Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Jizzax viloyatida muqobil energiya manbalaridan qishloq xo‘jaligida ham keng ko‘lamda foydalanilmoqda.
Viloyatning Zomin tumanidagi “Yangi dala hosili” fermer xo‘jaligida quvvati 37 kVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi o‘rnatildi.

Bu Energetika vazirligi huzuridagi “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan olib borilgan tushuntirish ishlari natijalaridan biridir. Endi elektr uzatish tarmog‘idan ancha olisda bo‘lgan fermer xo‘jaligi dalasiga katta miqdorda mablag‘ sarflab, elektr uzatgich liniyalari va beton ustunlar o‘rnatishga hojat qolmadi.
* * *
Forish tumani prokurori hamda tumandagi Prezident Xalq qabulxonasi mudiri birgalikda “Qoraabdol ota” mahalla fuqarolar yig‘inida sayyor qabul o‘tkazdi.

Qabulda aholi tomonidan ichki yo‘llarni ta’mirlash, suyultirilgan gaz ta’minoti, kredit olishdagi muammo, davolanishda ko‘maklashish, nafaqa tayinlash, elektr ta’minotidagi uzilishlarga barham berish va boshqa masalalar bo‘yicha jami 24 ta murojaat o‘rtaga tashlandi.
Ushbu murojaatlarning 3 tasiga huquqiy tushuncha berildi. 4 ta murojaat tegishli tashkilotlar tomonidan joyida hal etildi. Qolgan murojaatga muddat belgilanib, tegishli tartibda ijrosi nazoratga olindi.
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 31 dekabrdagi “Oila institutini yanada rivojlantirish va yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Arnasoy tumanida “Yoshlarni yangi hayotga tayyorlash markazi” tomonidan yangi hayotga qadam qo‘yish arafasida turgan yosh kelin-kuyovlarga hayot saboqlari o‘qitilmoqda.

Markaz tomonidan 16 soatlik o‘quv-kursini tamomlagan 207 nafar nikohlanuvchi yosh sertifikatlarga ega bo‘ldi.
* * *
Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi muammolarini tizimli hal qilish, jamoat xavfsizligini ta’minlash va kriminogen vaziyatga ta’sir etuvchi ijtimoiy-maishiy muammolarni bartaraf qilish, mahallalar infratuzilmasini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlarni “mahallabay”, “xonadonbay” va “fuqarobay” tashkil etish borasida viloyat 3-sektor shtabi a’zolarining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib, o‘tdi.
Shtab a’zolarining 5 oylik ish natijalari bo‘yicha hisobotlari tinglanib, tanqidiy va tahliliy muhokama etildi.
Shuningdek, shahar-tuman 3-sektorlarining “og‘ir hudud”larga kiritilgan mahallalardagi mavjud muammolarni manzilli hal etish borasida tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturiga ko‘ra, mas’ullarga qator topshiriqlar berilib, ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash nazoratga olindi.
* * *
Yoshlar ishlari agentligi va xalq ta’limi G‘allaorol tuman bo‘limlari hamkorligida “Yoshlar dasturi” doirasida o‘ndan ortiq umumta’lim maktablari qoshida “Pazandachilik” to‘garaklari tashkil etilib, ularning faoliyati to‘liq yo‘lga qo‘yildi.

Bu loyiha dastlab 200 nafar yoshni qamrab oldi. E’tiborlisi, to‘garaklar mikroto‘lqinli pechlar bilan ta’minlandi.
Mazkur loyiha tumanning boshqa hududlarida ham davom ettirilishi rejalashtirilgan.
* * *
Yangiobod tuman hokimi Ibrohim Qarshiboyevning xitoylik investorlar bilan uchrashuvida yangi loyihalar yuzasidan muhokamalar olib borilib, dastlabki kelishuvlarga erishildi.

Xorijiy investor tomonidan tumanda plastik quvurlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ham muhokama etildi.
Bundan tashqari, tumanda qishloq xo‘jaligi sohasini yanada rivojlantirish va yangi ish o‘rinlari yaratish maqsadida “Havotog‘” QFY hududidan yer maydoni ajratish va u yerda ishlab chiqarish korxonasi tashkil etish rejalashtirildi.
* * *
Sharof Rashidov tuman 4 ta sektor rahbarlari hududidagi qolipli non chiqarish korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Korxonalarda yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish choralari ko‘rilib, non narxi oshib ketishining oldini olish maqsadida tadbirkorlar bilan profilaktik suhbatlar olib borilmoqda.

Shuningdek, tumandagi savdo majmualari, mahalla guzarlarida joylashgan do‘konlarda sotilayotgan qolipli non va asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining narxlari ham o‘rganildi.
* * *
Zarbdor tuman hokimi va sektor rahbarlari 1-sektor hududidagi “Navbahor” MFYda o‘tkazilgan navbatdagi ommaviy qabulda tumandagi barcha idora va tashkilot rahbarlari ishtirok etib, aholi muammolariga quloq tutildi.
Qabul davomida tadbirkorlik qilish, sog‘ligini tiklashda ko‘mak, elektr sim yog‘ochlarni almashtirish va moddiy yordam masalalarida 14 ta murojaat ko‘tarildi.
1 ta murojaat bo‘yicha huquqiy maslahatlar berilgan bo‘lsa, 9 murojaat joyida o‘zining ijobiy yechimini topdi. Boshqa murojaatlar yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berilib, ijrosi nazoratga olindi.
Shuningdek, asosiy e’tibor aholining daromad manbaini oshirishga qaratildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA