Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Xalq deputatlari Arnasoy tumani Kengashi deputati Maqsud Abdullayev boshchiligidagi deputatlar guruhi “Cho‘lquvar” mahalla fuqarolar yig‘inida yashayotgan aholi muammolarini “xonadonbay” tizimida o‘rgandi.
O‘rganishlar davomida aholi vakillari tomonidan ko‘tarilgan turli darajadagi ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy, maishiy muammolar har tomonlama tahlil qilinib, mutasaddi rahbarlarga deputat so‘rovnomalari jo‘natildi. Viloyat va respublika darajasida hal etiladigan masalalar yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilandi.

Shuningdek, deputatlar fuqarolar yig‘inlari raislarining vakolat muddati tugashi munosabati bilan joriy yil may oyida o‘tkaziladigan mahalla raislari (oqsoqollari) saylovi va uning o‘tkazish jarayonlari haqida atroflicha ma’lumot berdi.
* * *
Yoshlar ishlari agentligi va mudofaa ishlari tuman bo‘limlari hamkorligida Forishdagi barcha qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlarida istiqomat qilayotgan 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida “Vatanparvarlar” harbiy sport musobaqasining tuman bosqichi o‘tkazildi.

Musobaqada yoshlar harbiylashtirilgan estafeta, jabrlanuvchiga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, safda qo‘shiq aytish, avtomatni sochib-yig‘ish hamda “Temur tuzuklari” bilimdonlari shartlari asosida bahslashdi.
Musobaqa yakuniga ko‘ra 3-sektor yoshlari jamoasi g‘olib, deb topilib, musobaqaning viloyat bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
* * *
G‘allaorol tumani hokimi Jaloliddin Oqboyev mutasaddi tashkilot, muassasa va korxona rahbarlari ishtirokida o‘tkazgan qabulda fuqarolarning 28 ta murojaati tinglandi.
Aholining tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun yer ajratish, kredit olish, ichki yo‘llarni ta’mirlash, ichimlik suv, elektr energiya va gaz ta’minotini yaxshilash, ishga joylashish, imtiyozli kredit olish, sog‘liqni saqlash kabi masalalarga oid murojaatlarini hal etish choralari ko‘rildi.
6 ta murojaatda keltirilgan muammolar joyida hal etildi. 5 nafar murojaatchiga huquqiy maslahatlar berildi. Muddat talab qiladigan murojaatlar bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berilib, ijrosi nazoratga olindi.
* * *
Davlat boshqaruv akademiyasi Guliston filialida joriy yilning 18-23 aprel kunlariga mo‘ljallangan davlat boshqaruvi organlari rahbarlari uchun navbatdagi malaka oshirish kurslari bo‘lib o‘tmoqda. Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Jizzax viloyati filiali rahbari E.Xolbo‘tayev tinglovchilarning dars jarayonlarida qatnashishi, olayotgan bilimlari va o‘tilayotgan darslar sifati bilan yaqindan tanishdi hamda ularning fikrlarini tingladi.
Tinglovchilar boshqaruv qobiliyati, liderlik sifati, boshqaruvda tizimli tahlil, ijtimoiy qadriyatlar, natijaga yo‘nalganlik, yangi tajribaga ochiqlik hamda ijtimoiy intellekt kompetensiyalarini rivojlantirish yo‘nalishlarida bilim olmoqda.
* * *
Mirzacho‘l tuman xalq ta’limi bo‘limiga qarashli umumta’lim maktablarining ma’naviy-ma’rifiy masalalari bo‘yicha hamda o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari o‘rtasida sektorlar tizimida 4 tadan, jami 8 ta jamoa tuzilib, “Zakovat” intellektual o‘yinida g‘oliblik uchun bahs olib bordi. Har bir guruhga 12 tadan savol berilib, kitobxonlik bo‘yicha bilimlari sinovdan o‘tkazildi.

Tumanning 1-sektor hududidagi umumta’lim maktablari direktorlarining ma’naviy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosarlaridan tashkil topgan “G‘oliblar” jamoasi bu o‘yinda barcha hamkasblaridan ko‘proq ball jamg‘arib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
* * *
Baxmal tumanida "Kitobxonlik haftaligi” ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tuman hokimligi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi, axborot kutubxona markazi va madaniyat bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan tadbir doirasida yozuvchi, shoir, olim va san’atkorlar, kutubxonachilar ishtirokida yoshlar bilan ijodiy uchrashuv o‘tkazildi.

“Bilimdon – kitobxon” viktorinasi hamda “Jahon va o‘zbek adabiyoti durdonalari kutubxonasi” javonidan o‘rin olgan kitoblar ko‘rgazmasi namoyish etildi.
* * *
Prezidentimizning 2020 yil 24 sentyabrdagi “Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish” loyihasini amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida Paxtakor tumanidagi aholi xonadonlariga zamonaviy elektron gaz hisoblash uskunalari (EGHU) o‘rnatilmoqda. Shu kungacha tumandagi gaz iste’molchilari xonadonlariga 8 ming 573 dona EGHU o‘rnatildidi.

Ayni paytda esa tumandagi “Oltinko‘l” MFY “Bekto‘bi” ko‘chasi hududida 3 bosqichli tizimdan 2 bosqichli tizimga o‘tkazish, ya’ni aholi xonadonlariga gaz bosimi rostlagich (regulyator)lari o‘rnatilmoqda.
A.Qayumov,
J.Yorbekov (surat), O‘zA