Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Sharof Rashidov tumani 3-sektorida “mahallabay” o‘rganish natijasida aholi murojaatlarini ijobiy hal qilish choralari ko‘rilmoqda. Jumladan, tumandagi “Oqtosh ota” mahalla fuqarolar yig‘ini “Sarbog‘” qishlog‘ining ichki yo‘llari to‘liq ta’mirlandi. Shu kungacha, tumandagi qishloq va mahallalar ichki yo‘llarining jami 650 kilometr masofasiga to‘liq shag‘al yotqizildi.
Forish tumani ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat inspeksiyasi tomonidan Prezidentimizning 2021 yil 30 dekabrdagi “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni ijrosiga bag‘ishlab seminar-trening tashkil etildi. Unda muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilandi.

Mirzacho‘l tumani maktabgacha ta’lim bo‘limi tomonidan hududdagi MTTlar yordamchi tarbiyachilari o‘rtasida 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlab ko‘rik-tanlov tashkil etildi. Ko‘rik-tanlov nizomiga ko‘ra, ular 4 ta shart bo‘yicha o‘zaro bahslashdi. G‘olib, sovrindor va turli nominatsiya sohibalari diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Yangiobod tumanida huquqni muhofaza qiluvchi organlar muvofiqlashtiruvchi kengashining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda 2021 yilda sodir etilgan jinoyatlar “mahallabay” tizimida muhokama qilindi. Yig‘ilish yakunida mutasaddilarga kelgusida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish yuzasidan aniq vazifalar yuklatildi.

Zomin tumanida 1-15 yanvar kunlari “Bog‘ishamol” mahallasidagi uyushmagan yoshlarning bo‘sh vaqtini hamda o‘quvchilarning ta’til kunlarini samarali va mazmunli tashkil etish maqsadida sportning shaxmat va kibersport turi bo‘yicha musobaqalar tashkil etildi. G‘olib va sovrindorlarga diplom va esdalik sovg‘alari beril.
* * *
O‘zbekning zabardast yozuvchisi, ko‘plab asarlar muallifi, asli jizzaxlik ijodkor Nurali Qobul – xalq deputatlari Jizzax shahar Kengashi hamda “Jizzax ovozi” gazetasi tahririyati mehmoni bo‘ldi.
Ijodkorga safar davomida iqtidorli yozuvchi va shoirlar Saidvafo Boboyev hamda Abdulla Vaxsh hamrohlik qildi. Mehmonlar tahririyatning mo‘jazgina tarixiy muzeyi, bu yerdagi ijodiy jarayon bilan yaqindan tanishdi va “Jizzax ovozi” gazetasi tahririyati kutubxonasi uchun kitoblarini tuhfa etdi.
* * *
Baxmal tuman hokimligi, respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi, axborot kutubxona markazi hamkorligida 5-umumta’lim maktabida yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, o‘quvchi yoshlarni kitob mutolaasiga qiziqishini oshirish maqsadida “Yoshlar mushoirasi” tashkil etildi.

Shuningdek, tumandagi 48- umuma’lim maktabida “Men o‘qigan asar” deb nomlangan kitobxonlik bellashuvi ham o‘tkazildi. Har ikki tadbirda faol ishtirok etgan baxmallik yosh adabiyot shaydolariga jahon va o‘zbek adabiyoti durdonalari kutubxonasidan o‘rin olgan sara asarlar sovg‘a qilindi.
A.Qayumov,
J.Yorbekov (surat), O‘zA