Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Paxtakor tumani tibbiyot birlashmasida “Salomatlik sayli” tadbiri doirasida Respublika tor soha mutaxasisslaridan tashkil topgan 20 ga yaqin malakali shifokorlar tomonidan chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik o‘tkazildi.

Tibbiy ko‘rikda 447 dan ortiq aholi vakillari chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ulardan 104 nafarida turli xil kasalliklar aniqlandi. Shundan 65 nafariga ambulator davo choralari, 37 nafariga stasionar davo choralari qo‘llanildi. 2 nafar bemorlarga esa respublika miqyosida jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish va davolanish uchun yo‘llanmalar berildi
***
Forish tumani 3-sektor hududidagi “Oybek” nomli mahalla fuqarolar yig‘inida tuman oila va xotin-qizlar bo‘limi tomonidan “Ayollari e’zozlangan yurt” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

“Sumalak sayli”, milliy taomlar va hunarmandchilik ko‘rgazmasida respublika poytaxtidan kelgan taniqli shoir va yozuvchilar tumanning oqila va faol ayollari bilan uchrashib, o‘zaro muloqotda bo‘ldi. Tadbirda Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Nazira Muxtorova ishtirok etdi.
***
Vazirlar Mahkamasining “2020-2025 yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida” qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Paxtakor tumani madaniyat markazida “Kitobsevar millat” shiori ostida III Respublika “Kitobxonlik haftaligi” tadbir o‘tkazildi.

Unda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist – Olim Toshboyev, Gulnora Ahmedova, “Sharq yulduzi” jurnali bosh muharriri Sirojiddin Raupov, Yunus Rajabiy nomidagi maqom ansambli xonandasi Rustam Mirminov, mahalliy ijodkorlardan Gulchehra Usmonova hamda yosh ijrochilar bilan ijodiy uchrashuv va musiqiy kecha bo‘lib o‘tdi.
***
Respublika Ma’naviyat-ma’rifat markazi Yangiobod tuman bo‘linmasi hamda tuman xalq ta’limi bo‘limi hamkorligida umumta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilar o‘rtasida “Eng faol targ‘ibotchi” respublika tanlovining tuman bosqichi o‘tkazildi.

“Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” g‘oyasini keng targ‘ib etish orqali jamiyatda sog‘lom dunyoqarash va bunyodkorlikni umummilliy harakatga aylantirish, faoliyati namunali yo‘lga qo‘yilgan ijodiy-madaniy ishlar bo‘yicha targ‘ibotchilar ish tajribasini keng ommalashtirish hamda ularning mehnatini munosib rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilgan tanlovda ishtirokchilar faoliyati hakamlar hay’ati tomonidan nizom talablari asosida ko‘rib chiqildi.
Tanlov g‘olib, sovrindor va faol ishtirokchilarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi. Shu bilan birga, ikki nafar g‘olib ishtirokchilar tanlovning viloyat bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
***
Zafarobod tumani hokimi O‘tkirbek Rahmonovning fuqarolar bilan navbatdagi qabulida asosan kadastr hujjatlari, moddiy va tibbiy yordam, bank kredit mablag‘lari, bandlik va boshqa masalalarga oid murojaatlar kelib tushdi.

Fuqarolar tomonidan ko‘tarilgan ushbu 21 ta murojaatning 15 tasi joyida ijobiy hal etilgan bo‘lsa, qolgan murojaatlar yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi, ijrosi nazoratga olindi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA