Jismoniy tayyorgarlik sinovlari o‘tkazildi
Andijon shahridagi 35-davlat ixtisoslashtirilgan maktabida “Jasorat maktablari”ga kirish uchun ikkinchi bosqich – jismoniy tayyorgarlik sinovlari bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumki, “Jasorat maktablari”ga kirish uchun hujjat topshirgan talabgorlar birinchi bosqichda test orqali bilimlarini sinovdan o‘tkazgan bo‘lsa, navbatdagi bosqichda o‘zlarining jismoniy imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdilar.
Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi, Milliy gvardiya, harbiy qism mutasaddilari, talabgor o‘quvchilarning ota-onalari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirokida jismoniy tayyorgarlik sinovlari ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda so‘z olgan viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Gulhayo Omonova va boshqalar tomonidan yurtimizda yosh avlodni vatanparvarlik, yurtga sadoqat ruhida tarbiyalash, ayniqsa, harbiy kasblarga qiziqishini oshirish, bu borada bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi, xususan, tashkil etilgan “Jasorat maktablari” mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirishda muhim rol o‘ynashi ta’kidlandi.
[gallery-30718]
Tadbirda harbiylar tomonidan qurol-aslahalar ko‘rgazmasi, Milliy gvardiya askarlari tomonidan esa qo‘l jangi bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etildi.
Shundan so‘ng jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha sinovlar boshlandi. O‘quvchilar yugurish, uzoqqa sakrash kabi belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zlarining iqtidor va imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdi.
O‘tgan 2025-2026 o‘quv yilida Andijon viloyatdagi 16 ta “Jasorat maktablari”ning 5-sinfiga 416 nafar o‘quvchi qabul qilingan. Joriy yilda ana shu maktablarga kirish uchun 1 ming 887 nafar o‘quvchi ariza topshirdi. Bu yil ham har bir maktabga 26 nafardan, jami 416 nafar o‘quvchi qabul qilinadi.
F. Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari