Jizzax IIBda ijtimoiy himoya (+video)
Jizzax viloyat ichki ishlar boshqarmasiga o‘tkazilgan press-tur ishtirokchilari dastlab Sharof Rashidov tumani Kuyovboshi mahallasida barpo etilgan namunaviy uylar va yashil hududlar bilan tanishdi. Bu yerda bugunga qadar 56 ta oila yangi uylarga ko‘chib kirgan. Yil yakuniga qadar va kelgusi yilning birinchi choragida yana 48 ta oila ana shunday zamonaviy kottejlar sohibi bo‘lishi rejalashtirilgan. Umuman olganda, hududda 130 ga yaqin uy barpo etilishi ko‘zda tutilgan.
Uy-joy — bu ijtimoiy himoyaning eng asosiy ustuni. Shu ma’noda, Jizzax IIBda bu yo‘nalish tizimli ravishda ishlar yo‘lga qo‘yilganini ko‘rish mumkin. Masalan, 2025-yil davomida 158 nafar xodimga 730 million 800 ming so‘m kompensatsiya to‘langan, 190 nafar xodimga har oyda 205 million so‘mdan ortiq ijara kompensatsiyasi ajratilmoqda. 17 nafar xodimga uy sotib olish uchun badal pullari berilgan. Bular faqat moliyaviy ko‘mak emas, balki xizmat fidoyilarining ertangi kunga ishonchini mustahkamlovchi omildir.
– Biz uchun raqam emas, inson muhim, – deydi Jizzax viloyat IIB boshlig‘i general-mayor G‘ayrat Qodirov. – Ammo har bir raqam ortida inson taqdiri turganini unutmasligimiz kerak. Xodim o‘zini va oilasini himoyalangan deb his qilsa, u xizmatda ham yuksak natija ko‘rsatadi.
Ijtimoiy himoya faqat uy-joy yoki kompensatsiya bilan cheklanmaydi. Bu tizimda bolalar, oila a’zolari manfaati ham ustuvor. Jumladan, 245 nafar xodim farzandlari va xizmat vaqtida halok bo‘lgan 20 nafar xodimning farzandlari oromgohda dam oldilar, 74 nafar xodimning 96 nafar farzandi maktabgacha ta’lim muassasalariga imtiyozli joylashtirildi, 63 nafar xodim farzandiga oliy ta’limga kirish uchun tavsiyanoma berildi, halok bo‘lgan 9 nafar xodim oilasiga 79 million so‘mdan ortiq moddiy yordam ko‘rsatildi.
Joriy yilning o‘zida ham 110 nafar faol xodimning 118 nafar farzandi uchun oliy ta’lim muassasalariga tavsiya berish bo‘yicha hujjatlar yuborilgani bu tizim izchil davom etayotganini ko‘rsatadi.
Press-turning yana bir muhim jihati — “Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bo‘ldi. Viloyatda 8 gektar maydonda IIBga qarashli bog‘, 9 gektar kinologiya bo‘linmasi hududi, Bobur mahallasida 22,6 gektar yerda mevali va manzarali daraxtlar, uzumzorlar va ekinlar parvarishlanmoqda.
E’tiborlisi, bu maydonlarda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etilgan. Bu esa nafaqat hosildorlik, balki suv tejamkorligi masalasida ham zamonaviy yondashuvni anglatadi.
– Bugun ekilayotgan har bir ko‘chat — bu faqat bugun uchun emas, – deydi general-mayor G‘ayrat Qodirov. – Bu — 5–10 yil keyingi barqarorlik, ekologik xavfsizlik va farovonlikka qaratilgan amaliy qadamdir.
Kuyovboshida barpo etilayotgan “Jasorat” kichik posyolkasi esa alohida e’tiborga loyiq. Bu yerda nafaqat uylar, balki maktabgacha ta’lim muassasasi, 30 o‘rinli mehmonxona, sport majmualari qurilishi rejalashtirilgan. Ya’ni bu hudud oddiy turar-joy emas, balki to‘liq infratuzilmaga ega yangi hayot makoniga aylanmoqda.
Press-tur ishtirokchilarining o‘zlari ham daraxt ekib, bu jarayonga bevosita hissa qo‘shgani tadbirning amaliy ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatdi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/2RTYrF0fIFE" title="“Soliq to`lash kuni” nishonlandi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA