Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Yoshlar siyosati va sport vazirligi quyi tuzilmalarida o‘rganishlar o‘tkazish, joylarda yoshlar siyosati va sport sohasida amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligi, jumladan, tizim rahbarlarining shaxsiy mas’uliyatini oshirish va belgilangan ustuvor vazifalar yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlarni belgilash maqsadida Jizzax viloyatida ishchi guruhi o‘z ishini boshladi.
Ishchi guruh tomonidan Jizzax shahridagi sport komplekslari, yoshlar siyosati va sport sohasidagi mas’ul xodimlar, mahallalardagi yoshlar yetakchilarning faoliyati bilan tanishtirildi.
Mirzacho‘l tuman oila va xotin-qizlar bo‘limi tomonidan mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi xotin-qizlar faollarining malakasini oshirish maqsadida Prezidentning 2022 yil 29 iyundagi “Mahallalarda ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga yordam berish tizimini yangi bosqichga ko‘tarish hamda xotin-qizlarni kasbga o‘rgatish ishlarini yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bo‘yicha “Mahalla faolining oilalar bilan ishlash mexanizmi va strukturasi” mavzusida seminar-trening tashkil etildi.
Seminar davomida mahallalarda faoliyat ko‘rsatayotgan xotin-qizlar faollari ijtimoiy xizmat ko‘rsatishda onlayn ishlash, planshetlar va yangi dasturdan foydalanish bo‘yicha zarur ma’lumotlarga ega bo‘ldi.

G‘allaorol tuman prokurori S.Razzoqov 2-sektor hududida joylashgan “Guliston” qishloq fuqarolar yig‘inidagi 8-sonli oilaviy poliklinika va “Buloqboshi” QFYdagi “Zarbuloq” oilaviy shifokorlik punktiga borib, u yerdagi bemorlar uchun yaratilgan shart- sharoitlar, isitish tizimlarini o‘rgandi.
QFY faollari hamda tibbiyot xodimlari bilan uchrashib, ular bilan muloqotda bo‘ldi va yuzaga kelgan ba’zi muammolar bo‘yicha mutasaddilarga tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berdi.

Global muammolarga aylanib borayotgan terrorizm, ayirmachilik, separatizm, uyushgan jinoyatchilik, shu jumladan, korrupsiya avj olayotgani dunyo jamoatchiligini tashvishga solmoqda.
Jizzax viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasida o‘tkazilgan tadbirda ham qatnashchilarga korrupsiyaga qarshi kurashish borasida mamlakatimizda qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati, bu borada joriy yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar bo‘yicha atroflicha ma’lumotlar berildi.

Forish tumanidagi 4 ta sektor hududidagi 25 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarida “Ayollar daftari”ning to‘rtinchi bosqichini shakllantirish maqsadida mahalla xotin-qizlar faollari, sektorga biriktirilgan ishchi guruh a’zolari tomonidan xonadonma-xonadon yurish orqali ayollar muammolari o‘rganilmoqda.
bugungi kunda tumanning 1-sektor hududidagi “Bog‘don” mahallasida 3 ming 453 nafar aholi istiqomat qiladi. Shundan 1 ming 719 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi. Mahalla xotin-qizlar faoli Sadbarg Saidova mahallada “Ayollar daftari”ning to‘rtinchi bosqichini shakllantirish maqsadida xonadonma-xonadon yurib, ijtimoiy ko‘makka muhtoj xotin-qizlar muammolarini o‘rganmoqda.

Paxtakor tumani “G‘alaba” MFYda 2023 yilda soatiga quvvati 60 metr kub bo‘lgan, qiymati 3 milliard 800 million so‘mlik beton ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish mo‘ljallangan.
Turkiyada ishlab chiqarilgan texnologiyalar olib kelinib, o‘rnatilmoqda. Loyiha ishga tushirilgach, 6 ta doimiy va 6 ta mavsumiy ish o‘rinlari yaratiladi.
A.Qayumov, O‘zA