Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida jismoniy tarbiya fani o‘qitilishini tubdan takomillashtirish hamda ushbu fan o‘qituvchilarining kasbiy faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida maktablarda Olimpiya o‘yinlari dasturidan joy olgan sport turlarini rivojlantirish, sport klublari faoliyatini yo‘lga qo‘yish orqali mahoratli sportchilarni tayyorlash nazarda tutilgan.
Shuningdek, sport musobaqalarida eng yaxshi natijaga erishgan maktablarning jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari tegishli darajada mukofotlanishi belgilangan bo‘lib, bu o‘z navbatida, sog‘lom turmush tarziga ishtiyoqmand yoshlar safini kengaytirishga, malakali sport murabbiylari safi yanada ortishiga xizmat qilishi bilan e’tiborlidir.

Poytaxtimizning Mirobod tumani 110-sonli umumta’lim maktabida Sport vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamkorligida Mirobod, Mirzo Ulug‘bek va Yunusobod tumanlaridagi umumta’lim, sport va ixtisoslashtirilgan sport maktablari faollari bilan o‘tkazilgan seminarda shu haqda so‘z bordi.
Seminarda qatnashgan sport vaziri Adham Ikramov mamlakatimizda umumiy o‘rta ta’lim maktablarida jismoniy tarbiya fanining o‘qitilishini tubdan takomillashtirish, jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilarining kasbiy mahoratini oshirish zarurligini ta’kidladi.
Tadbir ishtirokchilariga mazkur qarorning ahamiyati, sport klublarini tashkil etish tartibi, yuqori natijaga erishgan o‘qituvchilar va o‘quvchilarni rag‘batlantirish tartibi, “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlarini o‘tkazish shart-sharoitlari kabi masalalar to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.
Sport mutasaddilari, jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari bilan suhbat qurilib, ularni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA