Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Mirzacho‘l tumanidagi IT-CENTER markazida "Hokim yordamchilari" uchun seminar-trening va amaliy mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tmoqda.
Soha mutaxassislari tomonidan ish olib borish tartiblari, aholini band qilish, yangi tadbirkorlik sohalarini tashkil etishda qaysi jihatlarga e’tibor berish lozimligi va boshqa dolzarb masalalar haqida tushunchalar berilayotir.
* * *
Yangi yil bayrami arafasida Zafarobod tuman markazida aholining bo‘sh vaqtlarida mazmunli hordiq chiqarishini ta’minlash maqsadida barpo etilgan Alisher Navoiy bog‘i rasman faoliyatini boshladi.
Tantanali ochilish marosimida bog‘da amalga oshirilgan o‘zgarishlar hamda joriy yilda tuman markazi qiyofasini yaxshilash, obodonlashtirish bo‘yicha qilingan ishlar to‘g‘risida fikr bildirildi.
Yangidan tashkil etilgan ushbu bog‘ning tantanali ochilish marosimi “O‘zbekiston yoshlari forumi – 2021” bayram tadbirlariga ulanib ketdi.
* * *
Forish tumanida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi viloyat va tuman kengashi tomonidan tuman tibbiyot birlashmasi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi bilan hamkorlikda tumandagi mahallalarda yashovchi “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar uchun tuman tibbiyot bo‘limiga qarashli ko‘p tarmoqli poliklinikada “Ayol sog‘ligi – jamiyat boyligi” mavzusida loyiha tadbirini o‘tkazdi.
Ushbu loyiha jarayonida tuman xotin qizlari nevropatolog, stomatolog, ginekolog, kardiolog, xirurg, lor mutaxasislari hamda EKG va UZI apparatlari ishtirokida bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ushbu tibbiy ko‘rikda 150 ga yaqin xotin-qiz, 23 nafar bola, 18 nafar xotin-qiz o‘z salomatligi xususida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lib, shikoyati bo‘lgan ayollarga respublika, viloyat va tuman shifoxnalariga yo‘llanmalar berildi.
* * *
Tobora yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bayrami arafasida Baxmal tumanida “O‘zbekiston yoshlar forumi – 2021” haftaligi doirasida sportning fut-zal, shaxmat hamda stryeyet Workout turlari bo‘yicha musobaqalar bo‘lib o‘tdi.
Bellashuv g‘olib va sovrindorlari tuman hokimli, Yoshlar ishlari agentligi hamda turizm va sport tuman bo‘limlarining diplom va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.
* * *
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash markazi tuman bo‘limi hamda mudofa bo‘limi tomonidan G‘allaorol tumani “Mirzabuloq” qishloq fuqarolar yig‘ini “Qizilqo‘rg‘on” qishlog‘ida yashovchi ikkinchi Jahon urushi qatnashchisi Atoboy bobo Amonov xonadonida bo‘lib, otaxonning holidan xabar olindi.
Ataboy boboning salomatligi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, urush qatnashchisiga Yangi yil bayrami sovg‘alari hamda oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechaklar jamlanmasi topshirildi.
* * *
Arnasoy tumani “Yangi bo‘ston” MFYda 11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Kasblar dunyosi” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.
Tanlovda ishtirokchilar dastlab “O‘zini tanishtirish” – ya’ni tanlagan kasblari, Oliy ta’lim muassasalari va unga kirish yo‘lida tayyorgarlik shartida bellashdi.
So‘ng “Savol – javob” qilinib, “Yangi yil dasturxoni va archasini bezatish”, “Maktab bitiruvchilarining kelajagi” mavzusida o‘quvchilar tomonidan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA