bugungi globallashuv sharoitida O‘zbekistonning buyuk kelajagini bunyod etish asosan yosh avlod zimmasida ekan, ularni bilimli, madaniyatli, mehnatsevar, tashabbuskor, izlanuvchan etib shakllantirish hayot tajribasiga ega, qiyinchiliklarda toblangan yoshi ulug‘ faxriylarimiz shu bilan birga tarbiyachilar, muallimlar, olimlar va umuman barchamizning asosiy vazifamizdir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatnomasida dunyodagi hozirgi murakkab sharoitda ochiq va pragmatik, o‘zaro ishonch va hurmatga asoslangan tashqi siyosatni izchil davom ettiramiz. Bundan keyin ham asosiy e’tiborimizni Markaziy Osiyodagi barcha qo‘shni mamlakatlar va dunyodagi strategik sheriklarimiz bo‘lgan davlatlar, xalqaro tashkilotlar bilan ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kuchaytirishga qaratamiz. Butun dunyoda kuchayib borayotgan radikalizm, ekstremizm, terrorizm, odam savdosi, giyohvandlik kabi xatarlar, afsuski, bizni ham chetlab o‘tmayapti. Lekin takror aytaman, musulmon ummatiga saboq bergan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi buyuk ulamolar yetishib chiqqan bizning diyorimizda bu borada adashganlar, radikalizm va ekstremizm g‘oyalariga berilganlar bo‘lishi mumkinmi? Biz jamiyatimizda har qanday radikallashuvga, yoshlarimiz ongini buzg‘unchi yot g‘oyalar bilan zaharlashga, dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishga, ma’rifat o‘rnini jaholat egallashiga yo‘l qo‘ymaymiz deya ta’kidladilar.
So‘ngi yillarda yoshlar ongi va milliy tafakkurini shakllantirish, ma’naviyat va ma’rifatini yuksak darajaga ko‘tarishga alohida e’tibor berilmoqda. Zero, bu muhim vazifani hal qilishda ma’naviy-axloqiy tarbiyaning o‘rni beqiyos. Inson ma’naviyati va ma’rifati, aql-zakovati, yuksak axloq-odobi, serqirra iqtidori, salohiyati, diyonati, jasorati kabilarning barcha-barchasi ta’lim-tarbiyaning mahsulidir. bugungi zamonaviy axborot texnologiyalari rivojlangan asrda kimlardir bu texnologiyalardan bunyodkorlik, ilm-fan, taraqqiyot yo‘lida foydalanayotganlar bo‘lsalar, ayrimlar esa ijtimoiy tarmoqlar orqali qator ongi o‘ziga xos shakllangan, o‘zining mustaqil fikriga, nuqtai-nazariga ega bo‘lmagan yoshlarni to‘rga tushirish va o‘zining salbiy niyatlarini, g‘arazli maqsadlarini amalga oshirish yo‘lida foydalanmoqda.
Hozirgi tahlikali zamonda globallashuv jarayonlari asosida bir qator mamlakatlarda kuzatilayotgan turli salbiy jihatlar, to‘polonlar, turli tartibsizliklarning mohiyatiga, asl negiziga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, aynan shu mamlakatlarda o‘sib kelayotgan yoshlarga, ularning jamiyatdagi qiziqishlariga, huquqlariga, manfaatlariga e’tiborsizlik, ularda olib borilayotgan yoshlarga oid siyosatning hozirgi zamonning yangi tahdidlariga javob bera olmasligi oqibatida vujudga kelayotganligi ko‘zga tashlanadi. Qator jamiyatlar, hattoki rivojlangan jamiyatlarda ham muammo bo‘lib kelayotgan yoshlar tarbiyasi, ularni milliy xususiyatlarni hurmat qilishga undash, ish bilan band qilish, yoshlar o‘rtasida sog‘¬lom turmush tarzini targ‘ib qilish va o‘rgatish o‘ziga xos tarzda amalga oshirib kelinayotganligi, qaysi birlarida esa umuman uddasidan chiqilmayotganligi achinarli hol ekanligini alohida ta’kidlash joiz.
Globallashuv davrida jismoniy tarbiya va sportning tarbiyaviy vazifasini anglash va uning ahamiyatini jamiyatdagi shaxsni o‘z mulohaza va xulosalariga nisbatan mas’uliyat hissini sezishga yo‘naltirishni doimiy tahlil qilish, kerakli ko‘rsatmalarni berib borish ijobiy natija berishi tabiiy. Aksincha esa, fikriy turg‘unlik va dogmatizm, ko‘r-ko‘rona itoat taqlid, fikriy boqimandalik, aqliy tanballikka olib keladi. Bejizga o‘z davrida Farobiy, ibn Sino, Beruniy kabi allomalarimiz jismoniy tarbiya va sportning insonda barkamollik fazilatlarini tarbiyalashdagi o‘rnini alohida ko‘rsatib o‘tmaganlar. Keyingi yillarda olimlarimiz tomonidan globallashuv davrida sportning ommaviyligini har tomonlama oshirish va uning barkamol avlodni tarbiyalash vositalaridan biri ekanligi turli adabiyotlarda keng tahlil qilinmoqda. Jumladan, tadqiqotchilar A. Abdullayev va Sh.Xonkeldiyevlarning fikrlaricha, globallashuv davrida jismoniy tarbiya va sportning shaxs fazilatlariga ta’siri haqida so‘z ketganda “Sportchi” so‘zi talaffuz etilganda ko‘z o‘ngimizda nafaqat kuchli, chidamli va chaqqon hamda qaddi qomati kelishgan yigit yoki qiz obrazi gavdalanibgina qolmay, irodali, xaq so‘zli, hayotga doimo yaxshi umid bilan qaraydigan, optimist, har qanday qiyinchiliklarni oson yenguvchi, kamtarin va o‘z yutuqlariga xotirjam insonni tushunamiz.
Globallashuv davrida yoshlarni zamon bilan hamnafas qilib tarbiyalashda katta ahamiyatga molik sohalardan biri bo‘lgan jismoniy tarbiya va sport yosh yigit-qizlarning ijtimoiy faolligini, mamlakat hayotining barcha sohalarida to‘laqonli ishtirokini ta’minlashi bilan birgalikda:
Birinchidan: yoshlar ijtimoiy mavqeining bugungi holatini;
Ikkinchidan: yoshlarning jamiyatimiz huquqiy a’zosi sifatidagi qobiliyat va imkoniyatlarini to‘liq ro‘yobga chiqarishga to‘sqinlik qilayotgan omillarni aniqlashni;
Uchinchidan: Yoshlar tarbiyasidagi salbiy jihatlarni bartaraf etish chora-tadbirlarini belgilash imkonini yaratadi.
Jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanish nafaqat insonning tana tuzilishini o‘zgartiradi, balki, uning axloqiy fazilatlarini ham boyitadi. Sportchi uni qo‘rquv emas, balki axloqiy me’yorlar boshqarayotganligini tushungan paytdan boshlab murabbiylariga, do‘stlariga, sportchilarga, atrofdagi barcha-barchaga qo‘rqqani uchun emas, balki vijdoni buyurgani uchun xushmomilada bo‘ladi.
Mamlakatning kelajagi fuqarolarning boy ma’naviyati, madaniyati va sog‘lom bunyodkorligiga tayanadi. Zero, eski ta’lim-tarbiya asosida yangi jamiyatni qurib bo‘lmaydi. Shu munosabat bilan globallashuv davrida jismoniy tarbiya va sportning tarbiyaviy vazifasini anglash va uning ahamiyatini, ta’lim mazmunini tashkil etishda quyidagi:
Birinchidan: globallashuv davrida jismoniy tarbiya va sportning tarbiyaviy vazifasini amalga oshirish orqali mustaqilligimizni his eta oladigan, o‘zligini anglab yetadigan sog‘lom vatanparvar yoshlarni tarbiyalash;
Ikkinchidan: xalqaro miqyosdagi masalalarni to‘g‘ri tushungan holda jamiyat, davlat va oila oldidagi mas’uliyatini anglaydigan yetuk shaxsni shakllantirish;
Uchunchidan: yoshlar tarbiyasining bosh maqsad sifatida axloqiy pok, jismoniy barkamol, vatan tuyg‘usini yuksak anglaydigan fidoyi insonni, izlanuvchan, tashabbuskor sog‘lom avlodni tarbiyalashga etiborni qaratish;
To‘rtinchidan: globallashuv davrida sport va jismoniy tarbiyaning ijobiy ta’siri orqali yangi jamiyatni qurish, unda yashash, ishlashni biladigan yoshlar ongini shakllantirishga erishish;
Beshinchidan: jismoniy tarbiya orqali iroda, dadillik, matonat, intizom, jamoatchilik, do‘stlik va o‘rtoqlik tuyg‘ulari, madaniy xulq-atvor ko‘nikmalari, mehnatga va ijtimoiy mulkka munosabat tuyg‘ularini shakllantirish kabi maqsadlarni ko‘zda tutishi kerak bo‘ladi.
Xulosa o‘rnida ta’kidlashimiz lozimki, bugungi shiddat bilan rivojlanib borayotgan asrimizda yangi O‘zbekistonni barpo etishimiz, mamlakatimiz rivojlanishi barqarorligini ta’minlashimiz, o‘z oldimizga qo‘ygan ulkan maqsadlarimizga erishishimiz uchun globallashuvning har qanday salbiy jihatlariga qarshi immunitet vazifasini bajaruvchi jismoniy tarbiya va sportning tarbiyaviy ahamiyatini yoshlarimiz ongiga singdirishimiz davr talabidir.
Nurali Nazarov,
O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya
universiteti ta’lim sifatini
nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i
O‘zA