Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
“Jizzax stroy” MCHJ quruvchilari tomonidan 170 metr chuqurlikdan toza suv chiqarilib, Zarbdor tuman “Taraqqiyot” MFYdagi “Yangihayot” qishlog‘ining 200 nafar aholisi ichimlik suvi bilan to‘liq ta’minlandi.
Ushbu mo‘’jaz qishloqchada ichimlik suv umuman yo‘q edi. Yangihayotliklar ichishga yaroqli suvni 6-8 kilometr olislikdan tashib kelar yoki sotib olardi. Bugun esa qishloqning har bir xonadoniga toza ichimlik suv yetib keldi.
*****
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati O‘rol O‘razboyev bilan Sharof Rashidov tumanining “Qangli”, “Nurafshon”, “Yoyilma”, “Toqchilik”, “Ravallik” hamda “Yakkaqayrag‘och” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi uchun sayyor qabul tashkil etilib fuqarolarning muammolari o‘rganildi.

O‘rol O‘razboyev tomonidan fuqarolar tomonidan tushgan murojaatlardan 35 tasi tuman va 25 tasi viloyat miqyosida bo‘lganligi sabab, shu joyning o‘zida mutasaddi rahbarlarga tegishli topshiriqlar berildi. 15 ta murojaat respublika miqyosida hal etilishi lozimligi sababli, Oliy Majlis deputati ushbu murojaatlarni tegishli vazirliklarga yetkazishini ta’kidladi.
*****
Yangiobod tumanida mahalla va ko‘chalar qiyofasini yaxshilash, piyodalar va transport vositalari harakati uchun qulayliklar yaratish maqsadida asosiy va ichki yo‘llar ta’mirlanmoqda. Havoning ochiq kunlaridan foydalanib tumanning 1-sektoriga qarashli “Yangiobod” SHFYdagi “Istiqlol” ko‘chasida loyiha-smeta hujjatlari asosida 1,5 kilometr ichki yo‘lni asfalt qilishning dastlabki ishlari boshlab yuborildi. Bu kabi bunyodkorlik va ta’mirlash ishlari tumanning boshqa mahallalarida ham davom etmoqda.

*****
Ruminiyaning Buxarest shahrida sportning armrestling turi bo‘yicha jahon chempionati musobaqalari bo‘lib o‘tmoqda. Quvonarlisi, musobaqada Vatanimiz sharafini himoya qilayotgan sportchilar orasida Zomin tumani yoshlari ham ishtirok etayotir. Garchand musobaqalar hali tugamagan bo‘lsada zominlik yoshlardan Daniyel Erkinov 50 kilogramm vazn toifasida o‘ng va chap qo‘l bahslarida faxrli 3-o‘rinni egallab, 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
*****
Mirzacho‘l tumani hokimi va tumandagi barcha sektor rahbarlari xududdagi yoshlar bilan uchrashdi. Har bir mahalladagi holat o‘rganilib, shu asosda manzilli chora-tadbirlar belgilandi.
Uchrashuvda “Yoshlar ishlari agentligining mahalladagi vakillari” ga birgalikda ishlarni samarali tashkil qilish bo‘yicha tavsiya va yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatildi. Shuningdek, yoshlar tomonidan bildirilgan takliflar, murojaatlar yuzasidan muhim chora-tadbirlar, rejalar belgilanib, mas’ullar biriktirildi va ijrosi qat’iy nazoratga olindi.
*****
G‘allaorol tumani hokimi Jaloliddin Oqboyev tuman fuqarolarining muammolarini o‘rganish va bartaraf etish maqsadida sayyor qabul o‘tkazdi va unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Feruza Negmatova ham ishtirok etdi. Sayyor qabulda fuqarolar tomonidan 18 ta murojaat bildirilib, 11 ta murojaat ijroga qaratildi, 5 ta murojaat o‘z joyida ijobiy hal etildi. Ikkita murojaatchiga huquqiy tushunchalar berildi.
*****
Forish tog‘-o‘quv harbiy poligoni zobitlari tomonidan “Mening armiyam – mening faxrim” shiori ostida o‘zlari otaliqqa olgan 1-sektor hududidagi Amir Temur nomli mahallada joylashgan 5-sonli umumta’lim maktabida bo‘lib, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 29 yilligi arafasida tashkil etilgan ushbu tadbirda o‘quvchi-yoshlarning Konstitutsiyamizni qanchalik yaxshi bilishi yana bir bor sinovdan o‘tkazildi. Tadbir so‘ngida o‘quvchi-yoshlar Vatanni madh etuvchi she’rlari, sahna ko‘rinishlarini namoyish etdi.
*****
Baxmal tumani 1-son kasb-hunar maktabi bitiruvchilari ishtirokida seminar tashkil etildi.
Ushbu tadbirda ishtirokchilarga Yoshlar ishlari agentligi Baxmal tumani bo‘limi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Baxmal tumani kengashi va “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi Jizzax viloyati filiali bilan hamkorlikda “e-kasb” platformasini targ‘ib qilish, yoshlarni platformaga a’zo qilish orqali kasb-hunarga yo‘naltirish va bu orqali bandligini ta’minlash yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi.
A.Qayumov, O‘zA