Jizzax va Farg‘ona viloyatlarida qonunbuzilish holatlari aniqlandi
Jizzax viloyati Sh.Rashidov tumani hokimligi mansabdor xodimi xizmat mavqeidan foydalangan holda tadbirkorning ishonchiga kirib, unga tuman melioratsiya bo‘limi balansida bo‘lgan 45 sotix yer maydonini o‘zining yaqin aloqalari orqali olib berish hamda uning 2002 y.t. tanishini mahalliy MCHJlardan biriga ishga kiritib qo‘yish evaziga 500 AQSH dollari talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, u so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida, hokimiyat vakili ushbu masalalarni hal qilib berish bahonasida avval ham 3,5 mln so‘m olib, shaxsiy ehtiyoji uchun sarflab yuborganligi aniqlandi.

Boshqa holatda esa respublikamizda faoliyat yurituvchi xususiy aksiyadorlik tijorat banklaridan birining Farg‘ona bank xizmatlari markazi rahbari o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroning ishonchiga kiradi.
Mansabdor shaxs bankning bosh ofisidagi tanishlari orqali unga 2,5 mlrd so‘m miqdorida kredit ajratib berish evaziga kreditning 5 foizini, ya’ni 125 mln so‘m talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda bank mansabdori so‘ralgan pul mablag‘i hisobidan 10 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda har ikki holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hurmatli fuqarolar, kundalik hayotda shu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelsangiz ДХХнинг 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, xabar bering. Shaxsingizning sir saqlanishi kafolatlanadi.