Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Mirzacho‘l tumanida respublika Ayollarni reabilitatsiya qilish markazi rejasiga asosan “Zo‘ravonlikka qarshi 16-kun” aksiyasi doirasida tadbir tashkil etildi.

Unda tazyiqqa uchragan xotin-qizlarni himoya qilish, ularning buzilgan huquqlarini tiklash, O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi va “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlari to‘g‘risida fikr almashilib, mavzuga oid video-rolik namoyish etildi.
***
Samarkand viloyatining Poyariq tumanida istiqomat qiluvchi gulchilikka qiziqishi bo‘lgan bir guruh xotin-qizlar Sharof Rashidov tumanidagi “Xolmo‘minov Zohid” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi klasteriga tajriba o‘rganish maqsadida keldi.
Klasterning tajribalari mutaxassislari samarqandlik mehmonlarga nafaqat gulchilik, balki ko‘chatchilik, chorvachilik va parandachilikning ham sir-sonoatlari xususida batafsil ma’lumot berdi.
***
Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tomonidan Zomin tumani “Zomin Best Fut” MCHJ hududida tumandagi barcha SIU va fermer xo‘jalik rahbarlari ishtirokida seminar tashkil etildi.
Unda mutaxassislar uzumchilikni rivojlantirishda qanday agrotexnik tadbirlarga amal qilish lozimligi yuzasidan kerakli tavsiyalarni berdi.
***
Jizzax viloyati IIB YHXB mas’ullari YPX xodimlarining yashash xonadonida bo‘lib, ularning oila a’zolari bilan suhbatda bo‘ldi.
Uchrashuvlar chog‘ida, xodim to‘g‘ri yo‘lda ish olib borishi, nopokliklarga qo‘l urmasligi, bilim va malakasini doimiy oshirib borishi oilaviy muhitga ham bog‘liq ekanligi ta’kidlab o‘tildi.
***
Forish tumanidagi namunaviy uy-joylar qurilgan “Oqtepa” mahallasining “Tutak” masssivida 18-sonli bolalar musiqa va san’at maktabi, tuman adliya bo‘limi, iqtisodiy sud, FHDYO bo‘limi binosi, tuman prokuraturasi va boshqa bir qator savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ektlari qurilib, ishga tushirilgan.
Ayni kunda, tuman yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limidan “Istirohat bog‘i”gacha bo‘lgan qismida yo‘lning ikki tarafida betondan piyodalar yo‘lakchasi ham qurilmoqda. Yo‘lning ushbu avtomobil qatnov qismida ikki qatorli yo‘l ham bunyod etilib, tungi yoritkichlar va yo‘l chetlariga beton lotoklar yotqizilmoqda.
***
Yangiobod tumani hokimi, 1-sektor rahbari Ibrohim Qarshiboyev “Yangiobod” SHFY fuqarolari bilan uchrashib, hududda aholi turmush darajasini yanada yaxshilash, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va bu borada davlatimiz tomonidan taqdim etilayotgan imtiyoz va keng imkoniyatlar to‘g‘risida suhbatlashdi.
Uchrashuvda aholiga Prezidentimizning “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida dehqon ho‘jaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining mazmun-mohiyati, qishloq xo‘jaligi sohasida aholiga berilayotgan imkoniyatlar va ajratiladigan imtiyozli kreditlar to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, Ibrohim Qarshiboyev aholining murojatlari, taklif va tashabbuslarini o‘rgandi, ularni bartaraf etish yuzasidan mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi va ularni o‘z nazoratiga oldi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA