Jizzax shahrining qayta ishlab chiqilgan bosh loyihasi tasdiqlandi. Unga ko‘ra viloyat markazida kattagina o‘zgarishlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Qayta ishlab chiqilgan bosh loyihaga asosan hozirgi Sharof Rashidov tumaniga qarashli bo‘lgan 24 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarining hududlari Jizzax shahriga qo‘shilishi belgilandi. Jizzax shahrining ma’muriy-hududiy chegarasi esa 4896,8 gektardan 12 ming 850 gektarga yoki 2,6 barobardan ko‘proqqa kengayadigan bo‘ldi. Ma’muriy jihatdan shahar hokimligiga bo‘ysunadigan aholi punktlari hamda shahar tarkibiga qo‘shilayotgan hududlarni hisobga olgan holda aholi sonining o‘sishi 460 ming kishini tashkil etadi.
Ushbu loyihani ishlab chiqishda shaharning tuman va viloyatdagi geografik joylashuvi, hududning relefi, seysmik va geologik xususiyati, shamol yo‘nalishi, mavjud tabiiy resursi, muhandislik tarmoqlari bilan ta’minlanish holati, ijtimoiy-iqtisodiy sharoitini, buyurtmachi, tuman hokimligi, tegishli idora va tashkilotlar, mahalla idoralaridan olingan ma’lumotlar to‘liq inobatga olingan.

Shuningdek, Jizzax shahri bosh loyihasini ishlab chiqishda aholi punktining iqtisodiy, sanoat va hududiy salohiyati hamda aholining o‘sish sur’atlari kabi ko‘rsatkichlari ham e’tiborga olinganini ta’kidlab o‘tish lozim.
Jizzax shahridagi sanoat zonasi mavjud sanoat zonalari negizida rivojlantirilib, shaharning g‘arbiy qismida yangi sanoat hududi tashkil etiladi. O‘z navbatida, turarjoy zonasi esa ma’muriy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy, sog‘liqni saqlash va turarjoy zonalariga bo‘linadi.
Shahar hududi 4 ta rejalashtirish qismiga asoslanib, Jizzax shahrining sharqiy, shimoli-sharqiy hamda janubi-sharqiy, markaziy hududi qismlarini qamrab oladi va mehnat, dam olish, tibbiyot va ta’lim muassasalarini o‘z ichiga olgan turarjoy, ishlab chiqarish, ma’muriy, sport va boshqa funksional zonalar majmuasidan iborat bo‘ladi.

2025 - 2027 yilgi “Investitsiya dasturi”ga kiritilgan Jizzax shahrining avvaldan tarkibida bo‘lgan barcha ob’ektlarida loyiha hujjatlari ishlab chiqilgan bo‘lib, ushbu topshiriqlar ijrosi shahar bosh loyihasida ham inobatga olingan.
Jumladan, 2026 yilda issiqlik ta’minoti tizimini yaxshilash maqsadida shahardagi “Qassoblik” MFY hududida joylashgan 4 va 5 qavatli 8 ta uyga 14 milliard so‘m xalqaro moliya institutlari mablag‘i hisobidan 1 ta yangi mahalliy qozonxona qurish belgilangan. Loyihani amalga oshirish bo‘yicha iqtisodiyot va moliya, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi boshqarmalari Jizzax shahar hokimligi bilan birgalikda xalqaro moliya institutlari mablag‘larini jalb qilish borasida tizimli ishlar olib borayotganini ham ta’kidlab o‘tish lozim.
Shahardagi “Madaniyat” va “Toshloq” MFYlarda 2025- 2027 yillarda Renovatsiya dasturiga asosan jami 33,8 gektar yer maydonidagi 99 ta 2 qavatli uy-joy o‘rnida 15-16 qavatli zamonaviy turarjoy binolari barpo etilib, ushbu uylarning birinchi qavatida xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini tashkil etish belgilangan. Ana shu dasturga kiritilgan shahardagi ushbu 99 ta 2 qavatli uy-joyda 1328 ta xonadon mavjud bo‘lib, ularda jami 4200 nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi.

“Madaniyat” MFYdagi allaqachon eskirib, muddatini o‘tab bo‘lgan 76 ta 2 qavatli uy-joy o‘rnida Renovatsiya dasturi doirasida 25,7 gektar yer maydonida xitoylik tadbirkor rahbarligidagi “SI FANG TUO ZI” MCHJ tomonidan qiymati 220 million dollarlik, 45 ta 16 qavatli, jami 3600 xonadonli turarjoy qurilishi rejalashtirilganini ham qayd etib o‘tish lozim.
“Toshloq” MFYda esa 8,1 gektar yer maydonida 23 ta 2 qavatli xuddi shunday uy-joyni, yana o‘sha Xitoy Xalq Respublikasidan kelgan tadbirkor tomonidan qiymati 200 million dollarlik 37 ta 15-16 qavatli 2785 xonadonli turar joyni qurish Jizzax shahrining qayta ishlangan bosh rejasiga kiritildi.
Shu o‘rinda Renovatsiya dasturi loyihasini sifatli va qisqa fursatlarda amalga oshirish maqsadida nafaqat xorijliklarni, balki mahalliy investorlarni ham keng jalb etish choralari belgilanganligini alohida ta’kidlab o‘tish kerak.

Renovatsiya hududida loyihalash ishlariga ijtimoiy soha, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ektlari, kommunikatsiya tarmoqlarini qurish ishlarini joyida birma-bir o‘rganib chiqib kiritilishi ta’minlanadi.
Shahar hududi va aholisi soni sezilarli darajada ortishi natijasida aholining toza ichimlik suvi, elektr, tabiiy gaz, oqova suv, ekinlarni sug‘oradigan oqar suv bilan ta’minlash va boshqa kommunal xizmatlarda, shuningdek, ijtimoiy, iqtisodiy ob’ektlarda ham bartaraf etilishi talab etilayotgan muammo va hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar ko‘payishi tabiiy hol. Shaharning bosh reja loyihasida bularning barchasi inobatga olingan.
Muxtasar qilib aytganda, bosh rejaga asosan Jizzax shahri qiyofasi tubdan o‘zgarib, zamonaviy ko‘rinish kasb etadi. Jizzax mamlakatimizdagi eng go‘zal shaharlardan biriga aylanadi.
Komiljon XOLMURODOV,
Jizzax shahri hokimi.
O‘zA