Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Jizzax shahridagi “O‘rda” ekologik bog‘ida 30 iyun – Yoshlar kuni bayrami munosabati bilan katta konsert dasturi namoyish etildi.
Tadbir avvalida Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston yoshlariga yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.
Poytaxtdan kelgan taniqli san’atkorlar va mahalliy ijrochi yoshlar tomonidan namoyish etilgan katta konsert dasturi ishtirokchilarga bayramona kayfiyat ulashdi.

***
“Zomin-ziyo” o‘quv markazining tarbiyalanuvchilaridan yana biri, 10-sinf o‘quvchisi Abduvali Ashirov Yaponiya Xalqaro universiteti talabasi bo‘ldi. Buni u Zominda IYeLTS imtihoni topshirish orqali amalga oshirdi.

***
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Paxtachilik kengashi raisi, akademik Ibrohim Abdurahmonov boshchiligidagi ishchi guruh Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida g‘o‘za yetishtirish agrotexnologiyalariga rioya etish holati bo‘yicha o‘rganish olib bormoqda.
Mutaxassis agrotexnologiyalariga rioya etish holati bo‘yicha tuman dalalarida g‘o‘za parvarishidagi ommalashtirishga loyiq ishlar va o‘z navbatida, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar borasida o‘zining zarur maslahat va tavsiyalarini berdi.

***
Yangiobod tumanidagi barcha mahalla va qishloqlarda asosiy va ichki yo‘llarda ta’mirlash ishlari davom etmoqda.
Xususan, ayni kunlarda tuman obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan “Do‘stlik” MFYning Pastkichaqir qishlog‘idagi ko‘chalarida shag‘allashtirish ishlari olib borilmoqda.
Yo‘llar sifatini yaxshilash, aholi va transport vositalari harakatlanishi uchun qulayliklar yaratish maqsadida amalga oshirilayotgan bu kabi ishlar barcha mahallalarda bosqichma-bosqich davom ettiriladi.

***
Mirzacho‘l tumanida ham 30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik” shiori ostida yoshlar festivali o‘tkazildi.
Mazkur festivalda taniqli estrada san’atkorlarining eng sara qo‘shiqlari, turli millat raqslari, maftunkor tomoshalari, tuman havaskor san’atkorlari va yosh ijrochilarning chiqishlari olqishlar bilan qarshilandi.
Shuningdek, ta’lim muassasalaridagi dars mashg‘ulotlarini a’lo baholarga o‘zlashtirgan, tengdoshlariga har tomonlama o‘rnak bo‘lgan yoshlar va ularning ota-onalariga oltin medal, tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.


A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA