Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Jizzax viloyat boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yoqilg‘i-energetika resurslarining narxlarini o‘zgartirish to‘g‘risida”gi qaror loyihasi mazmun-mohiyati muhokamasiga bag‘ishlab matbuot anjumani tashkil etildi.
Unda viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar, adliya boshqarmalari, “Hududgazta’minot”, “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlari viloyat filiallari rahbar va mas’ullari, ommaviy axborot vositalarining vakillari, korxona, tashkilot va muassasalarning matbuot xizmati rahbarlari ishtirok etdi.
Mazkur qaror loyihasini ishlab chiqishda yoqilg‘i-energetika resurslari narxlarini o‘zgartirish me’yorlari har jihatdan o‘rganib chiqilib, tahlil qilingani va bu jarayonda xalqaro tajribalar inobatga olinganiga e’tibor qaratilgani haqida so‘z bordi.
Kadastr agentligi va Davlat kadastrlari palatasi Jizzax viloyati boshqarmalari tashabbusi bilan viloyat sudlari, “Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” hamda “Hududgazta’minot” aksiyadorlik korxonalari viloyat filiallari bilan hamkorlikda ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Unda fuqarolar va tadbirkorlar yer, kadastr nazorati, ma’muriy amaliyot, viloyatda qancha yer maydoni o‘zboshimchalik bilan noqonuniy egallab olingan, bunga qanday choralar ko‘rilganligi va amalga oshirilgan ishlar, hujjatlarni rasmiylashtirish, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va kadastr bilan bog‘liq boshqa ma’lumotlar muhokama etildi.
Sharof Rashidov tuman 2-sektor hududida joylashgan tuman xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 20-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida 370 o‘rinli qo‘shimcha bino qurilishi hamda 630 o‘rinli mavjud binoni mukammal ta’mirlash, 330 o‘rinli asosiy maktab va 40 o‘rinli maktab filiali binosini qurish, ta’mirlash ishlari qizg‘in olib borilmoqda.
“ALFA PLYUS” xususiy koronasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan tuman prokurori yaqindan tanishdi.
Nogironlarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish, moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatda o‘z o‘rinlarini egallashiga imkoniyatlar yaratish maqsadida Arnasoy tuman tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish bo‘limi, O‘zbekiston “Ko‘zi ojizlar” va nogironlar jamiyati tuman bo‘limi ishtirokida uyda yotib qolgan 1-guruh nogironligi bor hamda o‘zgalar parvarishiga muhtoj nuroniylar holidan xabar olindi.
Ehtiyojmandlarga tuman tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish bo‘limi tomonidan ovoz chiqaruvchi tibbiy tonometrlar berildi.
G‘allaorolda tuman hokimligi va Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi tomonidan bolalar-o‘smirlar sport maktabiga 10 dona velosiped sovg‘a qilindi.
Yoshlar dasturi doirasida amalga oshirilgan loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad, yoshlarni velosportga qiziqtirish ularni sport bilan muntazam shug‘ullanishini ta’minlashdan iborat. Loyihaning keyingi bosqichida bu boradagi ishlarni jadallashtirish, qamrovni oshirish ko‘zda tutilgan.
Forish tuman hokimligida vazirlik va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi hamda viloyatlar, Toshkent shahar, shuningdek, barcha tuman va shahar hokimliklari xodimlari uchun onlayn siyosiy-ma’rifat o‘quv soati bo‘lib o‘tdi.
Unda spikerlar hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yondashuvlari, “Stressga bardoshlilikning psixologik asoslari” hamda “Huquqiy savodxonlik” soatida hafta davomida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati kabi masalalarga to‘xtaldi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA