishlari “Zomin TYFUK” MCHJ tomonidan amalga oshirilmoqda.

***
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasida joriy yilning birinchi yarim yilligida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarliklar profilaktikasini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, polkovnik Najmiddin To‘raxodjayev ishtirok etdi. Viloyat IIB boshlig‘i, general-mayor G‘ayrat Qodirov boshqargan yig‘ilish avvalida jinoyatchlikning barvaqt oldini olishda amalga oshirilgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarga ham alohida to‘xtaldi.

***
Viloyat adliya boshqarmasi mas’ul xodimlari ishtirokida, Mirzacho‘l tumani adliya bo‘limi va yuridik xizmat ko‘rsatish markazi xodimlari tomonidan elektron tizim bo‘yicha davlat tashkilotlari, umumiy ta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim muassasalari rahbar va xodimlari ishtirokida o‘quv-seminar mashg‘uloti o‘tkazildi.
Seminarda elektron tizimning qulayliklari va ahamiyati xususida atroflicha ma’lumot berildi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA