Joriy yilning o‘tgan 6 oyi davomida Jizzax viloyatiga jami 703 ming 158 nafar, shundan, 1 ming 538 nafar xorijiy, 701 ming 620 nafar mahalliy sayyohlar tashrifi kuzatilgan.
Viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi tomonidan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi viloyat boshqarmasi hamkorligida tashkil etgan matbuot anjumanida bu ma’lumot qilindi.
Viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi A.Inomovning “2022 yilning 1-yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar” mavzusidagi ma’ruzasi tinglandi.
Ta’kidlanganidek, respublika iqtisodiyotida turizmni strategik darajaga ko‘tarish, ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilish va hajmini keskin ko‘paytirish, fuqarolarni mamlakatimizning turizm salohiyati bilan tanishtirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, taqdim etilayotgan turizm xizmatlari sifatini yaxshilash va jahon bozorlarida raqobatbardoshligini oshirish, turizm sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlari uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish, zamonaviy xizmatlar infratuzilmasini jadal rivojlantirish, shuningdek, aholini ish bilan ta’minlash va ularning daromad manbaini kengaytirish maqsadida Jizzax viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi tomonidan bir qator ishlar amalga oshirildi.
Prezidentimizning 2021 yil 2 apreldagi “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Vazirlar Mahkamasining madaniy meros va turizm ob’ektlari hamda ularga yondosh infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish masalalari to‘g‘risida 2021 yil 7 iyulda o‘tkazilgan yig‘ilish bayonnomasiga asosan, Zomin tumani “Archa” turistik majmuasi, “Duoba” turizm qishlog‘ida turistik dam olish maskani majmuasi qurilib, foydalanishga topshirildi.
Jizzax viloyatining turistik salohiyati yuqori bo‘lgan tog‘ va tog‘ oldi hududlarida muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida Baxmal tumanidagi “O‘rmonchi” ekoturizm qishlog‘i va Forish tumanidagi “Uxum” turizm qishlog‘ida elektr ta’minoti tizimi to‘liq rekonstruksiya qilinib foydalanishga topshirildi.
Viloyatda 662 xonadan iborat 1 ming 215 o‘ringa mo‘ljallangan 31 ta mehmonxona, 364 xonali 1 ming 30 o‘ringa ega 118 ta oilaviy mehmon uyi, 963 xonadan iborat 2 ming 858 o‘rinli 19 ta sanatoriy va sog‘lomlashtirish maskani, 178 xonali 702 mehmonga mo‘ljallangan 20 ta kemping majmuasi, 181 o‘ringa mo‘ljallangan 63 xonali 9 ta hostel faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Jizzax viloyati turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi tomonidan ham tumanlardagi eng chekka mahallalarga borib, aholining muammolarini o‘rganish va uni joyida hal etish yuzasidan ilk ishlar boshlab yuborilgan.
– 6 oyda xorijiy sayyohlarning asosiy qismini Fransiya, Germaniya, Italiya, Buyuk Britaniya, Turkiya, Serbiya, Moldaviya, Xitoy, Janubiy Koreya, Isroil, AQSH, Hindiston, Afg‘oniston, Rossiya Federatsiyasi, Belorus, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston mamlakatlari fuqarolari tashkil etmoqda, – deydi viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi A.Inomov. – Turizm maskanlari sonini oshirib, sayyohlar, ayniqsa xorijliklarni yanada ko‘proq jalb etish – oldimizga qo‘ygan eng asosiy maqsadimiz.
Viloyatning Baxmal, Zomin, Sharof Rashidov, Yangiobod va Forish tumanlarida hali yangidan-yangi ochilmagan turizm maskanlari mavjud. Ammo ularni ishga tushirish ishlarini ko‘ngildagidek, deb bo‘lmaydi. To‘g‘ri, Baxmal tumanida ekoturizmni rivojlantirish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda, lekin ekoturizmni rivojlantirish uchun imkoniyatlari mavjud bo‘lgan boshqa hududlarda ham ish Baxmaldagidek izchil boryapti deb bo‘lmaydi.
Matbuot anjumani so‘ngida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar oldi.
A.Qayumov, O‘zA