Davlatimiz rahbari boshchiligida Fransiyaga yo‘l olgan O‘zbekistonning keng tarkibdagi delegatsiyasi orasida Jizzax viloyati a’zolari ham bor.
Jizzax delegatsiyasi a’zolari Fransiyada mahalliy tadbirkorlar va investorlar bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Ushbu uchrashuvlar doirasida turizm, qishloq xo‘jaligi, sanoat va investitsiyaviy hamkorlik masalalari muhokama qilinmoqda.

Jizzaxliklar Fransiyaning Oksitaniya mintaqasida joylashgan “Domaine Agricole de Candie” fermer xo‘jaligiga bordi. Bu hududda 15 yillik tajribaga ega, 250 gektar yer maydonida organik mahsulotlar yetishtiruvchi fermerlar uyushmasi faoliyat yuritadi. Ushbu uyushma o‘z mahsulotlarining 100 foizini mahalliy maktab va bolalar bog‘chalariga yetkazib beradi. Shuningdek, mahsulotlar qadoqlash va qayta ishlash korxonalariga buyurtma asosida yetkaziladi.

Fransiya rahbarining tashqi savdo bo‘yicha maslahatchisi janob Bruno du Pradel va Tuluza tashqi savdo palatasi prezidenti janob Devid Yelizalde ishtirokida biznes tushlik tashkil etildi.

Ushbu uchrashuvda asosiy e’tibor Jizzax viloyati tomonidan ishlab chiqilgan 101 ta investitsiya loyihasiga sarmoya jalb qilish masalalariga qaratildi. Turizm, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, quyosh panellarini realizatsiya qilish, uzumchilik orqali vino ishlab chiqarish kabi sohalarda hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Janob Bruno du Pradel Jizzax viloyati manfaatlarini himoya qilish va hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Tuluza shahrida fransuz vakili sifatida ish yuritish taklifini bildirdi.
Tuluza metropolisi rahbariyati delegatsiya a’zolariga shaharda olib borilayotgan yashil energiya loyihalari to‘g‘risida taqdimot o‘tkazdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Tuluza Fransiyada “Aqlli shahar” konsepsiyasi bo‘yicha uchinchi o‘rinda turar ekan.
Jizzax viloyati delegatsiyasi Oksitaniya viloyati rahbariyati va mintaqaviy investitsiya agentligi AD'OCC rahbarlari bilan uchrashdi. Uchrashuvda mintaqaviy investitsiya muhiti va o‘zaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Jizzax viloyat hokimi o‘rinbosari U.Muysinaliyev va Oksitaniya viloyati vakili Jakuiz Lopez Y Laso viloyatlar taqdimotini namoyish etdi. Uchrashuv davomida Jizzax viloyati salohiyatini aks ettiruvchi videorolik va taqdimotlar namoyish qilindi.

Jizzax delegatsiyasi a’zolarining Tuluza shahar savdo-sanoat palatasi hamda Fransiyadagi o‘zbeklar uyushmasi vakillari bilan uchrashuvi juda qizqarli va yodda qolarli tarzda o‘tdi. Tashqi savdo masalalari bo‘yicha Oksitaniya viloyati hokimining o‘rinbosari Jan-Mishel de Bellerivi va eksport masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Silviya Bastiani bilan muzokaralar olib borildi.
Uchrashuvda o‘zbeklar uyushmasi vakillari orqali ikki viloyat tadbirkorlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish va yangi investitsiya imkoniyatlarini yaratish masalalari muhokama qilindi.
Jizzax viloyati delegatsiyasining Fransiyadagi ushbu uchrashuvlari ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida hamkorlik aloqalari mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri