Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Prezidentning Do‘stlik tumanidagi Xalq qabulxonasi hamda xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari “Navro‘z” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi bilan uchrashdi.
Mahalladagi “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” ro‘yxatiga kiritilganlar yuzasidan o‘rganishlar olib borildi.
Shuningdek, bugungi kunda aholi tomorqasi uchun zarur bo‘lgan oqova suv muammosini hal etish bo‘yicha mutasaddilarga deputatlik so‘rovi jo‘natilib, ijrosi nazoratga olindi.
* * *
Sharof Rashidov tumani prokurori o‘zi rahbarligidagi 2-sektor hududida joylashgan “G‘ozg‘ontepa” MFYda istiqomat qiluvchi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan xabar oldi.
Ehtiyojmandlarni qo‘llab-quvatlash maqsadida ularga sektor rahbari va saxovatpesha insonlar tomonidan 8 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari ulashildi.
* * *
Mirzacho‘l tumanida 2022 yilgi chaqiruv mavsumida muddatli harbiy xizmatni o‘tash uchun saralangan chaqiriluvchilar uchun tuman hokimligi, viloyat mudofaa ishlar boshqarmasi va uning tuman bo‘limi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda hududiy tibbiy komissiya shifokorlari ishtirokida “Biz korrupsiyaga qarshimiz” shiori ostida targ‘ibot-tashviqot tadbirlari o‘tkazildi.
Unda muddatli harbiy xizmatga chaqirilganlar, ularning ota-onalari, mahalla faollari va uyushmagan yoshlar ishtirok etdi.
* * *
Yangiobod tumani hokimi, 1-sektor rahbari Ibrohim Qarshiboyev tumandagi barcha umumta’lim maktablarida bo‘lib, ta’lim sifati va shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Xususan, “Sovot” QFY “Sohibkor” qishlog‘idagi 16-sonli umumta’lim maktabiga borib, Davlatimiz rahbari boshchiligida maktab ta’limini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektr yig‘ilishida belgilangan vazifalar yuzasidan suhbatlashdi.
Shuningdek, maktabda ta’lim sifatini yanada yaxshilash, oliy ta’limga kirish qamrovni oshirish, o‘quvchilarning sport bilan shug‘ullanishlari uchun sharoitlar yaratish, kutubxona fondini boyitish va boshqa bir qator masalalar bo‘yicha taklif va mulohazalar o‘rtaga tashlanib, muhim vazifalar belgilandi.
* * *
G‘allaorol tumani prokurori, 2-sektor rahbari tashabbusi bilan “Mahalla xayriya jamoat fondi” tuman bo‘linmasi homiyligida 30-sonli umumta’lim maktabida uyushmagan yoshlar bilan suhbat, bepul tibbiy ko‘rik, o‘quvchilar va uyushmagan yoshlar o‘rtasida sportning erkin kurash turi bo‘yicha musobaqalar tashkil etildi.

Bellashuv g‘olib va sovrindorlariga tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
* * *
Forish tuman tibbiyot birlashmasida ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni mustahkamlashga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.
Unda din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning Forish tumani bo‘yicha bosh mutaxassisi Javohir Mamadaliyev, tuman adliya bo‘limi bosh mutaxassisi Abdulaziz Rahmatov diniy aqidaparastlik, ekstremizm va terrorizm bilan bog‘liq tahdidlarning oldini olish, yoshlarni turli yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolmasligshi va ba’zi ijtimoiy tarmoqlarda ilgari surilayotgan ekstremistik chorlovlarga berilmasligi haqida so‘z yuritdi. Tadbirda tibbiyot xodimlari ham ishtirok etdi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA