Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Zafarobod tumani hokimi O‘tkirbek Rahmonovning ochiq va samimiy muloqot tarzida kechgan fuqarolar qabulida 21 nafar aholi vakillari ishtirok etdi.

Asosan pensiya, moddiy yordam, kredit, uy-joy ta’miri va boshqa masalalarga oid murojaatlarning aksariyati joyida hal etildi. Qolgan murojaatlar yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriq va vazifalar yuklatilib, ijrosi nazoratga olindi.
***
Jizzax garnizoni “N” harbiy qismda va Jizzax viloyati IIB YHXX va HAN bilan hamkorlikda “Huquqbuzarliklar profilaktikasi” kuni doirasida “Yo‘l qoidasi umr foydasi!” mavzusida profilaktik tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda Jizzax shahar IIB YHXB mutaxassislari tomonidan yo‘l harakati xavfsizligiga oid statistik ma’lumotlar, ehtimoliy yo‘l transport holatlariga olib keladigan omillar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
***
Jizzax garnizonidagi yana bir harbiy qism harbiy xizmatchilari o‘rtasida “Quvnoqlar va zukkolar” ko‘rik-tanlovining saralash bosqichi bo‘lib o‘tdi.


Unda harbiy xizmatchilar uchta shart ya’ni “Tanishing bizning jamoa”, “Bir kun harbiy qism hayotidan” va “Musiqali chiqishlar: qo‘shiqlar kolleksiyasi” shartlari asosida bellashdi.
***
Yoshlar siyosati va sport vazirligi ishchi guruhi a’zolari Sharof Rashidov tumani bolalar-o‘smirlar sport maktabida o‘tkazgan o‘rganishlar davomida sport maktabida yaratilgan shart-sharoitlar, mavjud kamchiliklarni joyida bartaraf etilishi choralari, metodik qo‘llanmalar hamda sport maktabida ish yuritilishi bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi.

Sport maktabining futbol maydonida olib borilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlari o‘rganilib kerakli tavsiyalar berildi.
***
Paxtakor tumani “Chamanzor” mahalla fuqarolar yig‘inida davlat-xususiy sherikchiligi asosida navbatdagi zamonaviy ijtimoiy ob’ekt qurib foydalanishga topshirildi. 6 mingdan ortiq aholi yashayotgan ushbu MFY shu kunga qadar o‘z binosiga ega emas edi. “Chamanzor” MFYda homiylik asosida aholi va shu yerda faoliyat yuritayotgan xodimlar uchun zarur bo‘lgan barcha sharoitlar yaratilib, yumshoq va qattiq mebellar to‘plami, kompyuter jamlanmalari bilan ham ta’minlandi.

Ob’ektning ochilish marosimida tuman hokimi A.Ashurov, mutasaddi tashkilotlar rahbarlari, nuroniylar, mahalla faollari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
***
G‘allaorol tumani “Buloqboshi” MFY hududidagi Sa’d Ibn Abu Vaqqos ziyoratgohida Uzunbuloq va Buloqboshi mahallalari faollari ishtirokida oilalarda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, voyaga yetmagan yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklarni oldini olish, oilada farzand tarbiyasiga alohida e’tibor qaratish, yosh oilalarda yuzaga keladigan ajrimlarni oldini olishga qaratilgan targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.

Tadbir jarayonida ajrim arafasiga kelib qolgan 2 oila yarashtirib qo‘yildi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA