Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Yangiobod tumanida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining joriy yil 14 oktyabrdagi “Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorining mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka chuqurroq tushuntirish maqsadida korxona va tashkilotlar rahbarlari uchun seminar tashkil etildi.

Unda tuman adliya bo‘limi boshlig‘i J.Abduxoliqov ishtirok etib, seminar ishtirokchilariga mazkur qaror va shu asosda ishlab chiqilgan Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqi namunaviy qoidalarining mazmun-mohiyati haqida ma’lumotlar berdi.
* * *
Umumta’lim maktablarida ta’lim sifatini oshirish, o‘quvchilarga zamonaviy pedagogik uslubda dars o‘tish, o‘qituvchilar malakasini oshirish maqsadida, Zomin tumani hokimi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi S.Anvarov tumandagi 56-, 65- va 39-sonli umumta’lim maktablarida bo‘lib, dars jarayonlari bilan tanishdi.

Maktablardagi dars jarayonlarini kuzatdi. bugungi kun o‘quvchisiga zamon talablari asosida dars berishda faqatgina o‘qituvchi emas, maktab direktorlari va uning o‘rinbosarlariga bo‘lgan talab va mas’uliyat yuqori darajada ekanligini, maktab rahbari haqiqiy boshqaruvchilik – menejerlik qobiliyatiga ega bo‘lishi lozimligi haqida aytib o‘tdi.
* * *
Do‘stlik tumani, “Jizzax ostonasi” fermer xo‘jaliklari hududiy uyushmasidagi “Ostona shunqori” fermer xo‘jaligida dala chetlariga tut va tok ekishga bag‘ishlangan seminar tashkil etilib, unda fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari, tumandagi qishloq xo‘jaligi sohasi mutasaddilari, hududiy uyushmalar raislari, paxtachilik va g‘allachilikka ixtisoslashtirilgan fermerlar ishtirok etdi.

Seminar soha mutaxassislari dehqonchilikda yashil ihotalar, jumladan, tut va tokning ahamiyatini atroflicha tushuntirdi. Fermer xo‘jaliklari a’zolari tomonidan dala maydonlari chetlariga tut va tok ko‘chatlari ekishga kirishildi.
* * *
Zarbdor tuman Davlat xizmatlari markazi xodimlari boshchiligida Davlat va fuqaroligi to‘g‘risidagi qonunning mazmun-mohiyatini yetkazish va “Mobilye-ID” tizimini targ‘ib qilish maqsadida Lalmikor MFY aholisi o‘rtasida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.
Bundan tashqari qonunchilikdagi yangiliklar hamda davlat xizmatlarida ko‘rsatilayotgan yangi xizmatlar bo‘yicha ma’lumot berildi.
* * *
3-sektor hududi “Oltin vodiy” MFY hududida joylashgan 1-sonli umumta’lim maktabida tuman hokimligi xotin-qizlar bo‘limi va mahalla xotin-qizlar faoli tomonidan, maktabning yuqori sinf o‘quvchilari ishtirokida “Odob-ahloq”, “Sog‘lom turmush tarzi”, “Erta tug‘ruq va erta turmush qurishning zararlari”, “Jinoyatchilik va uning oldini olish”ga qaratilgan ma’naviy-ahloqiy qadriyatlar va ularni saqlab qolish to‘g‘risida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

“Qizim senga aytar so‘zim bor” mavzusida “Oqila ayollar harakati”, “Buvijonlar maktabi” a’zolari, ayollar maslahati kengashi a’zolari, tuman IIB mas’ul xodimi va tibbiyot birlashmasi mas’ul xodimlari bilan birgalikda o‘quvchilarga kerakli tavsiyalar berildi.
Tadbir davomida tuman IIB tomonidan "Siz o‘z huquqlaringizni bilasizmi?" shiori ostida o‘tkazilgan muloqotda maktab o‘quvchilariga zarur ma’lumotlar berildi.
* * *
Sharof Rashidov tumani hokimi Mahmud Xolbo‘tayev hamda viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi mas’ul xodimlari ishtirokida tuman mahallalaridagi xotin-qizlar faollari bilan tashkil etilgan uchrashuvda “Ayollar daftari”ga kiritilgan ayollar bilan ishlash, daftardagi ayollarga ko‘rsatilayotgan moddiy va ijtimoiy yordamlar holati o‘rganildi.
Aholiga kreditlar berish va xotin-qizlar faollariga “Ayollar daftari” bilan ishlashda hokim yordamchilarining o‘zaro hamkorligini kuchaytirish masalasida topshiriqlar berildi.
* * *
Jizzax viloyati Mirzacho‘l tumani maktabgacha ta’lim bo‘limlari tarbiyalanuvchilari gimnastika bo‘yicha Toshkent viloyatida bo‘lib o‘tgan respublika tanlovida ishtirok etdi va birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

G‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lajak gimnastikachilar tantanali kutib olinib, rag‘batlantiriladi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA