Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Sovuq ob-havo sharoitida “JIZZAX SUV TA’MINOTI” MCHJ Arnasoy tuman filiali xodimlari sa’y-harakati bilan iste’molchilarga uzluksiz ravishda toza ichimlik suvi yetkazib berilmoqda.
Arnasoy tumaniga ichimlik suvini yetkazib berishdagi uzilishlarning oldini olish maqsadida – “Qo‘ytosh” suv ta’minoti inshootida profilaktika-ta’mirlash ishlari olib borildi.

Energiya resurslari taqchilligi va sovuq havo ta’sirida tadbirkorlar duch kelayotgan muammo va qiyinchiliklarni bartaraf etish, ularni qo‘llab-quvvatlash, yuzaga kelgan qiyin vaziyatdan betalafot chiqish, iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror ishlashini ta’minlash, makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga erishish maqsadida Sharof Rashidov tumani hokimi M.Xolbo‘tayev, tuman prokurori M.Sattorov va boshqa mutasaddi rahbarlar tadbirkorlarning muammolarini hal etish uchun sanoat va tadbirkorlik ob’ektlarida bo‘lib, ular bilan suhbatlashdi.
Elektr energiyasi va kredit qarzdorliklari yuzasidan muammolar o‘rtaga tashlanib, ularni hal etish bilan bog‘liq muddatlar belgilandi.

Mirzacho‘l tuman oila va xotin-qizlar bo‘limi tomonidan mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi xotin-qizlar faollarining malakasini oshirish maqsadida Prezidentning 2022 yil 29 iyundagi “Mahallalarda ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga yordam berish tizimini yangi bosqichga ko‘tarish hamda xotin-qizlarni kasbga o‘rgatish ishlarini yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bo‘yicha “Mahalla faolining oilalar bilan ishlash mexanizmi va strukturasi” mavzusida seminar-trening tashkil etildi.
Seminar davomida mahallalarda faoliyat ko‘rsatayotgan xotin-qizlar faollarini ijtimoiy xizmat bo‘yicha onlayn ishlashda planshetlar va yangi dasturdan foydalanish bo‘yicha zarur ma’lumotlarga ega bo‘ldi.

Insonlarni qadrlash, kam ta’minlangan va ehtiyojmand oilalar holidan xabar olish xalqimizga xos fazilatlardan.
G‘allaorol tumani 1-sektor hududiga qarashli “Mulkush” qishloq fuqarolar yig‘inida yashovchi 11 nafar ijtimoiy yordamga muhtoj, kam ta’minlangan fuqarolar holidan xabar olinib, saxovatli, mehr-muruvvatli insonlar tomonidan un va yog‘ tarqatildi.
Bu kabi saxovat tadbirlari tumanning boshqa qishloq va mahallalarida ham o‘tkazilmoqda.

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan Yangiobodda davlat fuqarolik xizmatchilari uchun tashkil etilgan onlayn “Siyosiy-ma’rifat soati”da tuman hokimligi xodimlari ham ishtirok etib, bugungi kunning eng muhim va dolzarb mavzulari to‘g‘risida zaruriy ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
Shuningdek, “Siyosiy-ma’rifat soati”da inson kapitalini rivojlantirish yo‘nalishida Singapur bilan hamkorlik, xalqaro aloqalarda protokol va etiket qoidalari, O‘zbekiston va xorijdagi muhim jarayonlar haqida ma’lumotlar berildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA