Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
Yurtimizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish uchun zarur shart-sharoitlar va infratuzilmani yaratish, mamlakatning xalqaro sport maydonlarida munosib ishtirok etishini ta’minlash borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, jismoniy tarbiya va sportni tashkil etishda qator tizimli muammolar va kamchiliklarning mavjudligi ushbu sohada davlat siyosatini samarali olib borishga va mamlakatning mavjud sport salohiyatidan to‘liq foydalanishga to‘sqinlik qilmoqda. Xususan:
birinchidan, ayniqsa, joylarda jismoniy tarbiya va sport boshqaruvining samarali yaxlit tizimi mavjud emasligi ushbu sohada davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatini lozim darajada muvofiqlashtirishni, sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish va targ‘ib qilishni ta’minlamayapti;
ikkinchidan, mamlakatimizda ham ommaviy sport, ham oliy sport yutuqlari sohasida aniq vazifalar va maqsadli ko‘rsatkichlarni belgilagan holda, o‘rta muddatli va uzoq muddatli istiqbolda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqilmagan;
uchinchidan, davlat-xususiy sheriklik shartlarida sportning zamonaviy moddiy-texnika bazasi va infratuzilmasini yaratish bo‘yicha nodavlat sektor bilan o‘zaro munosabatlarning past darajada ekanligi ushbu sohada mavjud muammolarni samarali hal etishga imkon bermayapti;
to‘rtinchidan, joylarda yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni tanlab olish (seleksiya)ning samarali va shaffof tizimi mavjud emasligi terma jamoalar tarkibini sifatli to‘ldirish uchun sport zaxirasini shakllantirish va yuqori malakali sportchilarni tayyorlashni ta’minlashga to‘sqinlik qilmoqda;
beshinchidan, sport kadrlarini, ayniqsa, boshqaruv kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning amaldagi tizimi jismoniy tarbiya va sport boshqaruvi sohasida malakali mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni qondirish imkonini bermayapti;
oltinchidan, jismoniy tarbiya va sport sohasini qo‘llab-quvvatlashning faqat alohida sport turlarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan, nooqilona tizimi boshqa ommaviy olimpiya sport turlarini, eng avvalo, sport o‘yinlari va qishki sport turlarini rivojlantirishga e’tibor qaratilmasligiga olib kelgan;
yettinchidan, sportchilarni tayyorlash va ular tibbiy ta’minotining innovatsion tadqiqotlari va uslubiy ishlanmalari, zamonaviy talablarga javob beradigan standartlarining mavjud emasligi sifatli o‘quv-mashq jarayonining yo‘lga qo‘yilishini ta’minlamayapti;
sakkizinchidan, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga yo‘naltirilgan moliyaviy mablag‘lar sarflanishining asosliligi va haqqoniyligi ustidan nazoratning, eng avvalo, ichki nazoratning moliyaviy mablag‘lardan oqilona foydalanishni ta’minlaydigan va ushbu sohada suiiste’molchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan samarali mexanizmi shakllantirilmagan;
to‘qqizinchidan, xalqaro standartlarga javob beradigan sifatli mahalliy sport asbob-uskunalari va inventarlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmagan, shuningdek, bunday ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlashning ta’sirchan mexanizmi nazarda tutilmagan.
Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish maqsadida, shuningdek, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi va O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq:
1. O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, Toshkent shahar hokimligi, sport federatsiyalari (assotsiatsiyalari)ning:
O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi va uning hududiy bo‘linmalari negizida O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligini (keyingi o‘rinlarda Vazirlik deb yuritiladi) tashkil etish;
Vazirlikning markaziy apparati tuzilmasida sport faoliyatini tashkil qilishda asoslilik, obyektivlik va shaffoflikni ta’minlashga, shu jumladan jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga ajratilgan davlat moliyaviy mablag‘laridan oqilona foydalanilishini tahlil qilish, aholining sport xizmatlaridan qoniqish darajasi va sport xizmatlaridan foydalana olish shart-sharoitlarini baholash, shuningdek, korrupsiya va boshqa suiiste’molchilik holatlarini aniqlash uchun mas’ul bo‘lgan Jismoniy tarbiya va sport sohasida monitoring boshqarmasini tashkil etish;
O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi va uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy bo‘linmalari negizida O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) va uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy bo‘linmalarini tashkil etish;
bevosita Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, viloyatlar hamda Toshkent shahar jismoniy tarbiya va sport boshqarmalariga bo‘ysinadigan va Jamg‘arma hisobidan moliyalashtiriladigan tumanlar (shaharlar) jismoniy tarbiya va sport bo‘limlarini tashkil qilish;
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti qoshidagi Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni ilmiy-metodik ta’minlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazini (keyingi o‘rinlarda – Markaz) Vazirlik tasarrufiga berish, uni Toshkent shahar, Shayxontohur tumani, Ko‘kcha Darvoza ko‘chasi, 27-uy manzilda joylashtirish, Nukus, Samarqand va Farg‘ona shaharlarida uning filiallarini tashkil qilish;
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti negizida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetini (keyingi o‘rinlarda – Universitet) tashkil etish;
jahonning yetakchi ishlab chiqaruvchilarini jalb qilgan holda sport kiyimi, anjomlari va jihozlarini ishlab chiqaruvchi zamonaviy korxonalar faoliyatini tashkil etish uchun poytaxt mintaqasida “Sport” erkin iqtisodiy zonasini tashkil qilish;
jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish hamda ommalashtirishda, mamlakatimizning xalqaro sport maydonidagi nufuzini oshirishda alohida xizmat ko‘rsatgan jismoniy tarbiya va sport sohasi xodimlari hamda boshqa shaxslarni taqdirlash maqsadida “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jismoniy tarbiya va sport xodimi” faxriy unvonini ta’sis etish to‘g‘risidagi takliflari qabul qilinsin.
2. Qo‘yidagilar Vazirlikning asosiy vazifalari etib belgilansin:
jismoniy tarbiya va sport sohasida aholining keng qatlamlarini sport bilan shug‘ullanishga va sog‘lom turmush tarzini yuritishga jalb etish, jismonan sog‘lom o‘sib kelayotgan avlodni tarbiyalash, sport industriyasi va infratuzilmasini rivojlantirish, oliy sport mahorati sohasida mamlakatimizning xalqaro sport maydonida munosib ishtirokini ta’minlashga qaratilgan yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
vazirliklar va idoralar jismoniy tarbiya va sport jamiyatlari hamda klublarining faoliyatini muvofiqlashtirish, shuningdek, respublika maktabgacha ta’lim muassasalari, umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi va oliy ta’lim muassasalari jismoniy tarbiya o‘qituvchilari va instruktorlari faoliyatiga tashkiliy-uslubiy rahbarlikni amalga oshirish;
mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jismoniy tarbiya va sport jamiyatlari, ta’lim muassasalari, jamoat tashkilotlari bilan birgalikda aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishni ommalashtirish borasida keng ko‘lamli ishlarni tashkillashtirish;
bolalarni sport bilan muntazam ravishda shug‘ullanishga jalb etish, bolalar sport ta’limi sifatini oshirish, barcha hududlarda, ayniqsa, qishloq va chekka hududlarda bolalar sporti obyektlari tarmog‘ini yanada kengaytirish orqali bolalar sportini yanada rivojlantirish;
Olimpiya, Paralimpiya va Osiyo o‘yinlari, jahon, Osiyo chempionatlari va boshqa xalqaro musobaqa va turnirlarda muvaffaqiyatli ishtirokni ta’minlash uchun istiqbolli sportchilarni tanlash, tayyorlash va mahoratini oshirishning, ular orasidan mamlakat terma jamoalari sifatli sport zaxirasi va tarkibini shakllantirishning samarali tizimini yaratishda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, sport federatsiyalari (assotsiatsiyalari) bilan hamkorlik qilish;
mamlakatimizda professional, ommaviy sportni, shu jumladan sport o‘yinlari va qishki sport turlarini rivojlantirishni rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash, ilg‘or xalqaro tajribani hisobga olgan holda, sport tayyorgarligi jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, barcha sport turlari bo‘yicha milliy chempionatlar darajasi va sifatini oshirish, xalqaro va mintaqaviy musobaqalar tashkil etish, nosog‘lom sport raqobatiga va taqiqlangan preparatlar ishlatilishiga qarshi tizimli choralar ko‘rishni rag‘batlantirish;
jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport tashkilotlari, obyektlari va inshootlarining ommaviy sport, bolalar sporti va professional sport yo‘nalishlari bo‘yicha moddiy-texnika bazasini rivojlantirish hamda mustahkamlash, ulardan maksimal darajada va samarali foydalanilishini ta’minlash, sport asbob-uskunalari hamda inventarlarining mamlakatimizda ishlab chiqarilishini tashkil etish va kengaytirish bo‘yicha takliflar tayyorlashda qatnashish;
jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish, jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish hamda sport tashkilotlarini, ta’lim va sport-ta’lim muassasalarini yuqori malakali trenerlar va boshqa sport mutaxassislari bilan ta’minlash;
jismoniy tarbiya va sport sohasida xalqaro va davlatlararo sport aloqalarini kengaytirish hamda mustahkamlash, xorijiy investitsiyalar va grantlarni jalb etish borasidagi ishlarni tashkil qilish, ommabop sport dasturlarini tashkil etishga ko‘maklashish, jismoniy tarbiya va sport sohasiga oid ommaviy adabiyotlar chop etish, video va kino materiallar tayyorlash.
3. Belgilansinki:
Universitet jismoniy tarbiya va sport sohasida ilmiy va o‘qituvchi kadrlar tayyorlash, shuningdek, soha mutaxassislarini o‘qitish hamda tayyorlashning ilg‘or usullarini ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha respublikaning bazaviy oliy ta’lim, ilmiy-tadqiqot xamda ilmiy-uslubiy muassasasi hisoblanadi;
Markaz maktabgacha ta’lim muassasalari, umumta’lim maktablari hamda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari jismoniy tarbiya o‘qituvchilari (instruktorlari), kafedra mudirlari, ta’lim muassasalari va sport tashkilotlari trenerlari hamda jismoniy tarbiya va sport sohasidagi boshqa mutaxassislarni qayta tayyorlash hamda malakasini oshirishni amalga oshiradi.
4. Quyidagilar ommaviy sportni rivojlantirish va iste’dodli yoshlarni saralash (seleksiya) sohasida ta’lim muassasalarining ustuvor yo‘nalishlari etib belgilansin:
maktabgacha ta’lim muassasalarida – boshlang‘ich gimnastika va harakatli o‘yinlar bo‘yicha mashg‘ulotlar olib borish orqali jismoniy rivojlantirish hamda salomatlikni mustahkamlash uchun tarbiyalanuvchilarda jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlariga qiziqishni shakllantirish;
umumta’lim maktablarida – o‘quvchilar orasidan jismoniy tarbiya o‘qituvchilarini jalb qilgan holda iste’dodli yoshlarni saralab olish (seleksiya) hamda bolalar va o‘smirlar sport maktablari sport zaxirasini shakllantirish maqsadida keyinchalik mintaqaviy sport musobaqalarida ishtirok etish uchun sinfdan tashqari sport to‘garaklari va seksiyalari mashg‘ulotlarini tashkil etish (haftasiga kamida 4 soatdan);
o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalarida – o‘quvchilar orasidan jismoniy tarbiya o‘qituvchilari va sport turi bo‘yicha trenerlarni jalb qilgan holda iste’dodli yoshlarni saralash va ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktablari sport zaxirasini shakllantirish maqsadida keyinchalik mintaqaviy hamda respublika sport musobaqalarida ishtirok etish uchun olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha sinfdan tashqari sport to‘garaklari hamda seksiyalari mashg‘ulotlarini tashkil etish (haftasiga kamida 6 soatdan);
oliy ta’lim muassasalarida – iste’dodli yoshlarni saralab olish (seleksiya) va sport turlari bo‘yicha milliy terma jamoalari hamda respublika oliy sport mahorati maktablari sport zaxirasini shakllantirish maqsadida keyinchalik respublika va xalqaro sport musobaqalarida olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha talabalar sport klublari hamda jamoalarini tashkil etish.
5. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra:
maktabgacha ta’lim muassasalari, umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari jismoniy tarbiya o‘qituvchisi (instruktori) hamda oliy ta’lim muassasalari jismoniy tarbiya o‘qituvchisi va kafedra mudiri lavozimlariga xalqaro darajadagi sport musobaqalari g‘oliblari tayinlanishi mumkin;
davlat maktabgacha ta’lim muassasalari, umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari jismoniy tarbiya o‘qituvchisi (instruktori) lavozimiga tayinlash va lavozimidan ozod etish Vazirlik bilan kelishilgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshliqlari tomonidan amalga oshiriladi;
oliy ta’lim muassasalarining jismoniy tarbiya o‘qituvchilari (kafedra mudirlari)ni lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish Vazirlik tomonidan oliy ta’lim muassasasi bilan hamkorlikda tashkil etiladigan tanlov natijasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vaziri tomonidan amalga oshiriladi;
jismoniy tarbiya o‘qituvchisi (instruktor va kafedra mudirlari)ning ish faoliyati samaradorligini baholash o‘quvchi (talaba)larni jismoniy va kasbiy tayyorgarligi hamda ular orasidan iqtidorli sportchilarni tanlash (seleksiya)da, eng avvalo, erishilgan aniq natijalarni hisobga olgan reyting tizimi asosida amalga oshiriladi;
jismoniy tarbiya o‘qituvchilari (instruktor va kafedra mudirlari)ni moddiy rag‘batlantirish ular faoliyatining shaxsiy ko‘rsatkichlarini reyting tizimida baholashga asosan amalga oshiriladi;
tuman (shahar) sport va ommaviy-jismoniy tarbiya tadbirlarining yagona kalendar rejalari tegishli tuman (shahar) hokimlari tomonidan tasdiqlanadi;
umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi hamda oliy ta’lim muassasalari o‘quvchilari va talabalari o‘rtasida o‘tkaziladigan sport va ommaviy-jismoniy tarbiya tadbirlarini hamda ishtirokchilarni kiyim-kechak bilan ta’minlashni moliyalashtirish tegishliligi bo‘yicha “Yoshlik”, “Barkamol avlod” va “Talaba” jismoniy tarbiya va sport jamiyatlari hisobidan amalga oshiriladi.
6. Belgilab qo‘yilsinki:
O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi olimpiya sport turlari bo‘yicha sportchilar, trenerlar va boshqa sport mutaxassislarini tayyorlash hamda olimpiya sport turlarini rivojlantirish qismi bo‘yicha jismoniy tarbiya va sport subyektlari, shu jumladan Vazirlikning faoliyatini muvofiqlashtiradi;
Vazirlikning olimpiya sport turlarini rivojlantirishga mas’ul bo‘linmalari rahbarligiga nomzodlar O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi bilan majburiy ravishda kelishiladi;
O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi vakillari olimpiya zaxiralari maxsus maktab-internatlari rahbarlarini tanlash, tayinlash va attestatsiya qilishda, mazkur maktablarga yo‘nalishlar bo‘yicha qabul qilish kvotalarini kelishishda hamda sportchilarni xalqaro sport musobaqalariga yuborishda ishtirok etadi;
Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga sportchilarni tayyorlash doirasida sport federatsiya (assotsiatsiya)lari uchun ajratilayotgan homiylik mablag‘lari O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasida jamlanadi hamda sport federatsiya (assotsiatsiya)lari faoliyatini maqsadli moliyalashtirishga, shu jumladan yetuk xorijiy sportchi va trenerlarni jalb qilish uchun sarflanadi;
O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Vazirlik bilan hamkorlikda yuqori malakali xorijiy sportchi, trener va boshqa mutaxassislarni olimpiya tayyorlash markazlari, sport federatsiya (assotsiatsiya)lari va boshqa sport tashkilotlarining o‘quv-mashg‘ulot jarayonlariga keng jalb qilishni ta’minlaydi.
7. Quyidagilar tashkil etilsin:
Samarqand viloyati Samarqand tumanida universal olimpiya tayyorgarligi va xalqaro musobaqalar o‘tkazish markazi;
Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Aziya-Chimgan” mehmonxonasi negizida milliy terma jamoalar uchun universal olimpiya tayyorgarligi markazi;
Jizzax viloyati Zomin tumanida “Aloqachi” sog‘lomlashtirish oromgohi negizida gimnastika sport turi bo‘yicha olimpiya tayyorgarligi markazi;
Namangan viloyati Chortoq tumanida serjantlar tayyorlash maktabi negizida sport o‘yinlari bo‘yicha olimpiya tayyorgarligi markazi;
Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida “Gulnora” sog‘lomlashtirish oromgohi negizida sport yakkakurashlari bo‘yicha olimpiya tayyorgarligi markazi tashkil etilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tashkil etilayotgan markazlar tasarrufida bo‘lgan vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ushbu obyektlarni barcha bino va inshoot majmualari bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Milliy olimpiya qo‘mitasi tasarrufiga beg‘araz o‘tkazilishini ta’minlasin.
8. Belgilab qo‘yilsinki:
jismoniy tarbiya va sport tashkilotlari, shuningdek, ta’lim muassasalari va sport tashkilotlarida mehnat qilayotgan sport faxriylariga faoliyatning boshqa xaq to‘lanadigan turlari bilan shug‘ullanmaslik sharti bilan pensiya to‘liq miqdorda to‘lanadi;
Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari hamda olimpiya va paralimpiya sport turlari bo‘yicha jahon chempionatlari sovrindor sportchilari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi,
Toshkent shahar hamda viloyatlardagi jismoniy tarbiya va sport boshqarmalari, shuningdek, tegishli sport federatsiyalari (assotsiatsiyalari) tavsiyanomalariga asosan trenerlik faoliyati bo‘yicha soddalashtirilgan tartibda attestatsiyadan o‘tib, sport maktablarida trener sifatida trenerlik faoliyati bilan shug‘ullanishga haqli;
sport tashkilotlari (idoralari) rahbarligi lavozimiga avval shug‘ullangan professional faoliyat turidan qat’i nazar, oliy ma’lumotli hamda boshqaruv sohasida amaliy ko‘nikmaga ega bo‘lgan shaxslar tayinlanishi mumkin;
trenerlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun ruxsatnoma muddati tugagan trenerlar ko‘pi bilan to‘rt oy muddatdan oshmagan holda o‘rnatilgan tartibda yangi ruxsatnoma olinishiga qadar mehnat faoliyatini davom ettirishga xaqli.
9. Olimpiya sport turlarini 2018-2021-yillarda keyinchalik rivojlantirish va ommalashtirish kompleks chora-tadbirlari dasturi ilovaga muvofiq ma’qullansin.
Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarni o‘z vaqtida, sifatli va to‘liq amalga oshirish uchun vazirlik, muassasa va boshqa tashkilotlar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi belgilansin.
10. Vazirlik:
ikki oy muddatda jismoniy tarbiya o‘qituvchilari (instruktor, kafedra mudirlari) faoliyati samaradorligini baholashning reyting tizimi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlasin;
2018-yil 1-mayga qadar O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni uzoq muddatli istiqbolga rivojlantirish konsepsiyasi loyihasini xalqaro mutaxassislarni jalb qilgan holda ishlab chiqsin va kiritsin;
uch oy muddatda bolalar va o‘smirlar sport maktablari, shu jumladan, ixtisoslashtirilgan maktablarning ishlash tartibini tashkil etish tizimini tanqidiy jihatdan o‘rganib chiqish va natijasi bo‘yicha ularning faoliyatini tartibga solish va takomillashtirish, tashkiliy-shtat tuzilmasini qayta ko‘rib chiqish hamda ularni moliyalashtirish tizimini tartibga solish yuzasidan hukumat qarori loyihasini kiritsin;
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda uch oy muddatda sportchilar, jismoniy tarbiya o‘qituvchilari, yo‘riqchilari haqidagi ma’lumotlarni hamda ta’lim muassasalarida sport turlari bo‘yicha imtihon qilish tizimi tahlillari natijalarini o‘z ichiga olgan Yagona axborot tizimi yaratilishini ta’minlasin;
uch oy muddatda Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda olimpiya sport turlari bo‘yicha musobaqalar va o‘quv tayyorgarlik mashqlari davomida sportchilarni tibbiy ta’minlashni tashkil etish va kuzatib borish tartibini, shu jumladan sport tibbiyot muassasalari tarmoqlarini yaratishni o‘z ichiga olgan holda, tasdiqlash to‘g‘risidagi hukumat qarori loyihasini kiritsin;
uch oy muddatda Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Moliya vazirligi bilan hamkorlikda ta’lim muassasalari qoshida sport klublarini tashkil etish, faoliyat olib borishi hamda moliyalashtirilishi tartibini tasdiqlash to‘g‘risidagi hukumat qarori loyihasini kiritsin;
uch oy muddatda respublika hududida jismoniy tayyorgarlikni tashkil etishning yagona talablarini belgilashni ta’minlovchi, olimpiya sport turlari bo‘yicha tayyorgarlikning yagona me’yorlarini sport ta’limi muassasalari faoliyatiga tatbiq etishni ta’minlasin;
O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi bilan hamkorlikda 2018-yil 1-iyunga qadar sportning qishki va o‘yin turlarining rivojlanishi va ommalashishining amaldagi holatini har tomonlama va tanqidiy tahlilini hisobga olgan holda O‘zbekiston Respublikasida sportning qishki va o‘yin turlarini yanada rivojlanishi yuzasidan takliflar tayyorlasin;
O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi bilan hamkorlikda respublika olimpiya zaxiralari maktab-internatlari qoshida olimpiya zaxiralari markazlarini tashkil etish taklifini kiritsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
bir hafta muddatda O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini kiritsin;
bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlasin;
bir oy muddatda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti faoliyatini tashkil etish bo‘yicha hukumat qarori qabul qilinsin;
ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg‘armasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni ilmiy-metodik ta’minlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi Nizomini tasdiqlash, shuningdek, jismoniy tarbiya va sport mutaxassislari kontingentini to‘liq qayta tayyorlash va malakasini oshirish imkoniyatini qamrab olgan holda ularning tashkiliy-shtat tuzilmasi tasdiqlansin;
ikki oy muddatda jismoniy tarbiya va sport sohasidagi barcha turdagi ta’lim muassasalarida ta’lim standartlari qayta ko‘rib chiqilsin, ta’limning har bir bosqichida umumiy ta’lim yuklamasidan oshmagan holda, dars soatlarini oshirish yordamida, sport tarmoqlari bo‘yicha baholash tizimini joriy qilish, natijalarni tizimli tahlil qilish ishlari olib borilsin;
ikki oy muddatda qurilish-montaj ishlari, zamonaviy sport jihozlari, texnikasi va inventarlar bilan ta’minlash, uzluksiz o‘quv-mashg‘ulot jarayoni va sportchilar, trener hamda boshqa mutaxassis va ishchilar yashashi uchun sharoit yaratishni inobatga olgan holda olimpiya tayyorgarlik markazlari faoliyatini tashkil qilish to‘g‘risidagi hukumat qarori qabul qilinsin;
uch oy muddatda olimpiya zaxiralari maktab-internatlari qabul kvotalarini sport turlari bo‘yicha eng kam miqdorini hisobga olgan holda kerakli bo‘lgan samarali ta’lim tizimi tashkil etilsin;
uch oy muddatda trenerlik faoliyati bilan shug‘ullanish bo‘yicha attestatsiyadan o‘tish va ruxsatnoma olish tartibini soddalashtirishga yo‘naltirilgan hukumat qarori qabul qilinsin.
12. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hamda boshqa tashkilotlar sport infratuzilmasini tashkil etish va tizimli tarzda ishchilarni jismoniy tarbiya va sportga jalb qilish amaliyotini joriy etish choralarini ko‘rsin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiyasi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi ikki oy muddatda Mudofaa vazirligining sport klubi, “Dinamo” jismoniy tarbiya va sport jamiyatlari faoliyatini takomillashtirish va kasaba uyushmalari federatsiyasi jismoniy tarbiya va sport jamiyatini tiklash, shuningdek, idoraviy sport bazalarini modernizatsiya qilish, ular qoshida yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga jalb etish uchun barchaning shug‘ullanishiga imkoni bo‘lgan seksiya va to‘garaklar tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilasin.
14. Vazirlik hamda Adliya vazirligi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
15. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 15-fevraldagi “Madaniyat va sport sohasida boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-4956-son Farmoni birinchi bandi uchinchi xatboshisi va uchinchi bandi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
16. Mazkur Farmon ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Q.V.Akmalov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.S.Qosimov va O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori O.B.Murodov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2018-yil 5-mart