Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Innovatsion rivojlanish vazirligi Innovatsion infratuzilmalar va texnoparklarni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Xojiakbar Karimov amalga oshirayotgan loyihalar bilan tanishdi.
Texnopark faoliyatini yo‘lga qo‘yish natijasida qishloq xo‘jaligi, axborot texnologiyalari, kimyo texnologiyalari, biotexnologiya, matematika, robototexnika va elektrotexnika sohalarida raqobatbardosh, innovatsion mahsulotlar va xizmatlarni rivojlantirish uchun qulay sharoitlarni yaratib berish, ularni ichki va tashqi bozorlarga chiqarishda qo‘llab-quvvatlash, hududning innovatsion salohiyatini oshirish uchun ilmiy-texnik va innovatsion loyihalarni amalga oshirish uchun yagona platforma yaratiladi.

* * *
Do‘stlik tumani hokimi Shavkat Darvishev sektor rahbarlari bilan “Bog‘zor” mahallasida sayyor qabul o‘tkazdi.
Unda tuman hokimi bugungi islohotlar, amalga oshirilayotgan yangi loyihalar, ularning ahamiyati to‘g‘risida atroflicha to‘xtalib o‘tdi.
“Mahallabay” ishlash tizimi orqali aholi orasiga kirib borilayotgani, bu orqali tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, ularni qo‘llab-quvvatlash, mahallalarda ishsizlar sonini qisqartirishga qaratilgan sa’y-harakatlar to‘g‘risida ham to‘xtaldi.
Sayyor qabul davomida aholining murojaatlari tinglanib, unda yo‘l qurilishi, sog‘liqni saqlash, bog‘dorchilikni yo‘lga qo‘yish, elektr energiyasi ta’minoti, turar-joy va boshqa masalalar o‘rtaga tashlandi.
Murojaatlarning ijrosi yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berilib, ularni nazorat qilish sektor rahbarlarining zimmasiga yuklandi.

* * *
Yangiobod tumani madaniyat bo‘limi ijodiy xodimlari tomonidan yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlarning samaradorligini yanada oshirish maqsadida turli madaniy tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.
Jumladan, “Balandchaqir” MFY hududidagi 14-sonli umumta’lim maktabida namoyish etilgan konsert dasturi o‘quvchilar va uyushmagan yoshlarga madaniy hordiq va xushkayfiyat bag‘ishladi.

* * *
Bu galgi siyosiy-ma’rifat soatida Forish tuman hokimligi xodimlari faol ishtirok etdi.
Unda spikerlar Zahiriddin Muhammad Boburning davlat va jamiyat boshqaruvi sohasidagi islohotlari, mahallalarda ish o‘rinlari yaratish va oilalar daromadini ko‘paytirishning yangi tizimi, huquqiy savodxonlik, ya’ni hafta davomida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati kabi masalalarga to‘xtab o‘tildi.
Shuningdek, o‘quv soatida O‘zbekiston va xorijdagi muhim jarayonlar haqida ham ma’lumotlar berildi.
* * *
Arnasoy – Do‘stlik tumanlari chegarasidan boshlab 900 metr joyga archa va tut ko‘chatlari ekildi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Arnasoy tumani hokimi Xurshid Alimardanov barcha korxona va tashkilot rahbarlariga qarata “Avvalo bu xayrli ishda o‘zimiz tumanimiz aholisiga namuna bo‘lishimiz kerak”, deya ta’kidladi.
Hozirda ushbu shoh ko‘chaning yon tarafiga 450 tup archa va zovur yoqasiga 280 tup tut ko‘chati ekildi.
Mazkur loyiha Zafarobod tumanining barcha mahallalarida qizg‘in davom etmoqda.


A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA